Breaking News

Rossiyada muhojir ishchilar hayoti yanada og'irlashgan


O’tgan yillarda Rossiyada millionlab sonni tashkil etgan markaziy osiyolik migrantlar iqtisodiy inqiroz tufayli bugun vataniga qaytmoqda.

Rossiyada bizneslar krizis bilan yuzlashar ekan, qora ishchilarga talab kamaygan.

Ustiga ustak hozirda bu mamlakatda millatchilik va “kelgindilarga” nisbatan adovat yanada kuchaygan.

O’z yurtida ish topa olmay Moskvaga non izlab kelgan, tojikistonlik Safarbek Hazratqulov ellik bir yoshda.

U shu kungacha kabel va elektr jihozlar bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlayotgan edi. Biroq iqtisodiy inqiroz avj olgach Hazratqulov ham maoshsiz qoldi.

“Oylikni bermay qo’yishdi. Har oy kech olayapmiz”. - deydi tojikistonlik muhojir.

Bu ishchilar hali o’tgan yilgi mehnati uchun haq olmagan. Safarbek Hazratqulov ishlayotgan qurilish firmasi rahbari Valeriy Yefimov har oy xizmatchilariga “mana beramiz, ana beramiz”,- deya va’dalar beradi.

Ammo ahvol og’ir ekanini bu tadbirkor ham yashirmaydi. “Sarmoya yo’q. Buyurtmachi xizmat haqini to’lamasa, qanday qilib oylik beraman”,- deydi u.

Tojikistonlik migrant ishchilar uyushmasi oyliksiz yashayotgan muhojirlar ro’yxatini tuzmoqda.

Moskvada asoslangan bu tashkilot rahbari Karomat Sharipovning aytishicha Rossiyada ayni kunda 2.5 millionga yaqin tojikistonlik migrant-ishchi bor.

Rossiyada sanoat va iqtisodiyot bu muhojirlar mehnatiga muhtoj, deydi u.

“Ular arzon ishchi kuchi. Katta firma va kompaniyalar bu mehnatkashlarsiz ishlay olmaydi. Tojikistonliklardan boshqa hech kim 15 qavatli binoga piyoda g’isht tashimaydi”,- deydi Sharipov.

Safarbek Hazratqulov o’z tajribasidan kelib chiqib shuni aytadiki, Rossiya bo’ylab ishlayotgan muhojirlarning aksariyati doimiy boshpanaga ega emas.

“Rossiyada ishlash oson emas, ammo bu xalqni beshafqat demagan bo’lardim”,- deydi Hazratqulov. “Og’ir kunlarda yordam qo’lini cho’zayapti”,- deydi u.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida esa Rossiya iqtisodiyoti yomonlashgan sari xorijiy mehnatkashlarga bo’lgan munosabat ham tobora keskinlashmoqda.

Sabab rossiyaliklar ishsiz qolishining asosiy sababchisi deya oz haqqa ham ishlashga rozi muhojirlarni ko’rmoqda.

SOVA inson huquqlari tashkiloti rahbari Galina Kojevnikovaning aytishicha o’tgan bir yil ichida muhojirlarga nisbatan 300 ga yaqin xuruj va zo’ravonlik hollari qayd etilgan.

“Jabr ko’rganlarning aksariyati markaziy osiyolik, xususan tojikistonliklar. Hujumlarning ko’pi o’lim bilan tugagan”, - deydi faol.

Iqtisodiy tanazzul davom etsa ham rossiyaliklarning kam maoshli qora ishlarga qo’l urgisi yo’q. Muhojirlarga esa bosim va tintuvdan kun bo'lmayapti.

Shunday bo’lsa-da, Safarbek Hazradqulov kabi mehnatkashlar vatanida qolgan oilasini boqish uchun o’limga tik qarab ham birini ikki qilishga harakat qilmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG