Breaking News

Vatandagi manzara: Pasport, propiska - azob


O'zbekiston fuqarosi mamlaktning istagan qismida yashash huquqiga ega, ammo amalda bu mumkin emas
O'zbekiston fuqarosi mamlaktning istagan qismida yashash huquqiga ega, ammo amalda bu mumkin emas

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning propiska tizimi haqidagi qarori va bu boradagi yanqi qonun mavjud muammolarga yechim emas.

Mamlakat 20 yildirki norasmiy pasport tizimi bilan yashamoqda. Bu degani militsiya istalgan vaqt, istalgan joyda fuqaroni tintuv qilish vakolatiga ega.

Pasport - O’zbekistonda militsiya oddiy fuqarodan bir necha pog’ona yuqori ekanini belgilovchi, har qanday vaziyatda militsiya haqligini isbotlovchi reallik.

Aslida respublikada pasport rejimi joriy etilgani haqida biror farmoyish borligi noma’lum. Norasmiy tarzda kuchda bo’lgan bu hujjat propiska tizimiga asoslanadi.

Aholining katta qismi Toshkentda tirikchilik qilayotgan bo’lsa-da, propiska huquqidan mahrum. Propiskasiz fuqarolar militsiya qarshisida himoyasiz. Ular poytaxt uchun begona.

Yaqinda Islom Karimov qarori bilan fuqarolarni Toshkent shahrida doimiy propiskada turish masalasini hal etuvchi komissya tarqatib yuborildi. Komissiya vakolati Ichki ishlar vazirligiga berildi.

Propiska tizimi bir muncha oldin Oliy Majlisda muhokamadan o’tgan edi. Siyosiy partiyalarning bu boradagi pozitsiyasi biror ahamiyat kasb etmaydi. Pasport va propiska muammosini hal etish yo’lida ular biror hissa qo’shayotgani yo’q. Deputatlar tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi bu masala va butun vakolatni Ichki ishlar vazirligi zimmasiga topshirdi.

Poytaxtda doimiy ro’yxatda turmasdan bu maqomga da’vogarlik qiluvchi fuqarolar - deputatlar, ularning oila a’zolari, huquq-tartibot idorasi xodimlari, shuningdek, davlat korxonalarida ishga jalb qilingan noyob mutaxasisslar.

Qonunga ko’ra, poytaxtda turar joyga ega bo’lgan fuqarolar ham doimiy ro’yxatda turishi mumkin. Biroq qonun viloyatlardan kelganlarning poytaxtdan uy sotib olishini taqiqlaydi.

Shunday ekan, islohot sifatida talqin qilinayotgan so’nggi o’zgarish quyidagicha: fuqarolarning poytaxtda doimiy ro’yxatda turish haqidagi arizasini ko’rib chiquvchi Toshkent shahar hokimyati qoshidagi komissiya endi yo’q va bu ishni endi Ichki ishlar vazirligi bajaradi.

Toshkentda vaqtinchalik propiska masalasidagi o’zgarish esa avvalgi mavjud imtiyozlarni ham cheklaydi.

Qonun kuchga kirishidan avval fuqaro pasportidagi 6 oylik shtamp bilan poytaxtda ishga joylashishi mumkin bo’lsa, hozirgi o’zgarish uzog’i bilan uch oylik propiskani nazarda tutadi, ya’ni vaqtincha propiska bilan ishga joylashish imtiyozi bekor qilingan.

Propiska muhokama qilinganida, na deputatlar va na rasmiylar xorijga chiqish masalasini tilga oladi.

O’zbekistonda fuqaro chet elga chiqishi uchun hukumatdan ruxsat olishi shart. Sovet davridan qolgan illat bu. Fuqaro ruxsatsiz chiqsa bu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi olishi mumkin. Ruxsatni esa Ichki ishlar vazirligi beradi.

Bu talab hukumatga o’z fuqarolarini doimiy nazorat ostida saqlash, ularning faoliyati va xatti-harakatini izchil tekshirish imkoniyatini beradi. Masalan, amaldagi siyosatni savolga tutgan, qarshi chiqqan yoki tanqid qilgan shaxslar xorijga chiqish uchun ruxsat ololmaydi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sentabr oyida inson huquqlari bo’yicha katta tadbir o’tkazganida O’zbekistonda pasport, propiska va fuqarolarning xorijga chiqish huquqi murakkab masalalar ekani haqida gap ketdi. O’zbekiston bu tashkilotga a’zo ekani bilan faxrlanadi, lekin o’z majburiyatlarini bajarmay kelmoqda degan bayonotlar yangradi.

Toshkentda asoslangan Ekspert Ishchi Guruhi taqdim etgan hisobotga ko’ra, chet elga chiqish uchun ruxsat olish talabi - hukumat uchun muxolif qarashdagi kishilarga bosim o’tkazish vositasi.

Bu tahlilnomada ta’kidlanishicha, inson huquqlari bo’yicha xalqaro me’yorlar O’zbekiston hukumatidan bu talabni bekor qilishni taqozo etadi. Lekin rahbariyat bunga ko’z yumib kelmoqda.

O’zbekistonda nafaqat muxolif qarashdagi, balki boshqa turli sabablarga ko’ra ham xorijga chiqishi taqiqlangan fuqarolar bor. Bu haqda odatda og’zaki buyruqlar beriladi. Xususan, 30 yoshgacha bo’lgan va turmush qurmagan ayollarning xorijga chiqishi cheklangan. Bu chora chet elda fohishalik qilayotgan o’zbekistonlik qizlar ko’paygani bilan izohlanadi.

O’zbekiston pasporti hukumat uchun fuqaroni himoya qilish va shaxs huquqlarini kafolatlash timsoli emas, balki uni keskin nazorat qilish va bosim o’tkazish vositasidir.

XS
SM
MD
LG