Breaking News

Tojikiston va O'zbekiston fuqarolari: viza tartibi bekor qilinsin


Sovet davrida chegara bilmagan tojik va o’zbek xalqlari mustaqillikdan so’ng bir-biridan tikanli sim, minalar va viza bilan ajratib qo’yildi.

Viza tartibini bekor qilishga va’da berilgan, lekin amalda haligacha hech narsa qilinmagan.

Tojikiston va O’zbekiston o’rtasida viza tartibining bekor qilinishi millionlab insonlarning orzusi bo’lib qolmoqda.

Tarixan yagona bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlari birdamligiga O’zbekiston hukumatining siyosati salbiy ta’sir qilmoqda.

Tojikistonlik oliy toifadagi shifokor Mavluda Ahrorova o’rtadagi viza tartibini avval O’zbekiston hukumati joriy etgani va uni haligacha bekor qilishni istamayotganini ta’kidlab, hukumatlardan xalqqa azob bermaslikni so’raydi.

“O’zbekiston hukumati viza tartibini bekor qilishga rozi, ammo buning uddasidan chiqmayotir. Chunki istamayotganga o’xshaydi. Xalqni azobga qo’ymaslik uchun vizani ko’tarish kerak. Buni Karimov hukumatidagilar tushunishi lozim”, - deydi Ahrorova.

O’zbekistondan Tojikistonga kelin bo’lib tushganiga yetti yil bo’lgan yosh ona Mohigul Shermatova chegara, viza muammolari juda charchatganidan nolir ekan, oiladagilardan yuz o’girib, vatanga qayta olmasligini ta’kidlaydi. “Men bolalarim bilan juda qiynalib ketdim”, - deydi u.

Uch respublika hududini o’z ichiga olgan Farg’ona vodiysida 15 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Viza tartibidan eng ko’p qiynalayotganlar ham shular.

Andijon, Toshkent, Buxoro va Botkentda bolalari bo’lgan 87 yoshli tojikistonlik bemor Qahramon ona - Fotima opa Toshxo’jayeva sharoiti og’irligidan viza tartibini bekor qilishni so’rab, hatto prezident Karimovga maktub yo’llaganini aytadi.

“Bolalarimning vizasi bo’lmagani uchun meni kelib ko’risholmaydi. Bir vaqti Karimovga chiroyli qilib xat ham yozgandim. Lekin hech nima bo’lmadi. Mening azobim juda qattiq”, - deydi Qahramon ona.

Mintaqa muammolarini o’rganuvchi ayrim tahlilchilar O’zbeiston hukumatining viza tartibini zo’r berib saqlashga urinayotgani oqibati xatarli bo’ladi deydi.

Chegaradan o’tish tartibi fuqarolarga qimmatga tushmoqda. Pasport varaqalari muhrlarga to’lib, odamlar ularni yiliga 2-3 bor almashtirishga majbur bo’lmoqda.

O’zbekistonlik o’qituvchi Nasiba Soliyeva viza tartibi va chegaradan o’tish muammolari sabab o’rtada bo’lgan otishmalarda begunoh odamlar halok bo’lganini aytadi. Uning fikricha, chegarada inson hayoti qadrlanmaydi.

“Chegarada odamlar nohaq o’lib ketdi. Chegarani bosib o’tding, san nimaga unday qilding deb odamlarni otib ham yuborishdi mushuk singari. Bu narsa badanda kattalashayotgan yiringli yaraga o’xshaydi. Bir kun yoriladi. Xalq yomon, qo’zg’olon ko’tarsa, portlashtish u yoqda tursin, yoqib ham yuboradi”, - deydi Soliyeva.

Tojikiston chegarasidagi nohiyalaridan birida tarbiyachi bo’lib ishlaydigan Mayram Qahhorovaning fikricha, xalqqa xizmat qilishi lozim bo’lgan hukumat viza tartibini bekor qilishi kerak.

XS
SM
MD
LG