Breaking News

Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda


Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda
Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda

Indiana shtatining Geri shahriga 1906-yilda AQSh Po’lat korporatsiyasining rahbari Elbert Geri asos solgan. Kompaniya Michigan ko’li bo’yida yirik zavodga ega.

So’nggi yillarda iqtisodiy beqarorlik sabab ko’plab odamlar ish yo’qotganiga qaramay zavodda ish to’xtamayapti.

Shahar aholisi Gerining bir paytlar gullagan davrini qo’msaydi. Ammo ayrim yangi taraqqiyot tashabbuslari odamlarga umid bag’ishlamoqda.

Bir paytlar mamlakatga dong’i ketgan shahar bugun og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Bu yerda deyarli har bir odam bevosita yoki bilvosita po’lat sanoatidan non topib, kun kechirar edi.

Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda
Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda

Po’lat ishlab chiqarish hajmi har qachongidan oshgan bo’lsada, ishchilar soni oldingiday ko’p emas.

“Texnologiya rivojlanib, oz odam bilan ham ko’p po’lat tayyorlasa bo’ladigan zamon keldi”, - deydi AQSh Po’lat korporatsiyasi vakili Jill Richi.

Geri shahridagi zavodda hozir 6000 odam ishlaydi. 1960-yillarda ular soni 35 ming atrofida edi.

“U paytlar ko’p ish qo’lda qilinardi. Yuk aravada tashilardi. Zavodda temirchilik bilan shug’ullanuvchi sex bo’lardi. O’shandan beri ancha narsa o’zgardi”, deydi Richi.

Po’lat sanoati zamonaviylashib, ixchamlashgan sari Gerini odamlar ham tark eta boshladi. 1970-yilda aholi 175 mingdan sal ko’proq edi.

2010-yilgi raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, so’nggi 10 yilda 20 foizga kamaygan. Hozir rasman 80 ming odam bor xolos.

Ammo shahar meri Rudi Kley bu raqamga ishonmaydi.

“Aholini ro’yxatga olish paytida anchagina odam qog’ozni to’ldirmagan. Shahar ahli undan ko’proq deb o’ylayman”, - deydi mer.

Davlatdan qo’shimcha mablag’ olish uchun shahar ma’muriyati aholi sonini qayta ko’rib chiqishni so’ragan. Biroq 2000-yilda ham shunday bo’lganida rad javobi olingan edi.

Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda
Amerikaning po’lat sanoati bilan tanilgan shahri krizisda

Gerida aholining chorak qismidan oshig’i qashshoqlikda yashaydi - mamlakatdagi o’rta ko’rsatkichdan ikki baravar ko’p. Ko’pchilik farovonlik qachon qaytadi, deya hayron.

“Boshqa ish bo’lmagandan keyin qiyin ekan. Po’lat sanoatining ketidan kun kechirar edik”, - deydi Demokratlar partiyasidan merlikka nomzod Karen Frimen-Vilson.

Respublikachilardan kuchli raqib bo’lmagani bois Vilson noyabrdagi saylovlarda g’alaba qilib, Gerrida ilk ayol mer bo’lish ehtimoli bor. Ish joylarini ko’paytirishga va’da bergan.

“Shtatlararo to’rtta magistral o’rtasida joylashganmiz. Geridan xalqaro yo’nalishlarda yuruvchi poyezdlar o’tadi. Yirik ko’limiz, aeroport bor. Barchasidan unumli foydalansak, Gerini qo’shni Chikago kabi yirik transport markaziga aylantirsa bo’ladi. Ayniqsa Chikago tizimidagi tig’izlikni hisobga oladigan bo’lsak”, - deydi merlikka nomzod.

Maykl Jeksonning bolalik yillari mana shu hovlida o'tgan
Maykl Jeksonning bolalik yillari mana shu hovlida o'tgan

Chikagodan Gerigacha mashinada bir soatlik yo’l. May oyida Indianada qiymati 153 million dollarga teng Geri-Chikago xalqaro aeroportining qurilishi boshlandi.

Ishga tushsa, Chikago aeroportlaridagi tig’izlikka barham berilib, yuk va yo’lovchi samolyotlari bu aeroportdan foydalanishi mumkin bo’ladi.

Kelajakda shaharda Maykl Jekson muzeyini qurish ham rejada. Axir pop musiqasi qiroli shu yerda tug’ilgan. Shunda shaharda turizm ham rivojlanib, loyihaga sarflanadigan 300 million dollarni osonlikcha chiqarsa bo’ladi.

Ammo reja hozircha qog’ozdan nariga o’tmayapti. Shahar ma’murlari, hatto, uni amalga oshirish mumkinligiga shubha qilmoqda.

XS
SM
MD
LG