Suv taqsimoti O’zbekiston va Tojikiston orasidagi eng jiddiy muammolardan.
O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rejalayotgan “Rog'un” GESi mintaqa uchun real xavf tug'diradi deya Dushanbega ochiq xat yo'llagan.
Tojikiston hukumatidan javob kutilmoqda.
Mirziyoyevning Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilovga yozgan maktubida mustaqil ekspertizasiz “Rog'un” GESini qurishda davom etish Markaziy Osiyo uchun tahdid deya eslatadi.
O'zbekiston nazarida sobiq ittifoq davridagi eski loyihalarga ko'ra rejalashtirilgan GES qurilishi mintaqa ekologiyasiga jiddiy zarar yetkazadi. O'zbekiston daryodagi suv oqimi kamayishidan, ichimlik va qishloq xo'jaligi uchun suv taqchilligi yuzaga kelishidan xavotir bildiradi.
Shavkat Mirziyoyevning ta'kidlashicha, seysmik jihatdan faol bo'lgan hududda amalga oshiriliyotgan bu loyiha mintaqani halokatga yetaklashi mumkin.
Qishloq xo'jaligiga asoslangan O'zbekiston uchun suv taqsimoti eng muhim masala bo'lib qolmoqda. Mamlakat prezidenti Islom Karimov ko'p chiqishlarida qo'shni davlatlardan kafolatlar talab qilgan.
O'zbekiston bosh vazirining maktubida qayd etilishicha, hozirgacha Tojikiston bu borada qilingan murojaatlarni inobatsiz qoldirgan. Vaziyat shunday davom etsa, O'zbekiston xalqaro hamjamiyatga, xalqaro ekologik tashkilotlarga murojaat bilan chiqmoqchi.
Tojikistondagi “Avesta” axborot agentligi ayni paytda Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov ochiq xatni o'rganayotgani, O'zbekistonga xalqaro me'yorlarga mos ravishda munosib javob hozirlanayotgani haqida xabar beradi.
Energetik taqchillikdan qiynalib kelayotgan Qirg'iziston va Tojikistonda yirik suv to'g'onlarini barpo etish harakatlari Markaziy Osiyoda suv muammosini dolzarblashtirib yuborgan.
Mintaqada eng ko'p aholi va ekin yerlariga ega O'zbekiston har ikki davlat ko'zlayotgan rejalardan norozi.
Tahlilchilar suv taqsimoti mintaqa davlatlarini keskin ziddiyatlarga olib borishi mumkin deya ogohlantirib keladi.
Lekin siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov fikricha, muammoni hal etsa bo'ladi.
“Hozircha bu masala global sahnaga chiqqani yo'q",- deydi u.
Mintaqa rahbarlari o'tgan yil Almatida suv muammosini muhokama qilgan, biroq uchrashuvlardan biror natija bo'lmadi.
Qirg'iziston tog'onlarni mustaqil ekspertiza natijalaridan kelib chiqqan holda rejalashtirishga ko'ngan xolos.
Shavkat Mirziyoyevning xatida O'zbekiston e'tirozlariga qaramasdan Rossiyaga qarashli turli kompaniaylar to'g'on ko'tarish ishlariga jalb qilingani tilga olinadi.
“Ko'p narsa geosiyosiy kuchlarga bog'liq, agar o'yinlar davom etsa, Rossiya bu borada Tojikistonga o'zining amaliy yordamini ko'rsatsa (chunki Rog'un bo'yicha aksiyalarni sotish ish bermasliigi mumkin), mintaqa davlatlari o'rtasidagi munosabatlar keskinlashib boraveradi", - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Mintaqadagi ikki yirik daryo Amudaryo va Sirdaryo Tojikiston va Qirg'iziston orqali O'zbekistonga quyiladi. Daryo boshidagi davlatlar suvdan energiya ishlab chiqarish, O'zbekiston esa asosan qishloq xo'jaligi, xususan paxta yetishtirish uchun foydalanadi.
Iqlim isishi natijasida jahon suv zaxirasi kamayib bormoqda.