Moliyaviy inqiroz Rossiya va Qozog’iston iqtisodiyotiga ta'sir ko'rsatmoqda. Ehtiyot choralariga qaramay, ko'pgina qurilish kompaniyalarida ish to’xtagan, ular yollagan mehnat muhojirlari ishsiz.
Rossiyada shuningdek millatchi guruhlar immigrantlarga qarshi kampaniya boshlagan. Sharhlovchilar fikricha, inqiroz oqibati O'zbekistonda ham bilinishi aniq.
O'zbekiston iqtisodiyoti dunyo moliyaviy bozori bilan integratsiyaga kirishmagan. Kompaniyalari tashqi bozorda ishtirok etmaydi. Sarmoya ko'lami ham Rossiya yoki Qozog'istondagi kabi rivojlanmagan.
Bu ko'rsatkichlarga qaramasdan, mutaxassislar moliyaviy inqiroz ta'siri O'zbekistonda yanada keskinroq bo'lishini taxmin qilyapti.
Sababi - Rossiya va Qozog'istonda inqirozga uchrayotgan, faoliyati muzlatib qo'yilayotgan qurilish kompaniyalari o'zbekistonlik mehnat muhojirlarini ish bilan ta'minlab turgan edi.
Keyingi paytda O'zbekiston hukumati banklar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qildi.
O'zbekiston moliya tizimi chetdan kelayotgan valyuta ko'magida ham tebranib kelayotgan edi. Moliyaviy inqiroz bu tushumni keskin qisqartirishi mumkin. Ma'lumotlarga ko'ra qishloqlardagi har bir oiladan hech bo'lmaganda bir kishi chetga ish izlab chiqib ketgan, bugun bu muhojirlar yurtiga qaytmoqda.
Yaqinda Rossiyadan qaytgan mehnat muhojiriga ko'ra, qurilish kompaniyalarida ish to`xtagan.
"U yerda shunaqaki, qurilish firmalri bankdan kredit olib ishchilarni ishlatadi. Oxirgi paytda kredit olish cheklanib qoldi. Shu sabab qurilishlar to'xtab qolgan. Yana bir omil - qish kelayapti, o'z o'zidan qurilish sekinlashadi. Firmalar bankdan kredit ololmasa muhojirlar ham pullarini ololmaydi", - deydi u.
Mehnat muhojiriga ko'ra, ular oilasiga har oyda o'rta hisobda 500 dollardan yuborib turardi.
“Yeb-ichish, yotib turishidan orttirib o'rta hisobda 500 dollargacha yuboramiz. O'zbeklar baribir ko'proq oilasini o'ylaydi”, - deydi u.
Moliyaviy inqiroz Rossiyada mehnat muhojirlariga qarshi kayfiyatni yuzaga keltirmoqda. Yaqinda ayrim jamoat tashkilotlari mehnat muhojirlariga qarshi harakatlarni avj oldirgan. Bu guruhlarga ko'ra, brinchi navabatda rossiyaliklarning o'zi ish bilan ta'minlanishi lozim.
Kuzatuvchilar nazarida moliyaviy inqiroz chuqurlashishi bu masala muhokamasini yanada keskinlashtirishi mumkin.
O'zbekistonliklar uchun mehnat muhojirlaridan olinayotgan daromad tirikchilikning asosiy manbasi bo'lib qolmoqda. Sabab, ishsizlik mamlakat ichidagi asosiy muammo, mavjud ish o'rinlari uchun berilayotgan maosh esa ro'zg'or uchun yetmaydi.
Qozog'istonda ishlab qaytgan Oynisa Nizomovaga ko'ra, aholida tashqariga chiqib ketishdan boshqa imkoniyat qolmagan.
“Ayniqsa, qishloqlardagi aholi, xotin-qizlar ishsiz, paxta teradi, g'o'zapoyadan boshqa haq olmaydi. Odamlar ko'rib, bilib turib qullikka rozi. Pul topib oilasini boqish uchun. Minglab, yuz minglab bolalar bugun tirik yetim, ota-onasini diydoriga zor, chunki ular bola-chaqasini boqaman deb chet elga ishlagani ketgan”, - deydi u.
Dunyo bo'ylab kechayotgan moliyaviy inqiroz asoratlarini tahlil qilayotgan ekspertlarga ko'ra inqiroz O'zbekiston uchun hozirgacha asosiy muammo bo'lib qolayotgan ishsizlik qamrovini yanada kengaytiradi va aholi orasida ijtimoiy norozilik kuchayishiga olib kelishi mumkin.