Breaking News

Jahon Banki: krizisning Markaziy Osiyoga ta'siri katta


Xalqaro moliyaviy tashkilotlar inqiroz oqibatida jahon iqtisodiyoti 4 trillion dollar zarar ko’rishini taxmin qilmoqda.

Bu degani, krizis ta’siri kutilganidan ham jiddiyroq bo’lishi mumkin.

Uning oqibatlarini yumshatish uchun boy, sanoati rivojlangan mamlakatlar pul-kredit va soliq tizimidagi barcha vositalardan foydalanayotgan bo’lsa, rivojlanayotgan davlatlar juda murakkab ahvolda.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo, 30 ga yaqin mamlakatni o’z ichiga olgan mintaqa, iqtisodiy krisizdan jiddiy aziyat chekmoqda.

Xalqaro hamjamiyat va global moliya bozori bilan integratsiyalashgan hech bir davlat uning ta’siridan qochib qutula olgani yo’q.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Jahon Banki tahlilicha, 480 million aholi yashovchi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda kelasi ikki yilda 35 million odam qashshoqlikka yuz tutishi mumkin.

Bu esa so’nggi 10 yilda barqaror iqtisodiy o’sish natijasida erishilgan yutuqlar qo’ldan boy beriladi degani.

Ushbu raqamlar kambag’al mamlakatlarga yordam ko’rsatuvchi ikki tashkilotning Vashingtondagi qo’shma majlisida e’lon qilindi. Afsuski, ahvol og’irlashib boraveradi, deydi Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha vitse-prezidenti Shigeo Katsu.

“Global iqtisodiy bo’hron shiddat bilan insoniyat va taraqqiyot krizisiga aylanmoqda. Biz qayd etayotgan raqamlar ortida insonlar taqdiri yotganini aslo unutmaslik kerak. Mintaqada qashshoqlar soni 1999 yildan beri 18 foizga kamaygan bo’lsa, inqiroz ularni qayta yo’qsillik girdobiga otmoqda”.

Tashkilot berayotgan ma’lumotga ko’ra, bir kunda 2,5 dollardan kam daromad qiluvchi insonlar qashshoqlar toifasiga kiradi.

Iqtisodiy krizis mintaqa davlatlariga uch yo’nalishda – moliyaviy, savdo hamda mehnat bozori orqali ta’sir etmoqda. Jahon bozorida talab pasaygani Rossiya va Qozog’iston singari eksportga tayanuvchi davlatlar uchun shumxabar.

Albaniya, Moldova va Tojikiston iqtisodi uchun muhim tirgak bo’lgan valyuta oqimining kamayishi esa ishsizlik hamda kambag’allar sinfi kengayishi bilan kuzatilmoqda.

Jahon Banki bosh iqtisodchisi Indermit Jill deydiki, hisob-kitob va tahlillar iqtisodiy inqiroz kutilganidan ko’ra chuqurroq va uzoq davom etishiga ishora qilmoqda.

“Krizisning har bir davlatdagi ko’lami va oqibatlari ayon bo’lar ekan, o’sish haqida bir yil oldin qilingan bashoratlarga jiddiy tuzatish kiritilyapti”, - deydi u.

Markaziy Osiyoda o’sish sur’ati bu yili 2 foizga ham yetmasligi mumkin. O’zbekistonga doir ko’rsatkichlar bundan sal baland. Lekin avvalgi marralarga qaytish haqida so’z borayotgani yo’q.

AQSh va Yevropaning ayrim davlatlari iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish uchun katta miqdorda sarmoya va xarajat dasturlarini ma’qullagan.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi aksariyat mamlakatlar bunday imkoniyatga ega emas. Aksincha, ular yelkasida o’tgan yillar ichida G’arb banklaridan ko’p hajmda olingan kredit va qarzlarni qaytarish majburiyati yotibti.

“Mintaqa uchun eng ma’qul qadam”, deydi Indermit Jill, “yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirayotgan boy davlatlar bilan savdo aloqalarini saqlab qolish, imkon bo’lsa kengaytirish”. Uningcha, hozirgi sharoitda proteksionizmga berilish, ya’ni savdo yo’liga shart va to’siqlar qo’yish yaraga tuz sepish bilan barobar.

Inqiroz davrida shuningdek ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, bu sohaga yo’naltirilgan mablag’ miqdorini oshirish tavsiya etilmoqda.

“Hukumatlar inson taraqqiyoti, sifatli ta’im va daromad olish imkoniyatlari, odamlarning fundamental ehtiyojlarini qondirish haqida o’ylasin”, - deydi Jahon Banki vitse-prezidenti Shigeo Katsu. Maorif va sog’liqni saqlash sohasi ustuvor yo’nalish deb belgilanishi lozim, deydi u.

Mintaqadagi kambag’al mamlakatlarni hisobga olmaganda, aksariyat davlatlar aholini himoya qilish uchun yetarli resurslarga ega. Gap faqat bu dasturlarni samarali ishga solishda.

XS
SM
MD
LG