AQShda har yili dunyo bo'ylab atrof-muhitni muhofaza qilish faollariga beriladigan Richard Goldmen nomidagi mukofotga bu yili Osiyo qit'asidan qozog'istonlik ayol - Qaysha Otaxonova sazovor bo'ldi. Uning boshchiligida Qozog'istondagi 60 ga yaqin nodavlat tashkilotlar bilan uyushtirilgan jamoatchilik kampaniyasi natijasida Qozog'iston hukumati mamlakatga yadro chiqindilarini import qilish niyatidan qaytdi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Sovet davrida Qozog'istonda o'tkazilib turilgan yadro sinovlari natijasida to'planib qolgan nurlanish hajmi Ikkinchi jahon urushi yakunida Xirosimaga tashlangan bombaning 20 mingtasining portlashi natijasida hosil bo'ladigan radiatsiya hajmiga tog'ri kelar ekan. Hozirda Qozog'istonning 500 ta nuqtasida 237 million tonna radioaktiv chiqindi bor. Bu mamlakat aholisiga, uning chorvachiligiga va o'simlik dunyosiga o'z zararini o'tkazmay qolmayapti. Mutaxassislarning aytishicha, har o'n qozog'istonlikning bittasi bevosita ana shu muammo ta'siriga uchragan.
47-yoshlik qarag'andalik Qaysha Otaxonova biolog bo'lib, yadro nurlanishining genetik ta'sirlari bilan shug'ullanadi. Uning Qarag'andadagi ekologik markazi mamlakat miqyosida atrof-muhitning yaxshilanishida va mamlakatni "yadro chiqindilar ombori" bo'lishidan saqlab qolishda ulkan hissa qo'shgan beqiyos xizmati xalqaro hamjamiyat tomonidan diqqatsiz qolmadi.
1989 yilda asos solingan Richard Goldmen nomidagi atrof-muhitni himoya qilish fondi Qaysha Otaxonovaning xizmatlarini 2004 yilda Osiyo bo'yicha tahsinga loyiq deb topib, uni maxsus sovrin va 125 ming AQSh dollari bilan taqdirladi.
Richard Goldmen 1996 yilda vafot etgan bo'lishiga qaramay, uning fondi dunyoning olti geografik bo'lagida o'z fidoiyliklari bilan ajralgan ekologiyaning eng faol himoyachilariga har yili tahsin o'qiydi.
Eslatib o'tish joizki, 2000 yilda Richard Goldmen sovrini Osiyo qit'asidan o'zbekistonlik Orol Otaniyozovaga berilgan edi. Nukuslik akusher va tibbiyot fanlari doktori Orol Otaniyozovaning "Perzent" reproduktiv salomatlik va ekologik tashkiloti ulkan ekologik zarar ko'rgan Orol bo'yi aholisi, va ayniqsa, ona va bolalarning salomatligini yaxshilashda katta yordam ko'rsatgan.