Breaking News

Amerikada ishsizlar prezidentdan umidvor


Mehnat yarmarkasida ish topish ilinjida turgan odamlar, Kaliforniya
Mehnat yarmarkasida ish topish ilinjida turgan odamlar, Kaliforniya

Prezident Obama Kongressdan ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan yangi rejasini tasdiqlashni so'rab, hujjatni qonunchilarga taqdim etgan. Obama loyihaga 447 milliard dollar kera, deydi, akso holda Amerika ikkinchi tanazzul bilan yuzlashishi mumkin. Prezident qonun loyihasini zudlik bilan qabul qilishni sor'amoqda.

Prezident o'zining yangi dasturini qonunchilarga payshanba kungi nutqida tushuntirib bergan. Unga ko'ra, o'rta-sinf ishchilar va mayda bizneslar uchun soliqlar kamaytirilib, yangi ishchilarni yollagan qurilish loyihalariga pul ajratiladi. Asosan avtomobil va temir yo'llari, aeroportlar, ko'priklar, salkam 35 ming maktabni ta'mirlash va zamonaviylashtirish nazarda tutilmoqda. O'qituvchilar, politsiyachilar va urush faxriylariga moliyaviy ko'mak ko'rsatiladi.

Prezident Obama, shuningdek, kelasi hafta byudjet kamomadini tushirishga qaratilgan rejasini ham e'lon qilishini aytmoqda. Davlat rahbari tashabbuslarining tanqidchilari nazarida mazkur rejalar davlat qarzining yanada ko'tarilishga olib keladi.

Amerikada ishsizlik, ayniqsa, ozchilikdagi etnik guruhlar orasida yuqori. Tanazzul qora tanlilarni ancha qiynab qo'ydi. Uch millionga yaqin afro-amerikalik ish topa olmay xunob. Bu so'nggi 27 yildagi eng yuqori ko'rsatkich.

Mehnat yarmarkalarida ish qidirib yurgan odamlarning uzundan-uzun navbatda turishidan ahvolning qandayligini bilish qiyin emas. Suhbatga navbatda turganlar ichida asosan qora tanlilar. Deyvid Beyker Los-Anjelesda bank sohasida ish qidiryapti.

"So'nggi bir yilda 300 ga yaqin joyga ariza to'ldirdim", - deydi u.

AQSh Mehnat vazirligining bildirishicha, mamlakatda ishsizlik 9,1 foiz atrofida, ammo qora tanlilar orasida 16,7 foizni tashkil etadi. 1984-yildan beri eng yomon ko'rsatkich.

Vashingtondagi Iqtisodiy siyosat institutida mutaxassis Xaydi Shirxolsning aytishicha, mehnat bozori juda sust hozir. Ish yo'q. Qora tanlilar va ozchilikdagi boshqa guruhlar jabr ko'ryapti, deydi u.

Ish bor sektorlarda ham, masalan, sog'liqni saqlash sohasida, raqobat juda kuchli. Davlat rahbariga ko'ra, ishsizlikning yuqoriligi sabab iqtisodiyot turib qolgan.

"Iqtisodiyotni jadallashtirish kerak. Ish o'rinlarini tezroq yaratish kerak. Vaqt g'animat", - deydi u.

Obama qonunchilardan ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan choralarini qo'llab-quvvatlashni so'ramoqda. Tahlilchilar nazarida prezident siyosiy bosim bilan ham yuzlashmoqda.

Amerika shahar ligasi prezidenti Mark Morialning aytishicha, prezident dadil va qat'iy taklif bilan chiqsa, konservativ respublikachilar unga qarshi chiqishi turgan gap.

"Biroq qishloq joylarida yashayotgan, iqtisodiy ahvoli og'ir odamlar Obama rejasini umid bilan kutib olib, olqishlashi mumkin", - deydi Morail.

Oq uy taklif etayotgan choralardan biri uzoq vaqtdan beri ishsiz yurgan amerikaliklarga malaka oshirishda yordam berishdan iborat. Jaklin Uillis olti oydan beri ishsiz. Hozir bir kompaniya qoshida sakkiz oylik malaka oshirish dasturida qatnashyapti.

"Muhimi, o'qishim uchun pul kompaniya hisobidan ketmaydi. Amaliyot davomida men firmaga, firma esa menga yoqish-yoqmasligimizni bilib olamiz. Hech kim yutqazmaydi", - deydi Uillis.

Davlat moliyalashtirayotgan bu tashabbus ayrim shtatlarda mevasini bermoqda. Masalan, Jorjiyada bir kompaniyada malaka oshirish dasturida qatnashganlarning deyarli choragi ishga yollandi. 60 foizi esa boshqa joyda ish topishga muvaffaq bo'ldi.

Iqtisodchi Xaydi Shirxols deydiki, davlat idoralariga yollash dasturini afro-amerikalik va ozchilikdagi boshqa jamoalar orasida ham targ'ib qilish kerak.

"Bunday dasturning ahamiyati shundaki, mahalliy rahbarlar pulni qanday maqsadlarda sarflashni o'zi belgilaydi. Pulning bir qismi maoshga sarflanishi kerak. Bu bilan ko'p odamlarni ish bilan ta'minlasa bo'ladi", - deydi mutaxassis.

Iqtisodchilar nazarida ishsizlik darajasi qora tanli amerikaliklar orasida hali anchagacha yuqori bo'ladi. Millionlab odamlar ish topgunga qadar esa barchaning umidi hukumatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG