Kelasi hafta uch davlat rahbarlari Dushanbeda uchrashib masalani hal qilishi kutilmoqda. Telekanal faoliyati bo’yicha xarajatlarni Eron o’z zimmasiga olishini bildirgan. Yangi telekanal markazi Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo’ladi.
Tojikiston prezidenti Imomali Raxmonning Eron va Afg’oniston
rahbarlari bilan keyingi uchrashuvida uch davlat hamkorligida yagona telekanal
tashkil etish masalasi bir necha bor tilga olingan edi. Fors tilidagi mushtarak
telekanal tex orada ish boshlashi mumkin.
Tojikiston televideniyesi xodimining aytishicha, bir din, til va madaniyatga
ega davlatlar uchun bu kabi yagona telekanalning ish boshlasi ijobiy hol.
Lekin, deydi tojik telejurnalisti, ba’zi davlatlarning g’arazli maqsadlari ham
borligini ta’kidlash kerak. Chunki televideniye bugungi dunyoda eng ta’sirli
targ’ibot vositasidir. Bunga hushyor qarash kerak bo’ladi, deb hisoblaydi
jurnalist.
Tojikistondagi “Tong” nomli mustaqil gazeta bosh muharriri Po’lat Umarov
fikricha, bu telekanalda Eron o’z mafkurasini targ’ib qilishga harakat qiladi.
“Mafkuralar to’nashuvidan hamma vaqt jabrni xalq ko’rgan. Bu masalada tojik
xalqi ko’p yutqizadi,” - deydi P. Umarov.
Tojikistondagi ayrim tojik ziyolilari ham bunday telekanalning paydo bo’lishini
xavf deb biladi. Eron elektron ommaviy axborot vositalaridan biriga ishlovchi
tojik jurnalisti Abduqodir Jeloniy fikricha, ba’zi kishilar minbarlarda bu
harakatni oqlasalarda, aslida unga qarshilar.
“Eron xalqi shia mahzabida, bizning xalqimiz sunniylardan, afg’onlar ham
boshqacha degan fikrdagi kishilar bunday telekanalning yaratilishidan o’zlarini
orqaga oladi. Vaholanki, shu kishilar minbarlarda ijobiy fikr bildirib, o’zaro
gaplarda qarshiligini yashirmaydi,” - deydi A. Jeloniy.
Tojikistonlik o’zbek olimi O’tkir Quvvatov fikricha, bu telekanalning ishga
tushishida siyosiy manfaat bor.
“Birinchidan, forsiyzabonlar birlashuv-integrasiya yo’llarini izlamoqda. Eron
o’z mafkurasi ustunligini targ’ib etadi. Ikkinchidan, o’zining telekanali
orqali o’lkada Amerikaga muxollif qudratli elektron ommaviy axborot
vositasini yaratgan bo’ladi. Bu telekanalni tashkil etish afg’on xalqini ham
Amerika hukumatiga qarshi uyg’otish bo’ladi,”- deydi O’tkir Quvvatov.
Afg’onistonda xalqaro terrorizmga
qarshi kurashayotgan koalitsion kuchlar bor, mamlakat G’arbdan yordam olib
keladi. Uning fikricha, Eron forisyzabonlar ichida o’zini “katta og’a” deb
hisoblaydi va afg’on masalasini o’zimiz hal qilishimiz mumkin deb biladi.