Breaking News

Moskva va Sankt-Peterburgda “Tojikxorijakor” bo’limlari ochildi


Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisobicha, mehnat muhojirlari Tojikistonga yuborayotgan pul 2,5 milliard dollardan ortgan. Republika byudjeti 2 millard dollar atrofida. Migrantlar iqtisodiyot uchun muhim ekan, hukumat ularga yordam qo’lini cho’zmoqda. Masalan, Moskva va Sankt-Peterburgda “Tojikxorijakor” davlat tashkilotining bo’limlari ochildi. Maqsad – ish izlab chetga ketayotgan fuqarolar oqimini tartibga solib, haq-huquqini himoya qilish, chet davlatlarda ular uchun ijtimoiy sug’urta va nafaqa fondlarini tashkil etish.

Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, hozir ikki millionga yaqin tojikistonlik xorijda. Ularning asosiy qismi, 1,5 milloinga yaqini Rossiyada, 300 ming atrofida Qozog’istonda va 40-50 ming kishi O’zbekistonda ekani taxmin qilinadi. Aksariyati noqonuniy ravishda mehnat qilib, vatandagi oilasini boqadi.

Yaqinda Moskva va Sankt- Peterburg shaharlarida o’z bo’limlarini ochgan “Tojikxorijakor” unitar davlat tashkiloti respublikadan ish izlab chiqib ketayotganlar migratsiyasi nazorati, ish beruvchilar bilan huquqiy asosda faoliyat olib borish, mehnatkashlar uchun chet ellarda ijtimoiy sug’urta va nafaqa fondlarini tashkil etish vazifasini olgan.

Bu qanchalar amalga oshadi, mehnatkashlarga amaliy yordam ko’rsatiladimi?

Vatanda ish yo'q, yoshlar xorijga borib ishlash orzusida yashaydi
Vatanda ish yo'q, yoshlar xorijga borib ishlash orzusida yashaydi
Tojikiston Islomiy Uyg’onish Partiyasi raisi, Milliy Majlis deputati Muhiddin Kabiriy tashkilot Rossiyada bo’lim ochganini qutlaydi. Uning mehnat muhojirlariga albatta yordami tegadi deydi u.

“Bu erda faqat byurokratiyani kamaytirish lozim va joylarda ko’proq xalq bilan ishlash zarur. Bunda ham byurokratiya ziyod bo’lsa, xalq uchun yanayam og’ir bo’ladi. Umid shuki, ular muhojirlardan pul shiluvchi navbatdagi tashkilot bo’lmaydi”.

Tojikistonda hozir biror bir a’zosi Rossiyada bo’lmagan oila kamdan kam topiladi. Oilasining aksar qismi Rossida bo’lgan Mavluda Shamsiya kenja og’li bilangina uyida qolgan.

Uning katta o’gli va kelini, qizi va kuyovi hamda yoshi oltmishdan ortgan akasi ham Moskvada mehnat muhojirligida. U “Tojikxorijakor” idorasining Rossiya bo’limlari ochilganidan mamnun.

Yuzlab ming tojikistonliklar noqonuniy ravishda ishlab, vatandagi oilasini boqmoqda
Yuzlab ming tojikistonliklar noqonuniy ravishda ishlab, vatandagi oilasini boqmoqda
“Chunki o’g’lim telefonda “bizni har qadamda politsiya ushlab pasportimizni olib qo’ymoqda, deportasiya qilishmasin deb yashirinib yuramiz” deb aytadi”,- deydi ona.
“Bu tashkilot respublikadan borganlarga ko’mak ko’rsatsa juda yaxshi bo’lardi. Istardikki, “Tojikxorijakor” davlat tashkiloti Tojikistondan borgan bizning yaqinlarimizga o’xshash kishilarga yordami tegsa. Biz bundan juda xursand bo’lardikki, farzandlarimiz yaxshi pul ishlab kelib, kamchiliklarini butlab olsa…”.

Rossiya va Qozog’istonda sharoit turlicha, deya tasvirlaydi mehnatkashlar.

“Qozog’istonda ish haqi kamroq bo’lsa-da, tinchroq va erkinroq yashash mumkin, uyga ham tez-tez borib turamiz. Men Olma-ota va Panfilov shaharlarida 3 yil ishladim, lekin bu yil do’stlarim Vladivostokdan ish topishdi. Hademay katta o’g’lim bilan Rossiyaga ketaman”, -deydi tojikistonlik Shomurod Xoliqov.

Uning aytishicha, mehnatkashlarning sharoiti bilan aksariyat hollarda hech kim qiziqmaydi. Joylarda tashkil etilgan tojik diasporalari esa o’z yaqinlarigagina xizmat qiladi.

Rossiya va Qozog’iston shaharlarida bo’lgan Renat Hamdamshin “Tojikxorijakor” davlat idorasining joylardagi xodimlari avvalo huquqbon bo’lishlari zarur deb biladi. Bu xodimlar yuridik jihatdan nechog’lik bilimdon? Mana shunda gap ko’r, deydi u.

“Chunki bu yerda haqiqiy kurash bo’lishi kerak, quruq rasmiyatchilik bilan ish bitmaydi. O’zingiz o’ylab ko’ring, yiliga Rossiyadan Tojikistonga qancha tobut keladi. Raqamlarni bo’lib ko’rsangiz, har kun deyish mumkin. Bu shunchaki ish emas, haqiqiy kurash bo’lishi kerak”.
Renat Hamdamshin fikricha, Vladimir Putinning prezidentlikka qaytishi bilan tojikistonlik mehnat muhojirlari masalasida ijobiy o’zgarishlarga umid qilish mumkin.

Ba’zi tahlilchilar esa respublikada mehnat muhojirlari bilan ishlovchi maxsus vazirlik tashkil etish kerak degan taklifni olg’a suradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG