Breaking News

Tojikiston: urushdan keyingi 10 yil


Tojikistonda fuqaro urushi tugaganiga 10 yil bo’ldi. Taxminan 60 ming kishining yostig’ini quritgan urushga diniy muxolifat va dunyoviy hukumat o’rtasida 1997 yilda imzolangan tinchlik bitimi yakun yasagan.

Tinchlik davomiy bo’lishini ta’minlash uchun BMT 2000 yilda Dushanbeda maxsus idora barpo etgan edi. Missiya yaqinda faoliyatini tugatdi.

BMTning Tojikistonda tinchlikni ta’minlash idorasi rahbari Vladimir Sotirovning aytishicha, Birlashgan Muxolifat a’zolariga hukumatdan joy berish, sobiq jangarilarni ish bilan ta’minlash dasturlari muhim rol o’ynagan.

Yetti yil mobaynida BMT missiyasi inson huquqlarini ta’minlash, saylovlarni kuzatish va qonunlarni isloh qilish hamda Tojikistonga chetdan yordam jalb qilishga doir dasturlarni yuritgan.

Bolgar diplomati Vladimir Sotirov so’nggi besh yil mobaynida BMT bosh kotibining Tojikistondagi vakili bo’lib ishladi. "Mamlakatda tinchlik ta’minlanganida BMT roli muhim",- deydi u.

Xususan tashkilot mahalliy siyosatdonlar bilan birga Tojikistonning turli chekkalarida siyosiy munozaralar tashkil etishga harakat qildi. Hukumat tarafdorlari, muxolifat va faollar uchun bahsu-munozara forumi.

Ammo AQShning Tojikistondagi sobiq elchisi Grant Smit nazarida Tojikistondagi urush ortidagi sabablar, unda kim qanday rol o’ynagani haligacha jumboq.

"Faktlar, aniq ma’lumotlar yetishmaydi",- deydi sobiq elchi Smit. "Koalitsion hukumat haqidagi bitimni imzolagan shaxslardan biri, Islomiy Tiklanish partiyasi sobiq rahbari Said Abdullo Nuri o’tgan yili olamdan o’tdi. Tinchlik jarayonida ishtirok etganlar bitim haqida ko’p narsa demaydi".

1997 yilda imzolangan hujjatda hukumatdagi lavozimlarning 30 foizini muxolifatga berish haqida kelishib olingan edi.

Tojikistonning AQShdagi elchisi Abdujabbor Shirinovga ko’ra, hozirgi kunda mamlakat parlamentidagi o’rinlarning deyarli 25 foizini muxolifat a’zolari egallagan.

"Tojikistondagi bugungi tinchlik va hamjihatlik",- deydi elchi Shirinov, "barcha siyosiy kuchlar orasida muvozanat ta’minlanganidan dalolatdir".

Biroq bu barqarorlikka tahdid solayotgan omillar ko’p. Jumladan qo’shni Afg’onistonda qoradori sanoati barq urayotgani. Jahonda geroinning 90 foizi afg’on dalalaridan keladi. Shuning 10 foizi Tojikiston orqali dunyo bozorlariga chiqariladi.

Migratsiya va iqtisodiy yetishmovchilik ham katta muammo. Rasmiy Dushanbe so’nggi yillardagi iqtisodiy o’sish qashshoqlik darajasini 57 foizga tushirganini ta’kidlaydi.

Lekin iqtisodchilar fikricha, pul asosan chet davlatlarda ishlayotgan fuqarolardan kelmoqda. Jahon Bankiga ko’ra, bu mablag’ – ya’ni 1 milliard dollar – Tojikiston yalpi milliy mahsulotining 35 foizini tashkil etadi.

BMT xodimi Vladimir Sotirov nazarida mamlakat adliya tizimi, huquq-tartibot organlari va qamoqxonalar islohoti juda sekin kechmoqda. Shuningdek, deydi u, Tojikistonda matbuot erkin emas.

Ommaviy axborot vositalari hukumat nazorati ostida va rasmiylarni tanqid qilishdan qo’rqadi. Demokratik islohotlar, uzoq va murakkab jarayon bo’lsa-da, ularsiz tinchlik mustahkamlanishi qiyin, deydi xalqaro mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG