Breaking News

Tojikistonda saylovdan keyin tortishuvlar avjida


Tojikistonda yaqinda o'tgan parlament saylovlarida prezident yetakchiligidagi Xalq-demokratik partiyasi g'alaba qilgani kuchli norozilik uyg'otgan. Muxolifat namoyishga chiqishi haqida ogohlantirmoqda.

Respublika shimolidagi So'g'd viloyatida qonunbuzarlik hollari qayd etilgan. Konibodom nohiyasida saylov qayta o'tkaziladi. Isfara nohiyasidan ham bir necha shikoyatlar tushgan.

Oliy va mahalliy majlislarga o'tgan saylov natijalarini Islom uyg'onish va Sotsial-demokratik partiya vakillari "butunlay qalbakilashtirish" deb hisoblamoqda.

Saylov kuni eng ko'p qonunbuzarliklar kuzatilgan So'g'd viloyatida Islom uyg'onish partiyasi rahbariyati bu mavzuda kun ora matbuot anjumanlari o'tkazib, unga jurnalistlarni taklif qilayotgan bo'lsada, matbuot xodimlari juda oz sonda qatnashmoqda.

Partiyaning So'g'd viloyat bo'limi raisi Hoji Naimjon Sa'miyev saylov g'ayri demokratik jarayon bo'ldi deydi.

"Bu saylovdan na men, na boshqalar rozi emas. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nozirlari "bu hech qanday demokratiyaga yaqin emas" deyapti",- deydi Sa'miyev.

Agrar partiya raisi muovini Rustam Latipov saylov natijasidan qoniqqanini aytar ekan, "Bizga yetib kelgan ma'lumotlar va Markaziy saylov qo'mitasidagi ma'lumotlar aynan bir xil va biror bir qonunbuzarlik qayd etilmagan", - deydi.

Islom partiyasi vakili Mirzaqul Hojimatov fikricha esa saylov har tomonlama adolatsiz o'tgan.

"Hatto shunday holatlar bo'ldiki, ikki nafar noqobli kishi nomzodlarimizni yo'ldan ushlab ketdi, zo'rlik qildi. Boshqasini uyidan olib ketishdi. Ularga "Agar ariza yozmasang farzandlaringdan judo bo'lasan" dey aytishgan",- deydi Hojimatov.

O'ninchi "Chorko'h" saylov uchastkasidan viloyat majlisi deputatligiga nomzod bo'lgan Hoji Naimjon Sa'miyev hukumat va hukmron partiyani ayblaydi.

"Xalq-demokratik partiyadan bo'lgan raqibim bilan kurashib 7602 dona ovoz olgandim, u esa 6803 dona oldi. Biz g'alaba qildik. Soat 11 da bu yerda avval Isfara shahri havzasida, so'ng Xo'jandga kelib o'zgartirgan. Hozir meni qo'limdagi protokol boshqa, bularniki boshqa. Hozir uchastka komissiya a'zolari ham bu yerdagi qalbaki protokolni tasdiqlashga qo'rqayapti",-deydi Sa'miyev.

Tojikiston Kommunistik partiyasi raisi muovini Alisher Talbakov nazarida esa o'tgan saylov xalqning mavjud hukumat bilan bir ekanligini ko'rsatdi. Uning fikricha o'tgan saylovni "xalq va mavjud hukumat o'rtasidagi birlik omili sifatida, barcha partiyalar o'rtasidagi ahilllik sifatida ko'rish kerak.

Sa'miyev singari norozi fuqarolar amaldorlarni qing'ir ishlarini fosh etmaguncha tinchimasligini aytmoqda.

"Qachongacha namoyonda xalqdan emas, hukumatdan bo'ladi? Asl namoyonda xalqning ichidan chiqishi kerak",- deydi muxolifatchi.

Sotsial-demokratik partiya vakili Dilbar Samadova "Oldingi saylov singari bu safar ham himoyasiz qolgdik",- deydi.

"Hammalaring bilasizlarki, 2005 yildagi saylovdan so'ng panjara ortida o'tirgan a'zolarimizni himoya qilolmadik. Afsuski, bu yil ham shunday holat kuzatildi",- dedi Samadova.

Respublika qishloqlaridan birida saylovda ishtirok etgan Ilhom Qo'shoqov qonunbuzarliklar oldingi saylovlardagidan ham ko'p bo'lganiga quvoh. Uning aytishicha nazoratchilarning e'tirozlari umuman e'tiborga olinmagan, komissiya a'zolari ularga o'girilib ham qaramagan.

Qo'shoqovning fikricha nazoratni turli partiya vakillari olib borgan bo'lsada, Islom uyg'onish partiyasidan bo'lak biror partiya nazoratchilari mahkamaga murojaat qilishga bormaydi.

Tojikiston Islom uyg'onish partiyasi So'g'd viloyat bolimi raisi Haimjon Sa'miyev bugungidek holatda kelajak saylovlarda qatnashishdan ma'no yo'q deb biladi.

"Biz kelajak saylovlarga bormaymiz. Saylovlar shunday bo'ladigan bo'lsa borishning hojati yo'q! Saylovlar shunday bo'lgandan keyin, pulni bekorga sarflashning nima foydasi bor"? -deya so'raydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG