Breaking News

Jahon Banki: O'zbekiston iqtisodiy o'sish bo'yicha mintaqada ikkinchi


O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy o`sishga doir rasmiy ko`rsatkichlarni ma`lum qilgan. Mutaxassislar bu raqamlarni shubha ostiga olmoqda. Bu orada Jahon Bankining yalpi ichki mahsulot hajmi bo’yicha yillik hisobotiga qaraganda, hozir Markaziy Osiyoda eng ko’p daromad ko’rayotgan va iqtisodiy jihatdan kuchli davlat Qozog’iston. Keyingi o’rinni O’zbekiston band etgan.

O`zbekistonning iqtisodiy o`sishiga oid rasmiy ko`rsatkichlar Vazirlar Mahkamasining yarim yillik yakunlariga bag`ishlangan yig’ilishida e’lon qilingan.

Rasmiy xabarlarga ko’ra, bu yil O`zbekistonda don hosli har qachongidan ham yuqori bo’lgan.

Vazirlar Mahkamasi yig`ilishidagi xulosaga ko`ra, yalpi ichki mahsulot o’sishi 9,7 foizni, inflayatsiya 2,7 foizni tashkil etgan.

Kuzatuvchilar fikricha, yalpi ichki mahsulot salkam 10 foiz ekani rivojlanishdan darak beradi. Biroq bu ko`rsatkichlar real vaziyatdan yiroq.

Rasmiy Toshkent e’lon qilgan iqtisodiy raqamlar qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ham ehtiyotkorlik bilan qabul qilinmoqda.

Xalqaro valyuta jamg`armasi O`zbekistonda umumiy o`sish kuzatilayotganini qayd etadi.

Jahon bankining hisobotida O`zbekiston dunyoda yalpi ichki mahsulot sur’ati o`sayotgan davlatlar qatoriga kiritilgan.

Jahon banki ma’lumotiga ko`ra, O`zbekiston yalpi ichki mahsulot hajmi bo`yicha 17 millard dollardan oshiq ko`rsatkich bilan dunyoda 89-orinni, mintaqada esa 77 millard dollar ko`rsatkich bilan 55-o`rinni egallagan Qozog`istondan keyin ikkinchi o`rinni band etadi.

Ayrimlar nazarida xalqaro moliyaviy tashkilotlarning bu xulosalari rasmiy Toshkent va Yevropa Ittifoqi o`rtasida muloqot yo`lga qo`yilayotgani uchun ham aytilmoqda.

Aholi esa iqtisodiy ko`rsatkichlar real hayotda his etilmayotganidan norozi.

“Ish yo’q, odamlar nima qilishini bilmaydi. Ayollar, erkaklarning mardikor bozori to`lib ketgan. Avvallari ishlagan zavodlarning hammasi sun’iy krizisga uchrab, arzimagan pulga sotib yuborildi, o`rniga imoratlar qurilmoqda. Toshkentdagi chinni zavodi avval eski shahardagi ko`pchilik ayollarni ish bilan ta’minlab turgan edi. Hozir ko`pchilik ishsiz”, - deydi poytaxtliklardan biri.

O`zbekistonda bu yil 6 million 250 ming tonna don hosili olingan.

Mutaxassislar O`zbekiston yerlarida sho`rlanish kuzatilayotgan, yer hosildorligi keskin pasaygan bir sharoitda bu raqamlarni shubha ostiga olmoqda.

Fermerlar qanday yo`l bilan bo`lmasin, don rejasini bajarishga majbur. Hosil bayramidan biroz o`tib, prokuratura ommaviy tarzda qo`shib yozishlar bo`yicha ish boshlaydi, deydi ayrimlar.

“O`zi yetishtirgan narsani yana qaytarib o`lsa, uni qayta ishlab, mahsulotini o`n karra qimmat qilib yana dehqonga sotsa… Bu dehqonni tayoqlash uchun qilinayaptimi? Paxta zavodlari, yog` zavodlari aksiyadorlik jamiyati bo`lgan deyishadi. Ularning aksiyalari kimning qo`lida?”

Dehqondan arzon narxda olingan xomashyo bu korxonalar qo’liga topshiriladi. Bu davlatning qo`li bilan qilinadi, deydi kuzatuvchilardan biri.

“Demak davlatga tegishli odamlar bo`lsa kerak. Nega ular o`z mahsulotini erkin narxda sotadi? Dehqonlarga esa majburiy narx belgilaydi? Bu savollarga hech kim javob bermaydi”, - deydi kuzatuvchi.

“Xonadonlardagi vaziyat… Erkaklarda yashashga bo`lgan intilish susayib ketmoqda. Bu tahlil qilinmayapti. Bu esa jamiyatning parchlanishiga olib keladi”, - deydi huquq himoyachisi Jahongir Shosalimov.

XS
SM
MD
LG