Breaking News

Karimov Osiyo bankini, Obamani maqtab, qo'shnilarni tanqid qildi


<!-- IMAGE -->

<!-- IMAGE -->


Osiyo Taraqqiyot Banki yordamni oshiradi

1-4 may kunlari Toshkentda o'tgan yig'ilishda Osiyo Taraqqiyot Banki boshqaruv kengashi O'zbekistonga jami 1 milliard 150 million dollar kredit berishga qaror qilgan. To'rt shartnoma imzolangan.

Majlisda so'zga chiqqan prezident Islom Karimov Osiyo banki respublika uchun kredit miqdorini deyarli ikki baravarga oshirdi deya maqtagan.

1996 yildan beri Osiyo Taraqqiyot Banki O'zbekistonga 1 milliard 200 million dollar ajratgan.

Qo'shnilar yengil fikrlayapti, deydi prezident

Islom Karimov, bank yig'ilishidagi nutqida, qo'shni davlatlarni suvdek muhim masala haqida yengil fikrlayotganlikda aybladi. Bu borada ayniqsa O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi ziddiyatlar tarang.

Jahon Banki Rog'un GESi bo'yicha tekshiruv ishlari boshlagan. Tomonlar dastlabki xulosalarni kutmoqda. O'zbekistonning daryo boshidagi ikkinchi davlat Qirg'iziston bilan munosabatlari ham mavhum bir ahvolda.

Prezident deydiki, O'zbekistonda dehqonchilik va boshqa iste'mol mahsulotlarining 95 foizi sug'oriladigan yerlarda yetishtiriladi.

“O'zbeklarda suv yo'q joyda hayot yo'q degan gap bor. Aynan shuning uchun ham biz bu masalaga o'ta jiddiy yondashamiz. Afsuski, ayrim qo'shnilarimiz, ayniqsa Amudaryo va Sirdayo boshida joylashganlar bu masalaga juda yengil munosabatda bo'lishmoqda va buning qanday oqibatlarga olib kelishini o'ylab ko'rishmayapti”, - dedi OTB yillik yig'ilishi ochilishida nutq qilgan Karimov.

Osiyo Taraqqiyot Banki prezidenti Xoruxiko Kuroda o'z chiqishida suv borasidagi ziddiyatlarga to'xtalmadi, lekin Markaziy Osiyo davlatlarini Buyuk Ipak yo'li misolidagi tarixiy tajribaga tayangan holda hamkorlikda rivojlanishga chaqirdi.

Aprel oxirida Toshkentda O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida tuzilgan hukumatlar-aro komissiya uchrashgan edi. Lekin bu majlis biror natija bermagan ko'rinadi. Muzokarada Tojikiston yuk vagonlarini O'zbekiston chegarasidan oson o'tishini, rasmiy Toshkent esa Dushanbedan Rog'un GESi qurishni vaqtincha to'xtatib turishni talab qilgan.

Ayni paytda Jahon Banki mutaxassislari bu inshoot qurilishi va ehtimoliy oqibatlarini o'rganish bilan band. Ekspertiza asosan O'zbekiston talabiga ko'ra amalga oshmoqda.

Tojikiston GESni milliy loyiha sifatida e'tirof etib, uning aksiyalarini aholiga sotishga urinmoqda.

“Agar Tojikiston shuni quradigan bo'lsa, O'zbekiston blokada yo'liga o'tadi, narxlarni ko'taradi. Xullas "yomon qilaman" desa qiladi, munosabatlar ziddiyatlashib boraveradi. Mintaqada yechilishi lozim bo'lgan muammolar esa qolib ketaveradi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Yana bir mutaxassis, Farhod Tolipov yaqinda hokimiyat almashgan Qirg'iziston bu borada qanday ish ko'rishi mumkin degan savolni o'rtaga tashlamoqda.

“Qirg'iziston xususan suv bo'yicha O'zbekiston bilan qanday munosabatda bo'ladi? Qirg'iziston biror davlatni vositachi sifatida ishga soladimi yoki O'zbekiston bilan bu masalani bevosita yechishga harakat qiladimi? Bu ochiq qolmoqda",- deydi Tolipov.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev yaqinda O'zbekistonga tashrif buyurganida Toshkent pozitsiyasini qo'lladi.

Karimovga Obamaning moliyaviy islohot dasturi ma'qul

Islom Karimovning da'vo qilishicha, O'zbekistonda mustaqillik yillarida olib borilgan besh bosqichli dastur davlatni global iqtisodiy inqiroz qurboni bo'lishdan saqlab qoldi. Bu tamoyillar hali ham amalda va asta-sekinlik bilan o'sishni ta'minlab kelmoqda, deydi Karimov.

O'tgan yili iqtisodiy o'sish sur'ati 8,1 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yil O'zbekiston hukumati va Osiyo Taraqqiyot Banki hisobicha, bu ko'rsatkich 8,5 foizni, kelasi yil esa 9 foizga yetishi mumkin.

O'zbekiston prezidenti ta'biricha Barak Obama AQSh iqtisodiyoti yana tanazzulga uchrasmasligi uchun to'g'ri qarorlar qabul qilmoqda.

Obama taklif qilayotgan islohotlarni quvvatlash kerak, deydi Karimov. Amerikada moliyaviy tizimlar faoliyati ustidan nazoratni oshirish uchun maxsus agentlik tashkil etilishi kutilmoqda. Maqsad aksiya va kredit bozorida foyda ketidan quvib, tavakkalga berilish hollarini vaqtida aniqlab zarur choralar ko'rish.

Prezident Karimov qanchalik maqtanmasin, deydi mustaqil ekspertlar, xalq hayot naqadar og'ir ekanining asl guvohi. Narx-navo juda baland. Mamlakatda ishsizlik keng quloch yozgan. Ishli odamlar esa maosh tirikchilik uchun yetmaydi deb noliydi.

Rossiya va boshqa mamlakatlarda ishlab vatanidagi oilasini boqayotgan mehnatkashlar global inqiroz tufayli O'zbekistonga qaytishga majbur bo'ldi. Millionlab o'zbekistonlik hamon uzoq yurtlarda non topib, pul yuborib, yurtining iqtisodiyotini tebratmoqda.

XS
SM
MD
LG