Breaking News

Markaziy Osiyo: Nemis diplomatiyasi va suv muammosi


Serqurosh Markaziy Osiyoning katta qismida suv taqchil
Serqurosh Markaziy Osiyoning katta qismida suv taqchil

Berlin yaqinda suv tanqisligi bo'yicha xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Markaziy Osiyo vakillari ob-hayotdan unumli foydalanish yo’lida hamkorlikni yo’lga qo’yamiz degan kelishuvga, “Berlin deklaratsiyasi”ga, qol qo’ydi. Germaniya nazarida bu hujjat - suv bo’yicha ziddiyatlarni yumshatuvchi siyosiy qadam. Lekin deklaratsiya bilan muammo hal bo’lmaydi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle “Berlin deklaratsiyasi”ni maqtab, hamkorlik zamon talabi ekanini eslatgan.

Berlindagi konferensiyada O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Vladimir Norov, shuningdek Tojikiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkmanistonning yuqori lavozimli diplomatlari va boshqa rasmiylar ishtirok etgan.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri ularga Yevropa tajribasi, xususan Ikkinchi jahon urushidan keyin uning davlati va Fransiya o’rtasida tabiiy zaxiralar bo’yicha shartnoma imzolangani va mintaqaviy hamkorlik rivojlangani haqida gapirib, “bu bizni faqat taraqqiyot tomon yetaklagan” deya qayd etgan.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle
Suv taqsimoti bo’yicha hamjihatlikdan Markaziy Osiyoning har bir fuqarosi manfaatdor, deydi Vestervelli.

Germaniya matbuotida Markaziy Osiyoni yoritib tanilgan nemis jurnalisti Markus Bensman tahlilicha, Berlin diplomatik tashabbus ko’rsatmoqda, lekin mintaqadagi asosiy ziddiyat, Rog’un GESi muammosi, chetlab o’tilmoqda.

Bu konferensiyaning eng katta kamchiligi, deydi u, Rog’un haqida og’iz ochilmagani.

“O’zbekiston va Tojikiston o’rtasida bu borada qarama-qarshilik juda kuchli. Tashkilotchilarning strategiyasi boshqa imkoniyatlarni ishga solish, masalan suvni tejash yoki daryo o’zanlarini boshqarish…”, - deydi Bensman.

Germaniya Rog’un masalasida o’z pozitsiyasini bildirmagan.

Jurnalist nazarida O’zbekiston va Tojikiston orasidagi muammo tomonlar muloqot qimayotganida.

“Shuning uchun ham nemislar olib borayotgan diplomatiya mintaqadagi kichik bir loyihalarda yordam berishi mumkin. Lekin asosiy ziddiyatni yechmasa kerak”, - deydi Bensman.

Berlin konferensiyasida Germaniya investorlari mintaqaga zamonaviy, ilg’or texnologiya olib kirishga qiziqish bildirgan.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Vestervelle fikricha quyosh va shamol energiyasini rivojlantirish - suv taqchilligidan qiynalayotgan mintaqa uchun yaxshi imkoniyat.

O'zbekiston Tojikistonning Rog'un GESi loyihasiga keskin qarshilik bildirib keladi
O'zbekiston Tojikistonning Rog'un GESi loyihasiga keskin qarshilik bildirib keladi
Bu sohada ancha katta tajribaga ega Germaniya texnologiyasi Markaziy Osiyoda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

“Albatta ilg’or texnologiyalar qo’llanishi bu yaxshi. Ammo O’zbekiston bu ilg’or texnologiyalardan bolalar mehnati bilan terilayotgan paxtani sug’orishda foydalanadimi? Buni ham o'ylab ko’rish kerak. Quyosh va shamoldan quvvat olish sohasini rivojlantirish kerak, albatta. Lekin, eng asosiysi, masalaga yondashuvni o’zgartira olishda”, - deydi jurnalist Markus Bensman.

Bir-biriga nisbatan blokada usullarini qo’llamay, davlatlar masalani ochiq muhokama qilishi zarur, deydi mutaxassis.

Qozog'iston Orolning o'ziga tegishli tomonini tiklashga urinmoqda. Suv qaytgan.
Qozog'iston Orolning o'ziga tegishli tomonini tiklashga urinmoqda. Suv qaytgan.
Germaniya tashabbuskorligida “Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi” deb nomlangan loyiha 2008 yilda ishga tushirilgan.

Uning doirasida mutaxasisislar olib borayotgan tadqiqotlar quvvatlanadi, suv resurslari monitoringi va undan foydalanishda hamkorlikni yo'lga qo'yish targ'ib qilinadi.

Elektr taqchilligidan qiynalayotgan Tojikiston Rog’un GESini bu muammoga barham beruvchi vosita desa, daryo quyida joylashgan O’zbekiston bu ulkan to’g’on qurilishini mamlakat suv ta’minoti, qishloq xo’jaligiga tahdid deb ko’radi.

Rog’un uchun asos bo’lgan Amudaryo Tojikistondan boshlanib O’zbekistonga quyiladi. U mintaqadagi asosiy suv zaxiralaridan biridir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG