Breaking News

Vladimir Putin prezident sifatida qasamyod keltirdi


"Putinsiz Rossiya" deya hayqirdi kecha Moskvada yig'ilgan muxolifat
"Putinsiz Rossiya" deya hayqirdi kecha Moskvada yig'ilgan muxolifat

Bugun Rossiyada Vladimir Putin qasamyod keltirib, uchinchi prezidentlik muddatini boshladi. Moskvada esa kecha minglab odamlar Putinga qarshi namoyishga chiqdi.

Kremlda 2000 dan ziyod yuqori martabali arbob qatnashgan marosimda Vladimir Putin qo’lini konstitutsiyaga qo’yib, “fuqarolar huquqlari va erkinligini hurmat hamda himoya qilishga” va’da berdi.

Inauguratsiya oldidan Moskvada politsiya shay holatda edi.

Putin avvalgi ikki prezidentlik muddatini 2008-yilda tugatgan va shundan beri bosh vazir bo’lib xizmat qilayotgan edi. Joriy yilning 4-martida prezident saylovlarida ishonchli g’alabaga erishdi. Biroq muxolifat izohiga ko’ra, ovoz berish jarayoni xatolik va soxtalashtirishlarga to’la bo’lgan.

Putinning g’alabasi dunyoda bosiqlik bilan qarshi olindi. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, prezident saylovlari atayin uning foydasiga hal qilingan.

Kecha qasamyod kunidan oldin poytaxtda minglab odamlar namoyish qilib, politsiya bilan to’qnashdi. Kamida 250 fuqaro hibsga olindi.

Namoyishchilar shaharni kezib, “Putinsiz Rossiya” deya hayqirdi.

Politsiyaning bildirishicha, muxolifat “Millionlar yurishi” deya atayotgan bu chiqishda 8000 dan oshiq odam qatnashgan. Lekin oppozitsiya 100 ming kishi edik, deydi. Guvohlar nazarida bu raqam aslida 20 mingdan ko’p emas edi.

Muxolifat o’tgan yilning dekabrida parlament saylovlarini ham qalloblik, firibgarlik, deya bosh ko’targan edi.

Kechagi namoyishlar paytida odamlar Moskva daryosidan o’tgan ko’prikni kesib, markaziy maydonga kirishga uringan. Lekin politsiya ularni to’xtatgach, mushtlashuv boshlangan. Ayrimlar kuch bilan to’siqni buzishga harakat qilganida huquq-tartibot xodimlari to’qmoqlarni ishga solib, odamlarni qamashga tushdi. Hibsdagilar orasida so’lchilar harakati rahbari Sergey Udalsov, korrupsiyaga qarshi maqolalari bilan tanilgan blogger Aleksey Navalniy va liberallar sardori Boris Nemsov bor. Bir necha kishi jarohatlangan.

Rossiya muxolifati har xil guruhlarni o’z ichiga oladi: kechagi mashq paytida zo’ravonlikning har qanday ko’rinishini rad etuvchi Libertarianlar partiyasi va Sovet Ittifoqi bayroqlarini, kubalik kommunist inqilobchi Che Gevara tasvirlarini ko’targan odamlarni hamda monarxistlarni yonma-yon ko’rish mumkin edi.

Ularni birlashtiruvchi fikr shuki, Vladimir Putin Kremlda yana 12 yil qolmasligi kerak. Moskvalik Ira ismli qiz bugungi siyosatchilardan charchaganini aytadi.

Yakshanba kuni ko’chalarni to’ldirib chiqqanlar haqiqatni biladi. Rossiya kelajagi ijobiy tomonga o’zgarishini istaymiz, deydi u.

Anton ismli faol namoyishda qatnashaman deb Yekaterinburgdan Moskvaga 1600 kilometr yo’l bosib keldi. U inauguratsiya mutlaqo o’tkazilmasligi kerak edi, deb hisoblaydi.

“Yoki hech bo’lmasa, hukumat xalq oldida majburiyatini va xatolarini tan olsin. O’tgan yilning dekabridagi parlament saylovlari natijalarini bekor qilib, soxtalashtirishni e’tirof etib, jarayonni qayta o’tkazsin”, - deydi yekaterinburglik yigit.

Lekin tahlilchilar nazarida bugun ishga kirishgan Putin endi yon berishi gumon.

“Panorama” tahlil instituti xodimi Vladimir Pribilovskiy taxminicha, hukumat oppozitsiyani mensimaslik va obro’sizlantirish siyosatini yuritaveradi.

Ekspert so’zlariga ko’ra, davlat nazoratidagi matbuot muxolifatni kamsituvchi, aniq ish dasturi yo’q, tarqoq va ishonchsiz bir guruh ekanini ta’kidlovchi axborotni uzatishdan to’xtamaydi.

Hukumat tarafdorlari ham ommaviy chiqishlar uyushtirmoqda. 1-may kuni kamida 100 ming kishi Putin va Dmitriy Medvedev boshchiligida marsh o’tkazdi. Yakshanba kuni Moskvadagi G’alaba parkida Kremlga xayrixoh o’n minglab fuqarolar yig’ildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG