Breaking News

Putin: MDH - Rossiya uchun birlamchi masala


Kremlda uchrashuv, Moskva, 15-may 2012
Kremlda uchrashuv, Moskva, 15-may 2012

Moskvada Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) doirasidagi ikki tashkilot sammiti o’z ishini yakunladi.

Vladimir Putin Rossiyaning yangi prezident sifatida ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazdi, jumladan, O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan.

Avvalo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining 10 yillik faoliyati sarhisob qilindi. Hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro aloqalarni muvofiqlashtirish bo’yicha gaplashildi.

MDH norasmiy sammitida esa prezidentlar o’zaro aloqalarni kuchaytirishni muhokama qildi.

Karimov va Putin
Karimov va Putin
Karimov Putinning prezidentlikka qaytganidan mamnunligini izhor etib, uchinchi muddatga saylanishi xususida Putinga bir necha yillar avval aytganini eslatdi.

Rossiya rahbari O’zbekiston Rossiyaning mintaqadagi muhim hamkori, aloqalarni yanada rivojlantirish kerak deydi.

Rossiya va O’zbekiston aloqalari Putinning avvalgi prezidentlik davrida imzolangan ittifoqchilik shartnomasi bilan yodda qolgan. Bugunga kelib, bu ittifoqchilik bir qadar o’z ahamiyatini yo’qotgan.

Putin deydiki, uning yangi prezident sifatidagi ilk yirik xalqaro yig’ini MDH liderlari uchrashuvi ekani bejiz emas, chunki Rossiya uchun atrofdagi davlatlar bilan strategik sheriklik birlamchi masala.

MDH uchashuvi, Moskva, 15-may 2012
MDH uchashuvi, Moskva, 15-may 2012
Rossiyalik jurnalist Vyacheslav Raxmanov fikricha:

“Albatta Vladimir Putin sobiq Sovet davlatlari bilan munosabatini nisbatan o’zgartirishga harakat qiladi. Ehtimol manfaatlar himoyasida usullar o’zgarar… Yaqqol bosimlar o’rniga birinchi planga ko’proq iqtisodiy motivlar chiqarilishi mumkin, deylik, turli tashabbuslar ko’rinishida. Amalda, Rossiya Markaziy Osiyoni o’z ta’sirida saqlashning turli yo’llarini qo’llab keladi va bu davom etadi. Qirg’izistondagi AQSh harbiy bazasi bilan bog’liq mojaroning rivojlanishi bunga yaxshi misol. Bulardan qat’iy nazar, Putinning Markaziy Osiyo bilan aloqalari, albatta, Rossiyadagi vaziyatning qanday rivojlanishiga ham bog’liq. Chunki, Rossiyada Putin boshqaruviga nisbatan norozilik kuchayib bormoqda”.

Jurnalist tahlilicha, bugungi Putin avvalgi, faqat mutlaq g’alabaga ko’nikkan Putindan farq qiladi.

Moskvada sammit paytida Putinga qarshi tinimsiz namoyishlar
Moskvada sammit paytida Putinga qarshi tinimsiz namoyishlar
“Rossiyadagi bugungi vaziyat Putinning o’ziga bo’lgan mutlaq ishonchiga darz yetkazdi. Bu albatta o’z ta’sirini ko’rsatadi. Lekin u baribir Putinligicha qoladi, jumladan, MDH doirasidagi munosabatlarida ham. Oradagi turli ziddiyatlarga qaramasdan amaldagi rejimlarni qo’llashda davom etadi. Mintaqada G’arbdan andoza oladigan kuchlar bo’lishiga yo’l qo’ymaydi”, - deydi Raxmanov.

Markaziy Osiyo liderlari Putinning prezidentlikka qaytganidan taajjubda emas, deydi jurnalist. Rahbarlar Putinni, Putin ularni yaxshi biladi.

Putin olg’a surayotgan MDHda yangi integratsiyalashuv g’oyasi quruq tashabbus sifatida qoladi, deydi kuzatuvchilar. Ko’plab sharhlovchilar nazarida, Kreml bu taklif ijobiy qabul qilinmaganini anglab yetgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG