1991 yilda tug’ilgan tojikistonliklar hozir 16 yoshga to’lib, fuqarolik pasportini qo’lga oldi.
Сhorvador va fermer Gadoyboy Roziqov va Solijon Sharipov xususiy mulkchillik rivojlanayotganidan mamnun. Lekin shu bilan birga olib-sotarlikning kuchayishini salbiy hol sifatida baholamoqda.
Xususiy chorva fermasi egasi Roziqov fikriga ko’ra, har kimning o’z cho’ntagiga ishlayotgani, imoratlar qurib, mashinalar olayotgani mustaqillik sharofati tufaylidir. Dehqon xo’jaligi raisi Sharipov esa mustaqillik tufayli shaxsiy xo’jalikka ega bo’lgan bo’lsada, mahsulotni o’zi bozorga chiqara olmayotganini ta’kidlaydi.
Sibirda mardikor bo’lgan yigit O’ktam O’tayevning aytishicha, kelayotgan qishda gaz va elektr energiyasining bo’lishi Tojikistonda quvonchli kun deb bilinadi.
”O’tgan 16 yilda quvonchli kunni eslolmayman. Oilalik bo’lganim, farzand ko’rganim quvonchli kunlarimdir. Respublikamiz siyosiy hayotida men uchun quvonchli kunni eslolmayman. Mamlakatda tinchlik bo’lib, qishda gaz va elektr energiyasi bo’lsa, biz uchun quvochli kun hisoblanadi”, - deydi O’tayev.
Tojikiston mehnat faxriylarining aksariyati mustaqillikdan noroziligini yashirmaydi. Chunki ularning olayotgan nafaqasi 3-4 kunlik yemisnishga yetmaydi. Ularning aytishicha, mustaqillik yillarida o’tgan urushda erishilgan tinchlik shartnomasi yaxshi. Ammo bir xalta unning bahosi bozorda 95 somoniyga ko’tarilgan, farzandlari esa tirikchilik uchun o’zga yurtlarda sarson.
“Chunki 37 yil ishlab, olayotgan nafaqamiz 48 somoniy. Zavod- fabrikalar ishlamasa, bolalarimiz sarson-sargardon bo’lib yuribdi. 16 yil mobaynida bo’lgan voqea mana shu,” - deyishadi ular.
Xo’jandda tashkil etilgan yirik xususiy firma egasi Azizjon Otajonov esa mustaqillik tufayli erishilgan ozodlikni qadrlaydi. U kabi tadbirkorlarning Tojikiston kelajagiga ishonchi mustahkam.
”Bir joyda erkin gapirolmas edik. Dard-alamimiz ichimizda edi. Lekin hozir xohlagan arz-shikoyatimizni prezident saytiga qo’yib, ochiq aytishimiz mumkin. Bu fuqarolarimiz uchun juda katta ozodlik, erkinlik deb bilaman. Davlatimizda Islom partiyasi vujudga keldi. Minglab fuqarolar Makkaga haj safariga borib kelmoqda. Inson noshukur bo’lmasligi kerak. Zavodlar ishlamayotganini hamma biladi. Biz hali energetik mustaqillikka erishgan emasmiz. Lekin unga ham ozgina qoldi. Rossiya tomondan kelib GES [gidroelektrostansiya] lani qurishmoqda. Ular ishga tushib ketsa, zavod-fabrikalar, konlarimiz, yer ishi, tog’ ishlari, qazish – hammasida mustaqillikka etishsak bo’ladi. Ozgina sabr qilishimiz kerak”, - deydi o’zbek tadbirkori Azizjon Otajonov.