Breaking News

Tabiatparvar insonlar - "Goldman" mukofoti sovrindorlari


“Ona shahrimda aksariyat aholi kasal. Ko’p hollarda rak-saratonga uchragan. Yosh bolalar orasida nafas yo’llarining kasallanish darajasi yuqori”,- deydi Xilton Kelly, "Goldman" mukofoti sovrindorlaridan biri.
“Ona shahrimda aksariyat aholi kasal. Ko’p hollarda rak-saratonga uchragan. Yosh bolalar orasida nafas yo’llarining kasallanish darajasi yuqori”,- deydi Xilton Kelly, "Goldman" mukofoti sovrindorlaridan biri.

AQShda “Goldman” sovrini tabiat muhofazasi uchun ter to’kkan va ulkan yutuqlarga erishgan insonlarga beriladi. Bu sovrin San Fransiskoda yashab o’tgan filantrop Richard Goldman oilasi tomonidan ta’sis etilgan.

Bu yilgi sovrindorlar Afrikaning Svaziland davlatidan, Osiyoning Kambodja, Yevropaning Polsha, Karib dengizidagi Kuba va Kosta Rika va shuningdek, AQShdan. “Amerika Ovozi” ulardan biri bilan muloqotda bo’ldi.

Xilton Kelli Texasning xarob bir mahallasida, kambag’al oilada katta bo’lgan.

Kelli o’smirlik paytida oilasi Kaliforniyaga ko’chib ketadi. 2000 yilda do’stlarini ko’rgani ona shahriga qaytib kelgach u yerdagi ahvolni ko’rib dahshatga tushadi.

“Atrofda shuncha boylik bo’la turib, zo’rg’a kun ko’rayotgan hamshaharlarimga qarab yuragim ezildi. Ustiga ustak, zavodlardan chiqayotgan zaharli gazdan nafas olishadi”,- deydi u.

Kelli Kaliforniyadagi aktyorlik ishini tashlab, bolaligi o’tgan shaharga qaytib keldi. Neftni qayta ishlab chiqarish zavodlari atrofida yashaydigan odamlarga yordam qo’lini cho’zib, ularga ko’maklasha boshladi.

“Aksariyat aholi kasal. Ko’p hollarda rak-saratonga uchragan. Yosh bolalar orasida nafas yo’llarining kasallanish darajasi yuqori”,- deydi faol.

Kelli sanoat chiqindilari nazoratiga doir tartib-qoidalar bilan tanishgach, tashkilot tuzib Port Arturni tozalashga kirishdi.

“Shahrimga qaytib kelganimda shuni bildimki, bu muammo bilan hech kim shug’illanayotgani yoq ekan. Shunda harakat qilishga tushdim. Ma’lumot yig’ib jamoatchilik e’tiborini tortdim. Qora oltin ketidan mo’may daromad olib tabiatimizni bulg’ayotgan shaxs va bizneslarga qarshi kurash boshladim”,- deydi u.

Kelliga yordamchilar ham tezda topildi.

“Men odamlarga ma’lumot uzata boshladim. Ular toza havodan nafas olmayotgani, doimiy tarzda zaharlanayotgani haqida ularga uqtira boshladim”,- deydi faol.

2006 yilda “Shell” neftni qayta ishlash kompaniyasi Port Artur shahridagi “Motiva Enterprises” nomli zavodini kengaytirish rejalarini e’lon qildi.

Kelli zavod rahbariyatini shahar ifloslanishining oldini olish va iqtisodiyotni qayta jonlantirish uchun 3,5 million dollar ajratishga ko’ndirdi. Shuningdek, yana bir neft shirkatini o’z zaharli chiqindilarini Meksikadan Port Arturga olib kelish niyatidan qaytardi.

“Biz zaharli chiqindilarni yoqib havoning bulg’anishiga yo’l qo’ymadik. Tish tirnog’imiz bilan qarshi chiqdik”-, deydi Kelli.

Tabiatni asrash, ona shahrini qayta oyoqqa turg’azish yo’lida qilgan say- harakatlari uchun Xilton Kelli nufuzli “Goldman” sovrini bilan birga 150 ming dollar bilan mukofotlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG