Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, dunyoda bir yilda qariyb 10 million odam sil kasaliga chalinadi. Keyingi yillarda bu kasallik avj olayotgan mamlakatlar qatoriga Tojikiston ham qo’shilgan.
Tojikiston poytaxtidan 200 kilometrcha uzoqlikdagi Xatlon viloyatining Vose nohiyasiga qarashli “Paxtakor” jamoat hududini mahalliy jurnalistlar “O’lim vodiysi” deb nomlagan.
Shifokor Sharif akaning aytishicha, sobiq ittifoq davrida sil kasalligi mamlakatda bu darajada keng tarqalmagan edi.
“Dushanbeni o’zida, Ko’lob zonasi, Vose, Qo’rg’onteppa, Mastcho, Safarobod, Jabbor Rasulov rayonlarida bu kasallik keng tarqalgan. Agar ittifoq davrida bir yilda 25 bemor qabul qilgan bo’lsak, hozir esa 6 oyda 60 kasalni ro’yxatga oldik. Kasallik 3-4 barabar ko’paydi,” - deydi shifokor.
BMTning Global jamg’armasi moliyalayotgan DOTS loyihasi xodimlariga ko’ra, respublikada ancha ishlar amalga oshirilmoqda. Tojikistonning sog’liqni saqlash dasturi bo’yicha birgina AQShdan olgan ko’magi 10 million dollardan oshgan.
Maxsus kasalxonada davolanayotgan Afzalxon ismli bemor qashshoqlik tufayli silga yo’liqqanini, shifoxonada esa obu-ovqat yo’qligi, sharoit nihoyatda mushkulligini aytadi. Shifoxonada 20 kun davolanish - 30 somon, ya’ni 8 dollar.
Epidemiolog Sharif akaning aytishicha ham maxsus dispanserda sharoit yo’qligi sabab bemorlar kelib davolanmaydi. “Bemorlar dispanserda davolanishdan bosh tortmoqda, chunki u erda sharoit yo’q, obu-ovqat yo’q, joylari ta’mirlanmagan,” - deydi u.
Shifokor fikricha qashshoqlik tufayli sil kasalligi xotin-qizlar va bolalar orasida keng tarqalmoqda.
“Ishsizlik, dori-darmonlarning pulga o’tishi, vaqtida ovqatlanmaslik, pulni vaqtida topolmaslik orqasidan shu kasallik ko’payadi.”
Mutasaddilarning bildirishlaricha, respublikada sil kasalligi ko’lami yoki statistik ma’lumotlarni oshkor etish mumkin emas. Bir oyda sil kasalidan vafot etgan 10 nafarga yaqin insonni yerga qo’yamiz, deydi mahalliy qabriston ma’muriyati xodimi.