Breaking News

Qirg'iziston O'zbekiston bilan vizasiz tartibni ma'qulladi


Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev O’zbekiston bilan vizasiz tartib o’rnatishga doir qonunni tasdiqlagan.

Bu bitim 2006 yilning 3 oktyabr kuni Toshkentda O’zbekiston va Qirg’iziston hukumatlari o’rtasida imzolangan edi.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ayni bitimni shu yilning 12 yanvar kuni tasdiqlagan.

Chegaralari Farg’ona vodiysida kesishadigan Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida viza tartibi joriy qilinganiga olti yarim yil bo’ldi.

O’zbekiston Islomiy harakati a’zolari 1999-2000 yillarda Qirg’iziston janubi orqali prezident Islom Karimov tuzumiga qarshi uyushtirgan hujumlardan keyin rasmiy Toshkent 2000 yilning 1 avgustidan e’tiboran qirg’iz-o’zbek chegarasida viza tartibi joriy qilgan edi.

Viza tartibining joriy qilinishi ikki davlat fuqarolari, ayniqsa, chegarada yashovchi aholi o’rtasidagi o’zaro savdo-sotiq, madaniy va do’stlik aloqalariga salbiy ta’sir ko’rsatgan.

O’zbekiston o’tgan yil yanvar’ oyida Evrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotiga a’zolikka qabul qilindi.

Bu tashkilotga a’zo bo’lgan davlatlar hamkorligi fuqarolarning o’zaro vizasiz bordi-keldi munosabatlari to’g’risidagi bitimga asoslanadi.

Qirg’iziston va O’zbekiston chegarasida vizasiz tartib ikki davlat o’rtasida yana bir qator rasmiy hujjatlar almashingach, 30 kun ichida kuchga kiradi va fuqarolar 60 kun davomida bordi-keldi qilishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG