Breaking News

Tojikiston hududini o'zbek minalaridan tozalamoqda


Tojikiston poytaxti Dushanbeda ertaga boshlanadigan xalqaro anjumanda Markaziy Osiyoni yerosti minalaridan tozalash mavzusi muhokama etiladi. Tojikistonda ishlab chiqilgan loyihaga ko'ra, xavfli maydonlar 2010 yilga borib to'la zararsizlatirilishi kerak. Biroq, deydi mutaxassislar, buning yaqin kelajakda amalga oshishi qiyin chunki minalashtirilgan zonalar aniq emas. Minalarni qo'ygan O'zbekiston bilan esa chegara demarkatsiyasi hali to'la amalga oshirilmagan.

Xalqaro tashkilotlar ko'magida Tojikistonda tashkil etilgan minalar masalasi bo'yicha markaz rasmiylarining bildirishicha, 1992 yildan hozirgacha respublikada piyodalarga qarshi o'rnatilgan minalarda 350 dan ortiq tojikistonlik halok bo'lgan va 500 ga yaqini turli darajadagi jarohatlar olgan.

Bundan 10 yilcha muqaddam Tojikiston bilan chegaralarni bir tomonlama minalashtirgan O'zbekiston hukumati bu ishni o'z sarhadlarini terrorist va jangarilardan himoyalash maqsadida qilganini aytadi, ammo shu vaqtgacha minalardan birorta shubhali shaxs zarar ko'rmadi. Aksincha, halok bo'lgan va jarohat olganlar tinch fuqarolar bo'lib, ularning 30 foizi yosh bolalardir.

Ba'zi manbalarga ko'ra, Tojikiston yerlarida hozirgacha 10 mingdan ortiq mina va portlovchi moddalar bor. Tojikistonlik tahlilchi olim Ilhom Yusupovga ko'ra, Tojikistonda minalardan tozalovchi mutaxassislarning ozligi, mablag'ning kamligi bois minalarni tozalash ishlari orqaga surilmoqda.

"Tog'li Badaxshonda hosildor yerlarda mahalliy aholi haligacha minalardan qo'rqib yerga ekin ekmayapti. Bunday yerlar Rasht vodiysi, Tavildarada ham mavjud. Qishloqlarda ro'zg'oridagi yagona moli minaga uchrab nobud bo'lgan oilalar ham bor.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, BMT kabi xalqaro tashkilotlar Kanada va Shveysariya hukumatlari bilan hamkorlikda zarar ko'rgan oilalarga ro'zg'orini tiklash uchun amaliy ko'mak bermoqda. Lekin portlash tufayli oyog'i va qo'lidan ajralgan farzandlari holiga yig'lagan onalar ko'z yoshi o'rnini nima bosa oladi? Harbiy mutaxassislarning aytishicha, Badaxshonda minalarni batamom yo'qotish uchun bir necha yil kerak bo'ladi. Mablag' kam, zarur mutaxassislar yetishmaydi", deydi Yusupov.

Xo'jandlik tojik jurnalisti Tilav Rasulzodaning aytishicha, bu - birgina Tojikiston muammosi emas.

"Bu birgina respublika yoki shaxs emas, balki butun Farg'ona vodiysi badbaxtligidir. Chunku bu minalardan nafaqat Tojikiston, balki qo'shni O'zbekiston va Qirg'iziston fuqarolari ham halok bo'lishmoqda. Mol boqib yurgan yoki o'tin terishga chiqqan bolalar xam halok bo'lmoqda yoki bir umrga mayib bo'lib qolmoqda. So'g'd viloyatining Aasht, Isfara, Mastchoh, Konibodom kabi nohiyalarida xalq o'rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Lekin odamlar baribir o'z bilganlaridan qolmayapti. Minalardan hayovonot olami ham, tabiat ham zarar ko'rmoqda," deydi Rasulzoda.

Uning fikricha, ba'zi minalashtirilgan maydonlarning belgilanmaganligi va noma'lumligi katta tashvish tug'diradi. Unga ko'ra, O'zbekiston bu masalada ochiqroq ish yuritishi maqsadga muvofiqdir.

O'zbekiston bundan ikki yilcha muqaddam minalashtirilgan ayrim chegara hududlarini zararsizlantirishni boshlagan edi. Lekin buning qay darajada va qanday o'tgani bo'yicha hozircha aniq ma'lumot yo'q. Tahlilchi olim I. Yuspovning aytishicha, Tojikisondagi 30 dan ortiq nodavlat tashkilotlarining O'zbekiston prezidentiga ochiq maktubidan so'ng qo'shni davlat minalarni sararsizlatirishga kirishgan.

"Tojikiston Qizil Yarim oy jamiyati aholi orasida olib borgan targ'ibot-tashviqot ishlari tufayli oxirgi vaqtda talofatlar keskin kamaydi. Ba'zi joylarda kuchli yong'in va sel tufayli minalar o'rni o'zgarib ketgan. Ularni aniqlaydigan zamonaviy uskunalar yo'q, tajribalai mutaxassislar yetishmaydi. Bu - Afg'oniston va Pokistonda ham tashvishli muammo. Masala faqat oliy darajadagi uchrashuvlarda o'zaro birlikda, maslahat bilan ijobiy hal qilinishiga ishonaman," deydi tojikistonlik o'zbek tahlilchisi I. Yusupov.

Keyingi 5 yil ichida Tojikistonda piyodalarga qarshi minalar xavfini bartaraf etish maqsadlariga xalqaro tashkilotlar 1,5 million yevrodan ortiq mablag' ajratgan. Tashqi ko'mak bilan tashkil etilgan minalar masalasi bo'yicha Tojikiston markazi boshlig'i Jonmaxmad Rajabovga ko'ra, keyingi vaqtlarda respublikada 200 dan ortiq xavfli hududlar aniqlangan, 12 mingga yaqin mina va portlovchi moddalar zararsizlantirilgan.

Umumiy ma'lumotlarga ko'ra, Tojikistonda hozirgacha 60 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydon xatarli hisoblanadi. 10 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydon minalardan tozalanmagan.

XS
SM
MD
LG