Breaking News

O'zbekistonga kirib-chiqish azob, fuqarolik masalasi murakkab


Faqat prezident hal qilishi mumkin bo'lgan masala

O`zbekiston fuqaroligini olish, undan voz kechish, mamlakatga kirish-chiqish jarayoni o’ta murakkab va mavhum jarayon.

So'nggi yillarda necha kishiga O`zbekiston fuqaroligi berilgani, qanchasi fuqarolikdan chiqqani haqida aniq ma`lumotlar yo`q.

O`zbekiston qonunlariga ko'ra fuqarolikka kirmoqchi bo’lgan shaxs bu davlatda kamida besh yil yashagan bo`lishi kerak.

Fuqarolikdan chiqish uchun esa davlat va fuqaro o’rtasida moddiy va mulkiy tortishuv bo'lmasligi lozim.

Har ikkisi O`zbekiston prezidenti vakolatidagi masala -- ariza rahbarning nomiga yoziladi.

Chet elda yurgan fuqaro besh yil mobaynida uzrli sababsiz O`zbekiston konsulligida ro`yxatda turmagan bo`lsa, fuqarolikdan chiqarib yuborilishi mumkin.

Yuqoridagi qoidalarga qaramasdan fuqarolik to'g'risidagi qonunchilik ijrosi ko'p hollarda taassuf uyg`otadi. Buni O'zbekiston fuqarosiga aylanishga uringan afg’onistonliklar misolida ham ko’rish mumkin.

Urush tufayli O`zbekistonga kelgan bu muhojirlar o'zbek ekanini aytib, tarixiy vatanida yashashni istasa-da, fuqarolikka qabul qilinmagan.

“Urush tufayli O`zbekistonga qaytgan vatandoshlar soni ko`pchilik edi. Hozir ular turli sabablarga ko`ra qarindoshlari orqali boshqa, uchinchi mamlakatga qaytib ketishdi. Qolganlari esa shaxsiy firmalari bor, ishlab chiqarish borasida faoliyat yiritib, ona yurtga xizmat qilishayapti. Mustaqillikdan keyin O`zbekistonga kelib, shu yerda qolish niyatidamiz”, - degan edi afg'on o'zbeklaridan biri, tilshunos olim Abdulla Toshqin, “Amerika ovozi” bilan suhbatda.

Fuqarolik rad etilgach bu insonlarning ko'pi xorijga ketgan.

O'zbekistonda ikki fuqarolikka ruxsat yo'q

Qonunga binoan respublika fuqarosi bir paytning o'zida boshqa davlat fuqaroligini olish huquqiga ega emas. O'zga davlat pasportini olishdan avval bu shaxs O'zbekiston fuqaroligidan chiqishi shart. Buning uchun prezident nomiga ariza yoziladi.

Taxminlarga ko'ra o'tgan yilning o'zida kamida 50 ming o'zbekistonlik Islom Karimovga shunday iltimosnoma yuborgan. Javob yo'q. Usiz esa minglab fuqarolar na vataniga borishga, na chet elda fuqarolikka kirishga jur'at eta oladi.

Iloji topilar deya Amerika yoki Yevropa davlatlarida pasport olganlarning ko'pi esa O'zbekiston elchixonasidan viza ololmay xunob.

“Yaqinda bir vatandoshim bilan gaplashdim, yozda aylanib keling vatanga dedim. Viza olish qiyin, erkinlik yo’q, bir shahardan ikinchisiga borib bo`lmaydi, sharoit nihoyatda tor deb aytdi”, - deydi hofiz Dadaxon Hasan.

Ayrim fuqarolar nazarida esa pora berib yo'lini topsa bo'ladi. Ammo oilasida uzoqda yashayotgan, ehtiyotkorlikka o'rgangan muhojirlar pul berish ishni bitirish jinoyat ekanini biladi. Yaqinlari uchun muammo tug'dirishni istamaydi.

Yaqinda “Uzmetronom.com” sayti fuqarolikdan voz kechish niyatidagi kishilarga ruxsat berilmayotgani, O`zbekiston fuqaroligidan chiqish uchun katta miqdorda pora talab qilinishi haqida yozdi. Muallifning aytishicha, tizim keng miqyosda korrupsiyalashgan.

Biroz o`tib, “Gorizont.uz” sahifasida chiqqan maqolada O`zbekistonda fuqarolikdan voz kechish uchun pora talab qilinayotgani tuhmat, odam fuqarolikdan voz kechishni istasa, buni ortiqcha tashvishlarsiz amalga oshirish mumkin degan ta`kidlandi. O'zbekiston, deyiladi unda, aholiga zor davlat emas.

O'zbekistonliklar orasida vatandan ketish istagi kuchaygan

Xorijdagi vatandoshlar uchun O`zbekiston fuqaroligini olish orzu bo`lgan bir paytda o`zbekistonliklar orasida vatanni tark etish, boshqa vatan topish ilinji kuchaygan.

“O`zbekiston fuqaroligidan voz kechaman deydiganlar juda ko`p. Agar boshqa mamlakatda fuqarolik olish imkoniyatini topsa, hatto Qirg’izistonda ham, shu yoqqa ketadi. Chunki u yerda erkinlik, imkoniyat bor. Fuqarolikdan voz kechayotganlar asosan ziyolilar, olimlar. Qayerda yashash uchun imkoniyat bo`lsa, o`sha yer vatan. Vatan-vatan degan bilan vatan vafo qilayotgani yo`q”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.

Jamoatchilik orasidagi bu kayfiyat nafaqat iqtisodiy qiyinchilik, balki mamlakatdagi siyosiy tuzum, inson huquqlarining keskin toptalishi bilan ham bog’liq.

Ayniqsa, 2005 yilning may oyida Andionda yuz bergan qonli voqealar ketidan o`nlab mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilari mamlakatni tark etishga majbur bo`ldi.

AQSh fuqarosiga aylangan muhojirlar O'zbekistonga kirish uchun ruxsat ololmayapti

Mustaqil jurnalist Sid Yanishev yaqinda Amerikada ishlayotgan o`zbek muhojirlari haqida maqola yozgan.

“AQSh fuqaroligini qabul qilgan vatandoshlarimizning O`zbekistonga qaytishiga ruxsat berilmayotgani men uchun ham yangilik bo'ldi”, - deydi Sid Yanishev, o'zi yiqqan ma'lumotlarga ishora qilib.

O`zbekiston fuqarosi, lekin Qozog`istonda doimiy yashash huquqini olgan Elnur Abdulov Toshkentga pasportini almashtirish uchun qaytgan. Lekin uning hujjatlari olib qo'yilgan va Qozog’istondan Xitoyga borib kelgani yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

“Turmush o'rtog'im Xitoyda davolanib qaytdi. Meni uni kuzatib bordim. Qozog`istondan viza olib rasman borib keldik. Keyin O`zbekistonga pasportimni almashtirish uchun keldim. Bu yerda esa xorijga chiqish vizasining muddati tugasa-da, chet elga borganim uchun menga nisbatan ayblov qo'yishmoqda”, - deydi Elnur Abdulov.

Aytish joiz, Elnur Abdulov O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi a'zosi.

Yana o'sha OVIR...

O`zbekistonda fuqaro chetga chiqishi uchun davlatdan ruxsat olishi kerak. Ko'pchilik nazarida bu inson huquqlariga zid qoida, chunki fuqaro istagan joyiga safar qilishi mumkin.

Bu amaliyot jamoatchilik orasida Sovet davri sarqiti, fuqarolarga shubha bilan qarash; milliy xavfsizlikni ro'kach qilib, odamlarga bosim o'tkazish, qolaversa amaldorlar uchun pora olish mexanizmi deya talqin qilinadi.

Sobiq ittifoq bo'ylab ko'plab davlatlarda bu tizimdan allaqachon voz kechilgan. Hatto o'ta repressiv deb tanqid qilinadigan Turkmaniston hukumati ham bu cheklovni bekor qilgan.

O`zbekistonda bu tizimning saqlab qolinishi nafaqat fuqarolarni nazorat qilish, balki siyosiy bosim uchun ham vosita bo`lib qolmoqda.

“Terrorizm bilan qo`rqitishadi yoki nimaga borayapsiz deb tahdid qilishadi. Vaholanki, qonunchilikda bu narsa ko`zda tutilmagan. Maqsad nima? Ruxsat olishning o`ziga xos yo`li bor. Mafiya yo`li bilan ketayotgan ham bor, korrupsiya yo’li bilan ham ketadigan bor. Bu ham biznesga aylangan. OVIR degani bu bir odam pasportini beradi, ikki kunda to’g`rilab beriladi. Boyroq mamlakatga ketadigan bo`lsang ko`proq, kambag`alroq mamlakatga kamroq pora kerish kerak bo`ladi”, - deya izohlaydi tahlilchi Bahodir Chig`atoy.

Huquq himoyachisi Sur’at Ikromovning aytishicha, mahalliy faollarning xorijdagi biror konferensiyada ishtirok etishi yoki xalqaro tashkilot vakillarining O`zbekistonga kirishiga taqiq qo’yishning birinchi usuli vizadir.

“Ayniqsa, xorijdan kelayotganlar jurnalist bo`lsa yoki huquq himoyachisi bo`lsa, viza berilmaydi. O`zbekiston tomoni buning sababini tushuntirib ham o`tirmaydi. Hatto Navro’z bayramini ko`rish uchun ham viza berilmagan. Umuman, 2005 yildan keyin mamlakatdan chiqarib yuborilgan xalqaro tashkilot vakillarining O`zbekistonga qaytib kelganini hali ko’rganim yo`q”, - deydi huquq himoyachisi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG