Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning Markaziy Osiyoda ittifoq tuzish tashabbusi Tojikiston aholisi orasida qo’llab-quvvatlamoqda.
Jamiyatshunos O’tkir To’raboyev ko’pchilik qatori o’zi ham bu ittifoq tarafdori ekanligini bildirib, ittifoq tufayli region Rossiyaga o’ta bog’lanishdan xalos bo’lishini aytadi.
“Nazarboyev olib borayotgan siyosatga e’tibor bersak, unda oddiy fuqarolarning bordi-keldilariga juda yaxshi sharoitlar yaratiladi. Qozog’iston prezidenti yana Rossiyaga bog’lanmagan holda xalqaro hamjamiyat bilan o’zimiz to’ppa-to’g’ri shartnoma tuzaveramiz dedi. Men bu taklifni 100 foiz qo’llayman,” - deydi Turaboyev.
Lekin shu bilan birga Tojikiston siyosatshunoslari milliy uyushmasi raisi Abdug’ani Mamadazimov Nazarboyev taklifi tojik xalqi manfaatlariga mos kelmaydi degan fikrda.
Uning aytishicha, bu ittifoqda Tojikiston mustaqilligi va tilini hamda o’zligini yo’qotib qo’yishi mumkin. Shu bilan birga, deydi u, bunday g’oyalar orasida Rossiyaning paydo bo’lishi bunday ittifoq kelajagini yo’qqa chiqaradi.
Tojikistonlik boshqa bir siyosatshunos Hoji Abdujabbor ham Markaziy Osiyo Ittifoqi mamlakat milliy manfaatlariga mos kelmasligini ta’kidlar ekan, ko’p sonli va iqtisodiy rivojlangan millatlar tojiklardan ustun keladi deydi.
Jamiyatshunos Turaboyev ham ittifoq tarafdori bo’lgani holda Tojikiston mustaqiligi va siyosatida daxlsizlik saqlanib qolishi zarur deydi. Uning fikricha, bu ittifoqdagi har bir davlatning suvereniteti, ichki siyosatiga zarar yetmasligi kerak.
Tojikiston Demokratik partiyasi nohiya raislaridan biri Shomurod Yoqubov esa Nazarboyev yolg’iz o’zini emas, mintaqani o'ylab ish tutayotganini, lekin shu yo’l bilan sobiq ittifoqni tiklashi mumkinligini bildiradi.
”1991 yilda ham SSSR tarqalmasin deb asosan Nazarboyev bilan Gorbachyov shunga yopishib oldi. Lekin quvvatlari yetmadi. Hozir ham nafaqat 5 respublika… Nazarboyev nafaqat O’rta Osiyo demayotir, umuman, eski ittifoqni tiklaylik degan masalani ko’tarmoqda. Men shu tarafdoriman. U shaxsan o’zini, davlatini o’ylamayapti. Prezident ham hozir aytolmaydi masalan… Bir vaqtlari Putin “orqaga qaytish yo’q endi, ittifoq bo’lmaydi” degan gapni qilgandi”, - deydi Yoqubov.
Mustaqil tahlilchi Ulug’bek Normatov ham Qozog’iston Bosh vaziri Karim Masimovning Moskvaga so’nggi tashrifi, Rossiya prezidenti Putin va Bosh vazir Fradkovlarning bu uchrashuvdagi chiqishlari hamda kelishilgan va’dalar Yoqubovning fikrlarida jon borligini bildiradi deb hisoblaydi.
Shu bilan birga jamiyatshunos Turaboyev mintaqa tabiiy resurslarining o’zi ittifoqqa birlashishni hayotiy zaruratga aylantirayotganligini, bu ittifoq mintaqa aholisining armoni va umidi ekanligini aytar ekan, rahbarlaridan bunga ko’proq e’tibor qilishlarini so’raydi.
“Markaziy Osiyo davlatlari qo’lni qo’lga berib, bir tan-bir jon bo’lib, buni amalga oshirsa, foydadan yiroq bo’lmaydi. Aslida xalqqa bunaqa chegaralar, bojxonalar kerak emas. Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari yuqori darajadagi uchrashuvlarida mana shu masalaga ko’proq e’tibor bersalar, yaxshi bo’lardi,” - deydi jamiyatshunos Turaboyev.