Breaking News

O'zbekiston va Qozog'iston mintaqada GESlar qurilishiga qarshi


O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari nazarida xalqaro ekspertiza xulosalarisiz mintaqada yirik gidrostansiyalar qurmaslik kerak.

Prezidentlar Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev Toshkentda muzokara qilgan.

Rahbarlar asosan suvdan foydalanish masalasini muhokama qilgan. Mintaqada qurilayotgan yirik suv to'g'onlarini xalqaro ekspertizadan o'tkazish zarur, deydi ular.

Nazarboyevning aytishicha, Tojikistondagi Rog'un, Qir'gizistondagi Qambarota GESlarining ekologiyaga ta’siri o’rganilishi, xavfsizlik nuqtai-nazaridan ko’rib chiqilishi kerak. Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismida joylashgan Qozog'iston va O'zbekiston uchun bu loyihalar zararsiz ekanini kafolatlovchi hujjatlar kerak, deydi u.

Sharhlovchilar nazarida Qozog'iston pozitsiyasi hozirda suv borasidagi ziddiyatni bir qadar yumshatishi mumkin.

“Qozog'iston tomoni ham ekspertiza zaruratini qo’llamoqda – bu albatta vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishi ehtimoldan xoli emas. Chunki Qozog'iston mintaqada ta’sir doirasi kuchli”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Nazarboyev O'zbekistonga safari arafasida Tojikiston va Qirg’iziston prezidentlari Emomali Rahmon va Qurmanbek Bakiyev bilan suv masalasida gaplashgan. “Ular ekspertiza o'tkazishga deyarli rozi. Ekspertiza xulosalaridan keyin Qozog'iston va O'zbekiston mazkur inshootlar qurilishida ishtirok etishi mumkin”,-deydi Nazarboyev.

O’zbekiston va Qozog’iston prezidentlari muzokarasi natijasida qo'shma bayonot, ikki tomonlama hamkorlikni belgilovchi bir necha shartnoma ham imzolangan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG