Alyaskadagi mahalliy qabila sardori Kerolin Kennon (Caroline Cannon) atrof-muhit muhofazachilariga beriladigan nufuzli mukofotga sazovor bo'ldi. Amerika sohillari bo'yida neft va Arktikadan gaz qazish rejasiga qarshi kurashi uchun taqdirlandi. "Goldmen" (Goldman) nomidagi mukofot dunyo bo'ylab bu yo'nalishda ish olib borayotgan olti faolga beriladi.
Aytish joiz, 2000-yili o'zbekistonlik Orol Otaniyozova ham bu sovringa sazovor bo'lgan edi. 2005-yilda esa qozog'istonlik faol munosib topilgan. Kerolin Kennon Shimoliy Amerika qit'asidan bu yilning yagona laureati.
Kerolin Kennon uchun qishlog'i va avloddan-avlodga o'tayotgan an'analarni saqlab qolish muqaddas burchdir. Dengiz arslonining terisi tortilgan qayiqlarda Grenland kitiga yilda bir marta uyushtiriladigan ov shular qatoriga kiradi.
Kennon Alyaska shimolidagi Poynt Xoup mintaqasidan. Ovchilik u yerda yashaydigan 700 ga yaqin Inyupiak qabilasi vakillari uchun turmush tarzining ajralmas qismidir.
"Asrlar oldin kit suyaklaridan qurilgan qabriston bor bizda. Ayniqsa muzdan qurilgan omborxona menga yoqadi. Yer ostida bo'lib, ungayam kit suyaklaridan ishlov berilgan, oziq-ovqat saqlash uchun", - deydi faol.
So'nggi yillarda Arktika suvlarida neft va gaz konlarini qazish ishlariga yo'l berish haqida gap ketmoqda. Kennon bunga qarshimasman, ammo neft va gaz kompaniyalari Arktikaga neft to'kilsa, uni to'xtata olmaydi, deydi. Ayniqsa dengizdagi suv yilning olti oyi muzlagani bois neft to'kilishda va ekosistema barbod qilishda davom etaveradi.
"Arktikani neftdan tozalash texnologiyasini o'ylab topishmagan hali. Bunday sharoitda neft kompaniyalari ishlamagan", - deydi Kennon.
Agar kompaniyalar neftni atrof-muhitga zarar qilmagan holda qaziy olishini isbotlasa, bu ishga qarshiligimiz yo'q, deydi faol. Kennon so'nggi paytda Arktikada neft konlarini o'zlashtirish loyihalariga qarshi bir necha sud ishlari bilan mashg'ul bo'ldi. Hatto Vashingtonda qonunchilarga chiqdi.
"Bu shunday go'zal joylarki, inson qo'li tegmagan manzillar. Shu sabab bo'lsa kerak, Alyaskani so'nggi chegara deb atashadi", - deydi u.
Poynt-Xoup aholisining bir qismi neft kompaniyalariga qarshi emas, ish o'rinlari yaratiladi. Hukumat hozircha "Shell" kompaniyasining mintaqada neft to'kilishi ehtimoliga qarshi kurash rejasini ma'qulladi, ya'ni yaqin orada qazish ishlari boshlanishi mumkin. Kennon bundan tashvishda.
"Uyqum qochishini aniq bilaman. Ammo qo'limdan kelgan barcha ishni qildim. Buyog'i nima bo'ladi, bilmayman. Tasavvur qilishni ham istamayman", - deydi faol.
"Goldmen" nomidagi mukofot sovrindorlarining har biri 150 ming dollardan oladi. Kennon pulni qishloq turmush tarzini muhofaza etish loyihalariga sarflayman, deydi.
Aytish joiz, 2000-yili o’zbekistonlik Orol Otaniyozova ham bu sovringa sazovor bo’lgan edi.