Amerika azaldan orzular ushaladigan diyor, imkoniyatlar o’lkasi deyiladi. Ammo 300 milliondan oshiq aholiga ega bu mamlakatda 46 million fuqaro qashshoqlikda kun kechiradi.
Nogironlik nafaqasi bilan zo’rg’a kun ko’radigan Jina Zbikovski bir vaqtlar boshqacha hayotni orzu qilgan.
”Amerikada nimaiki orzu qilsang, unga yetasan deyishadi. Men o’z uyim, ishim, avtomashinam bo’lsa deb orzu qilardim. Hayotdan bahramand bo’lishni xohlardim. Endi esa buni hatto orzu ham qila olmayman”,- deydi u.
Jinaning umr yo’ldoshi Jon Olerik epilepsiya, tutqanoq kasaliga chalingan. Bundaylar uchun tibbiy sug’urta zarur, lekin juda qimmat.
“Dorilarni aytmaysizmi, narxi osmonda. Men ularni har oy katta miqdorda olishim kerak. Pulim qolmaganida, buvimdan so’rayman. Shunday qilib, dori-darmon bo’ladimi, shifokor ko’rigimi, hammasiga o’zim to‘lashim kerak. Aks holda o’lishimga to’gri keladi",- deydi Jon.
Amerikada to’rt a’zoli oilaning yillik daromadi 22 ming dollardan past bo’lsa, ular qashshoq hisoblanadi. Hozirda har olti amerikalikdan biri shunday.
Ammo ularga yordam beradigan muassasalar ham bor. Kim Perez Illinois shtatida mana shunday nodavlat tashkilotlardan birini boshqaradi.
“Oliy ma’lumotli, kasb-hunarli odamlar ham kambag’allar safiga qo’shilmoqda, chunki ularning daromadi past. Ba’zilari ishsizlarga beriladigan ijtimoiy himoyadan mahrum. Federal, shtat yoki mahalliy hokimiyat ularga ko’p yordam bermaydi”,- deydi Perez.
Nodavlat tashkilotlarning ham mablag’i cheklangan. Ular saxiy insonlardan, xayriyadan tushgan pulga tayanadi.
Liza Meys-Lillig - Chikagodagi yana bir notijoriy muassasa boshlig’i.
”Kelayotgan mablag’ ilgariga qaraganda ancha kamaygan. Moliyaviy yetishmovchilik davrida esa bizga talab oshadi”, - deydi u.
Kambag’allarni tekintomoqlikda ayblab bo’lmaydi. Jina Zbikovski imkoni bo’lganida jon deb ishlar edi. “Yo’rdam so’rab o’tirmasdim”, - deydi u.
Ammo hozirda Qo’shma Shtatlarda ishsizlik darajasi misli ko’rilmagan darajada - 9,1 foiz.
“Bu kunlar ham o’tar ketar deb umid qilaman. Lekin hozircha qiyinchilikning keti ko’rinmayapti”, - deydi Jina.