Breaking News

AQShda kuchuk-mushuk boqish katta biznes


AQShda kuchuk-mushuk boqish katta biznes
AQShda kuchuk-mushuk boqish katta biznes

Ma’lumotlarga ko’ra, Amerikada har ikki xonadondan birida hayvon, asosan mushuk yoki it boqiladi. Iqtisodiy inqirozga qaramay, amerkaliklar bu jonivorlarga katta pul sarflashga tayyor. Bu esa yangi turdagi bizneslar uchun zamin yaratmoqda.

Virjiniya shtatidagi Aleksandriya shahridamiz. Kuchuklar uchun maxsus mehmonxona bor bu yerda. Dizayner Gay Lin Furni doimiy mijoz ekanini aytadi:

“Axir u mening jajji qizcham-ku! Ishdaligimda kuchugim zerikmasligini xohlayman, shuning uchun bu yerga olib kelaman. Uyda bir o’zini qoldirgim kelmaydi-da”.

2011-yilda amerikaliklar kuchuk-mushuklari uchun 50 milliard dollar sarflagan. 2007-yilgi raqamdan 23 foiz ko’proq. Chas Richardson “biznesim 25 foiz sof foyda keltiradi”, deydi:

“Uy hayvonlarini boqish bugun – yirik sanoat. Masalan, mening biznesimning kelajagi porloq, bunga shubha yo’q”.

Hayvonlar va ular oziqasini o’rganadigan institut rahbari Dueyn Ekadal deydiki, odamlar hayvonlarga o’z oila a’zosidek qaraydi:

“Odamlar bu hayvonlardan mehr oladi va uni qaytargisi keladi. Kuchuk-mushugi yaxshi ovqat yesin deydi”.

Aksariyat amerikaliklar sifatli oziq-ovqat va so’glom hayot tarzini afzal ko’rar ekan, hayvonlari uchun ham aynan shularni ko’zlaydi, deydi mutaxassis.

Darhaqiqat, Virjiniya shtatidagi mana bu do’konda har kuni itlar uchun ovqat pishiriladi. Do’kon menejeri Kamola Muhammad biznesdan mamnun:

Virjiniyadagi bu do'konda kuchuklar uchun har kuni ovqat pishiriladi
Virjiniyadagi bu do'konda kuchuklar uchun har kuni ovqat pishiriladi

“Ovqatni yuqori sifatli mahsulotlardan tayyorlaymiz. Tuz yoki shakar solmaymiz. Bilasizmi, ba’zi odamlar biz pishirgan ovqatni o’zi uchun sotib oladi, chunki tarkibidagi mahsulotlar inson organizmiga ham to’g’ri keladi”.

Uchta kuchuk egasi Judi Smit ham do’kon mijozi. U, shuningdek, kuchuklar uchun sayohat agentligi rahbari ham. Bu soha ham kengaymoqda.

“Qaysi shaharga uy hayvoni bilan borish yaxshiligini mendan so’rang! Joyni tanlasangiz, mehmonxona topib, dam olishni rejalashtiramiz, hayvonlar kirishi mumkin bo’lgan restoranlarni ham topamiz”.

Ayrim hayvonlar go’zallik saloniga ham boradi. Masalan, mana bunisi - Virjiniya shtati, Feyrfaks tumanida.

Shennon Parker kuchugi “mevali maskani” yaxshi ko’rishini aytadi. Narxi ko’rsatilayotgan xizmatga loyiq, deydi u.

“Kuchugimni uyda o’zim cho’miltirsam, hamma yoq ho’l bo’lib ketadi. Shuning uchun bu yerga olib kela qolaman”.

Salon egasi Viki Pitman biznes yomon emas deydi.

“Biznes yaxshi bo’lishini avvaldan bilardim, chunki men o’zim ilgari itlarimni cho’miltirish uchun shunday joy qidirganman, demak boshqalar ham bu turdagi xizmatga muhtoj”.

Itlar Amerika jamiyatida alohida o’ringa ega, deydi u.

“Itlar odamlarning joni-dili. Bu boshqacha bir muhabbat”.

Kuchuk – insonning sodiq do’sti, deydi Vikki Pitman, u sizga rohat bag’ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG