Breaking News

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi: O'zbekiston krizisga turib bergan


Xalqaro valyuta jamg’armasi missiyasi O'zbekistonda bo’lib, aksilinqiroz choralarini samarali deya baholagan.

Jamg’arma vakillari mamlakatda mavjud iqtisodiy potensialni aholi turmush darajasini ko`tarishga yo`naltirishni maslahat bermoqda.

Xalqaro valyuta jamg’armasi ijroji direktorlari bayonoti O’zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirishdan boshlanadi. Jamg`arma xulosasiga ko`ra, mamlakatda ko`rilgan chora tadbirlar hisobiga O’zbekiston moliyaviy inqiroz oqibatlariga turib bergan.

Mavjud fikrga ko’ra, yaqin kelajakda mamlakat iqtisodiyoti uchun asosiy muammo tashqaridan kirayotgan pul miqdorining kamayishi va eksport hajmining qisqarishi bo`lib qoladi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi ta’biri bilan aytganda O’zbekiston katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega, bu imkoniyatlarni xalq tumush darajasini ko`tarish uchun ishlatish kerak. Missiya O`zbekiston hukumati bilan yuzaga kelgan samimiy aloqalarni qo`llab-quvvatlamoqda.

Sharhlovchilar deydiki, so`nggi paytda Xalqaro valyuta jamg’armasi va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalar bir qadar o’zgargan.

Fond O`zbekiston hukumati iqtisodiy ko`rsatkichlarini tasdiqlab keladi. Yaqinda hukumat mamlakatda yalpi ichki ishlab chiqarish 8.0 foizni tashkil etganini bildirdi. Bu raqamlarni jamg’arma ham ma`qulladi. Fond nazarida O'zbekiston oldida turgan muhim muammolar - inflyatsiya, global krizisning mamlakat ichki hayotiga salbiy ta'sirini kamaytirish.

Xalqaro valyuta fondi missiyasi yakunida Toshkentda matbuot anjumani o`tkazildi. Unda O`zbekistonda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2009-2010 yilda 7.0-8.0 foizga chiqishi taxmin qilindi.

Jurnalistlar yaqingacha O`zbekiston iqtisodini yopiqligi uchun tanqid qilib kelgan Xalqaro valyuta jamg`armasi pozitsiyasi bugunga kelib o`zgargani sababini so`radi. Missiya rahbari janob Klaus Shtaynning aytishicha, bu o`zgarishlar sababi moliyaviy inqiroz bilan bog’liq.

“O`zbekiston iqtisodi avval ham, hozir ham asosan ichki bozorga yo’nalgan. Shu yo`l bilan tashqi ta’sirdan, dunyo bozoridan himoyalangan. Eksport hajmi qisqarishi va tashqaridan mehnat muhojirlari yuborgan pul miqdorining kamayishini hisobga olmaganda krizisning O`zbekistonga ta`siri cheklangan”, - dedi missiya rahbari Klaus Shtayn.

Mustaqil tahlilchi Shuhrat G`aniyev fikricha, Xalqaro valyuta jamg’armasining O`zbekistonga oid so`nggi tahlillari shubhali.

“Gapiraversak, haqiqatda o`sish go`yo 7.5-8.0 foiz atrofida ketayapti. Lekin biz buni aniq monitoring qilolmasak, jamoatchilik nazorat qilolmagan bir paytda bu raqamlarda hech qanday ma’no yo’q. Xalqaro Valyuta Jam'armasi mehnat muhojirlari yuborayotgan pulni, uning makayganini hisobga olmayotgan ko'rinadi. Bu pul mahalliy iqtisodiyotlarning 25-45 foizini tashkil etadi”, - deydi tahlilchi.

Xalqaro valyuta jamg`armasi vakillari Toshkentga XVJ va Jahon bankining Istanbulda o`tgan yillik yig`inidan so`ng tashrif buyurgan.

Missiya rahbarining aytishicha, ayni paytda moliyaviy inqiroz oqibatida dunyo iqtisodidagi cho`kish eng tub ko`rsatkichga yetgan. 2010 yilda o’sish boshlanishi mumkin. Shu munosabat bilan XVJ O`zbekiston hukumatiga ochiq iqtisodiy siyosatni davom ettirishni tavsiya etadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG