Tojikiston iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qanchalik tobe bo’lmasin, oxirgi yillarda bu davlat tashqi siyosatida G’arb tomon burilish ko’zga tashlanadi.
Ayrim tahlilchilar nazarida Tojikiston hukumatining Rossiyadan uzoqlashib borayotganiga avvalo Kremlning o’zi sababchi.
Boshqalar fikricha esa keying paytlarda G’arb, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda ko’proq diqqat qarata boshlagan.
Tojikiston ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga nisbatan tanqiqiy chiqishlar ko’paygan. Davlat televideniye va radiosida Rossiya ishonchsiz tuzum sifatida aks ettiriladi.
Lekin ziyolilar bu bilan Rossiyadan qochib qutilish yoki uning ta'sirini pasaytirish mumkin emas degan fikrda.
Tojikistonlik o’zbek jurnalisti Tilavoldi Abdunazarov deydiki Rossiya uchun Tojikiston, umuman Markaziy Osiyo davlatlari harbiy maqsadlarda muhim o’rin tutadi.
Tojik huquqshunosi Abdusamad Sultonovning fikricha esa bu davlatning G’arb mamlakatlari, ayniqsa Amerika bilan aloqalari rivojlanishiga Rossiya mumkin qadar xalaqit berishga intiladi.
“Bu masalada Rossiyaning siyosiy ta’sir o’tkazish yo’llaridan biri mehnat muhojirlariga bosim o’tkazishdir”,- deydi u.
"Ikkinchidan esa, qo’shni mamlakatlarni ishga solishi, ichkaridan turib biron nimani yaratib qo’yishi mumkin,- deydi Sultonov.
Taniqli rus tahlilchisi Aleksandr Sobyanin tojik-rus munosabatlaridagi sovuqlikni vaqtinchalik deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu sovuqlikning yaratilishiga ko’proq Tojikistonning o’zi sababchidir.
“Lekin biz shunchaki hamkorlar emasmiz, balki ittifoqchi davlatlarmiz. Shuning uchun o’rtamizdagi sovuqlik o’rnini hademay iliqlik olishiga aminman”, - deydi Sobyanin.
Tojikistonlik taniqli o’zbek jurnalisti Ilhom Yusupov mamlakat hali yosh va “murabbiy”ga muhtojligini ta’kidlagan bir paytda Abdunazarov ruslarni nazarda tutib “ular bilan o’zbekcha aytganda kidashmaslik-xezlanmaslik kerak. Baribir zo’r- zo’r! Zo’rniki tegirmon toshi yurgizadi deb bekorga aytilmagan” deydi.
Uning fikricha, Tojikiston hukumatining bugungi ichki va tashqi siyosatida Rossiya hukumatining jig’iga teguvchi harakatlarni ko’rish mumkin. Uning aytishicha bunda yana Tojikistonning o’zi aybdor bo’lmoqda.
"Kambag’alning “g’ururi” baland bo’ladi deyishadi-ku. Ana shunday bizlar falonchimiz, avlodimiz pismadonlardan degan g’ururimiz bizni rivojlanishimizga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda", - deydi Abdunazarov.
Hozirgi vaqtlarda Tojikiston matbuotidagi ko’plab chiqishlarida mahalliy jurnalistlar Rossiya hukumatini shu paytgacha o’zini aldab kelganlikda ayblashmoqda.
Ba'zi mutaxassislar nazarida Tojikiston hukumati faqat Rossiyaga umid qilmasdan G’arb mamlakatlaridan ham amaliy yordam kutmoqda.
"Rossiya Tojikistonni o’z qanoti ostiga olgisi keladi, ammo hozir bu darajaga yetgan emas. G’arb mamlakatlari ta'sirini oshirmoqchi bo'lsa, Rossiya bunga yo'l qo'ymaydi. Ammo mening fikrimcha, biz o’zimizga murabbiy, namuna etib G’arb davlatlarini tanlasak yaxshi bo’lardi,-deydi Yusupov.