Breaking News

Tojikistonda saylov desangiz, odamlar "boshni og'ritma" deydi


28 fevral kuni Tojikistonda 3 million 400 mingdan ortiq saylovchi Oliy Majlisning vakillar palatasi va mahalliy kengashlarga a'zolar uchun ovoz beradi.

Tojikiston Oliy Majlisining yuqori palatasi bo’lgan bu organdagi 63 deputatlik o’rniga republikada ro’yxatdan o’tkazilgan 8 partiyadan 150 dan ortiq nomzod da’vogarlik qilmoqda.

Oliy Majlisning quyi palatasi bo’lgan milliy majlis deputatlari esa mart oyi oxirlarida saylanadi.

25 deputatning sakkiz nafarini prezidentning o’zi tanlab olish vakolatiga ega.

Saylov jarayonini MDH davlatlari va Shanxay Hamkorlik Tashkilotidan (ShHT) 200 ga yaqin kishi, chet ellardan esa 500 dan ortiq namoyanda kuzatmoqda. Shuningdek saylov uchastkalarida 20 mingdan ortiq mahalliy nozirlar bo’ladi.

Tojikistonda hukmron Xalq demokratik partiyasiga konstruktiv muxolifatda turgan Islom uyg’onish va Sotsial-demokratik partiyalar rahbariyati saylovlarga respublika kelajagini belgilovchi tadbir deb qaramoqda.

Islom uyg’onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriyning aytishicha, agar shu saylovda ham mavjud hukumat adolatsiz yo’l tutsa Tojikiston kelajagi haqida biror nima deb bo’lmaydi.

"28 kuni kechasi saylov natijalari, prezident va’dasi amalga oshgan-oshmaganligi ma’lum bo’ladi,- deydi Kabiriy.

Sotsial-demokratik partiya vakillari esa avval-boshdanoq saylov adolatsiz qonunlar asosida o’tkazilmoqda deb bilishadi.

Respublika Markaziy saylov komissiyasi xabariga qaraganda, saylov ma’rakasi uchun 800 ming somoniy [taxminan 180-200 ming dollar] mablag’ ajratilgan, 16 million varaqa chop etilgan.

Komissiya a’zosi Abdurahmon Abdumannonov deydiki, Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarning aksariyati hech bir qiyinchiliksiz ro’yxatdan o’tkazilgan.

"153 nafar nomzod qayd qilingan. 148 nafari ro’yxatdan o’tdi va targ'ibotni hech bir mone’liksiz olib bormoqda. Turli sabablar bilan 5 kishining nomzodi ro’yxatdan o’tmadi",- deydi Abdumannonov.

“Saylov haqida nima bilasiz?” deb so'ralganda ko'pchilik "siyosat bilan ishimiz yo'q" yoki umuman "e’tiborim yo'q" deydi.

“Bilmayman, tushunmayman, boshimni og’ritmang” qabilida ham javob olasiz. Bu ularning xabarsizligi va nomzodlarga ishonchsizligini ko’rsatadi.

Saylovchilarning aytishicha, ayrim joylarda targ’ibot shu darajada pastki, ular kim va qayerga deputatlik uchun kurashayotganini bilishmaydi.

“Qanaqangi saylov bu? Kim qayerga saylanyapti? Hech kim bilmaydi. Nima qilishayotganini ham bilmaymiz…” deyishadi saylovchilar.

Spitamen nohiyasi raisi Ahmadjon Qobilov So’g’d viloyat majlisiga nomzod sifatida ko’rsatilgan va unga muqobil ravishda Islom uyg’onish partiyasi vakili ham harakat qilmoqda.

Qobilov “Men Islom uyg’onish partiyasiga qarshi turmoqchi emasman",- deydi.

"Prezidentimiz ijozat bergan. Lekin aytilmaganki, kim Islom partiyasiga a’zo bo’lsa musulmonu, qolganlar kofir deb. Bunday emas, xalq to’g’ri tushunishi kerak",- deydi u.

Uning raislik vakolatidan foydalanib qilayotgan chiqishlarini alternativ nomzod, tadbirkor Abduvosit Rayimqulov "Qobilov vazifasini suiste’mol qilmoqda" deb baholaydi.

So’g’d viloyatidagi 55-chi saylov havzasi raisi Ozoda Shermurodovaga Rayimqulovning xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkil qilib berish haqidagi so’rovi “hozir odamlarni yig’ib berish juda qiyin” degan iddao bilan rad etilgan.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Abdurahmon Abdumannonovning aytishicha, respublikadagi barcha davlat ommaviy axborot vositalarida nomzodlar targ’iboti uchun sharoit yaratilgan, ammo ular bundan unumli qo'llanmayapti.

"Hukumat va Markaziy komissiya hamda televideniye va radio qo’mitasi yaratib bergan barcha imkoniyatlardan na siyosiy partiyalar, na nomzodlarning o’zlari yaxshi foydalana olishmayotirlar, yoki juda sust foydalanishmoqda",- deydi Abdumannonov.

Respublika qishloqlaridan birida bir nomzodga qarshi olib borilgan zo’raki tadbir haqida gapirisharkan, ayrim fuqarolar jumladan shunday deydi:

"Mahallaga kelib bir jinni odamga qo’l qo’dirib ketganda axir! Falonchini saylamaymiz deb. Ahmadjon degan bor-ku, o’shanga ham uch kishi qo’l qo’ydirib ketgan. Bir vaqti 3-4 tasi qasara-qusar biznikiga bostirib keldi. Ha, kim qildi-kim qildi… Kechasi keyin u odamlar topildi… Maxsus jo’natilgan ekan!"

So’g’d viloyat majlisiga Islom uyg’onish partiyasidan nomzodning ishonchli shaxsi bo’lgan Rahmonali Turaboyev mahalliy rasmiylar saylovchilar orasida teskari tashviqot olib bormoqda deydi.

"Ishlarimiz yaxshi. Faqatgina afsuslanadigan tarafi shuki, yuqori lavozimda o’tirgan ba’zi bir odamlarimiz ularga (xalqqa demoqchi) bosim o’tkazib qo’yishgan. Shu ma’nodaki, “sen bunga ovoz bermaysan, ovoz bersang oilangni tamoman hijobda yurishga majbur qiladi. Besh vaqt namoz o’qishga mahbur qiladi". Ko’p narsadan mahrum bo’lishini aytib qo’rqitib qo'yishgan", - deydi Turaboyev.

Oliy Majlis deputatligiga nomzodlar orasida o’zbeklar barmoq bilan sanarli. Aholisining aksariyat qismi o’zbeklar bo’lgan nohiyalarda esa mahalliy majlislarga nomzodlarning aksariyatini o’zbeklar tashkil etadi.

Kuzatuvchilar nazarida Tojikistonda bu safargi saylov ham avvalgilari singari betartib va tanish-bilishchilikka asoslangan holda tashkil etilmoqda va shunday o'tadi. Odamlar saylov natijasida ularning iqtisodiy jihatdan tobora og'irlashib borayotgan turmushi yaxshilanishiga ishonmaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG