AQShning Nyu-York va boshqa shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Los-Anjelesda esa odamlar jamiyatda boy va kambag'allar o'rtasidagi farqning tobora kattalashayotganidan norozi.
Kaliforniya shtatida namoyishchilar, ayniqsa, Oklend shahrida faol. Bir necha kun burun uch mingga yaqini shahardagi ayrim inshootlarning yopilishiga sabab bo'lgach, politsiya ko'zni yoshlantiruvchi gazni ishga soldi.
Los-Anjeles hokimiyati yonida esa yuzlab odamlar chodir o'rnatib, aholining bir qismini tashkil etuvchi badavlat amerikaliklar mamlakat boyliklarini o'zlashtirgan, deya shikoyat qilmoqda. Namoyishchilar orasida yuristlarni ham uchratish mumkin.
Ulardan biri Jerri Menperlning aytishicha, boy va kambag'al topayotgan daromad o'rtasidagi farq o'ta katta.
"O'rta sinf yo'qolsa, mamlakat ishchilardan ayriladi, shundan so'ng yurtning ham kuni bitadi", - deydi u.
Uning rafiqasi ham yurist. Jen Gudmanning aytishicha, boylar iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo'shmayapti, ko'p pul sarflamayapti.
"Qayiq, yaxta, uylarning hammasini sotib olib bo'lishdi. Endi pulni jamg'arishyapti", - deydi Gudmen.
Los-Anjelesdagi diniy yetakchilar banklar kredit bermayotganidan shikoyat qilmoqda. Turli din vakillari "Bank of America" ning mintaqaviy qarorgohi yonida to'planib, namoyish qildi. Bankni oylik to'lovlari bilan kechikkan ko'plab oilalarga tegishli uylarini olib qo'yganlikda, biroq shahar taraqqiyotiga deyarli hissa qo'shmaganlikda aybladi.
Amerika bo'ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda:
Musulmon jamoa sardori Shokil Saidning aytishicha, boylarning mamlakat yuzlashayotgan iqtisodiy muammolar bilan ishi yo'q.
"Los-Anjelesdagi ayrim mahallalarga borsak, ikki uydan birini bank tortib olgan. Amallab turgan oilalarning maoshi esa kundalik ehtiyojlarga bazo'r yetadi. Shaharning boshqa chetiga o'tsangiz, ko'chalarda Ferrari, Korvett, Lamborgini kabi qimmat mashinalarni ko'rasiz", - deydi Shakil Said.
Namoyishchilar Los-Anjeles shahar ma'muriyatidan sarmoyalarini yirik banklardan chiqarib olishni so'ramoqda. Ayrim diniy tashkilotlar shunday qilgan. Boshqalari esa o'xshash rejasi haqida "Bank of America" ni ogoh qilgan.
Bank norozilik namoyishlariga javob tariqasida bankomatdan foydalanishga to'lov solish rejasini bekor qilganini, uy egalariga yengillik yaratayotganini, mayda bizneslarga milliardlab dollar kredit berib, kam daromadli oilalar yashovchi mahallalarni obodonlashtirishda ishtirok etayotganini aytadi.
Katolik ruhoniy Jorj Vanser bu yetarli emas, deydi. U San-Xose shahridagi immigrantlar qatnaydigan cherkovda ishlaydi. Uning aytishicha, ko'p oilalar qiynalmoqda, atrofda esa millionerlar yashaydi.
"Mening mahallamda ayrim oilalarda uy uchun olingan kreditni bankka to'lash uchun to'rt, besh, ba'zida olti kishining maoshini jamlashga to'g'ri keladi. Ular yaxshi odamlar, ko'p mehnat qilishadi, mas'uliyatli muhojirlar", - deydi ruhoniy.
Namoyishchilarning aytishicha, boy va kambag'allar daromadi o'rtasidagi tafovut kuchayar ekan, norozilar safi ham kengayaveradi.