Markaziy Osiyo respublikalarida iqtisodiy vaziyat og'ir ekani, aholi orasida hukmron tizimga nisbatan norozilik ortib borayotgani, qo'shni Afg'oniston hamon notinch ekani, mahalliy tahlilchilar nazarida, mintaqa uchun tahlikali muammolar.
Qirg'izistonlik tahlilchi Egamberdi Kobulov fikricha mintaqada islomiy guruhlar mavjud rejimlarga tahdid sifatida ko'riladi..
"Qirg'iziston misolida bu - davlatchilik asoslariga tahdiddir",-deydi u.
Moskvalik sharhlovchi Aleksandr Sobyaninga ko'ra esa mintaqa harbiy salohiyatini ancha tiklab olgan va ehtimoliy xavflarga javob beradi oladi.
Xatar bor, deydi u Afg'onistondagi jangarilarga ishora qilib, "lekin xavfsizlik va himoya vositalari ham yetarli",- deydi Sobyanin.
Mintaqada islomiy mafkura, aksar tahlilchilar izohicha, milliylik bilan bog'liq emas. Lekin qirg'iz jurnalistining fikricha, Qirg'izistonda radikallshuvning aynan milliyligini sezish mumkin.
"Davlatning o'zi olib borayotgan millatchilik siyosati tufayli Qirg'izistonda radikal partiya va harakatlarning ko'pchilik a'zolarini o'zbeklar tashkil etadi. Davlatning o'zi odamlarni radikal oqimlarga qo'shilishlariga turtki bermoqda,"- deydi Egamberdi Kobulov.
Uning aytishicha, mamlakatda o'zbeklarning ijtimoy ahvoli boshqalarnikidan og'irroq bo'lib, ularning ish topishlari ham mushkulroqdir.
"Bunday holatda, tabiiyki, mavjud hokimiyat aybdor sanaladi. Bu esa davlatga nisbatan xavfni oshirmoqda. Bu ayniqsa Tojikiston va Qirg'izistondek kuchsiz davlatlarda seziladi", - deydi Kobulov.
Rus tahlilchisi Aleksandr Sobyanin bu fikrga qisman qo'shiladi xolos.
"Tojikistonda hukumat qanchalik kuchli yoki kuchsiz bo'lmasin, regiondagi katta o'yinchilar – Rossiya, AQSh va Xitoy, xudo ko'rsatmasin, Tojikistonda yana ijtimoiy portlash bo'lishiga yo'l qo'ymaydi", - deydi u.
Sobyanin ta'biricha Tojikiston va O'zbekiston bir-biriga ishonmas va bir-biridan shubhalanishda davom etarkan, beqarorlik hissi ham barham topmaydi.
"O'zbekiston va Tojikiston bir-birini turli
narsalarda ayblab keladi. Isyonkor polkovnik Mahmud Xudoyberdiev borasidagi
gap-so'zlar haligacha davom etmoqda. Lekin bu ikki mamlakat chegaralarida o'n
minglab o'zbegu-tojik oilalari bo'linib qolganini ham hisobga olish kerak. O'zaro
ayblovlarni davom ettirish yaxshi emas. Bu juda yomon, chunki hukumat yo'q
narsadan o'zi uchun bo'lajak xavfni yaratmoqda",- deydi rus tahlilchisi Sobyanin.