Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa, 480 million aholini o’z ichiga olgan mintaqa krizisdan sekin-asta tuzalib, iqtisodiy o’sish tomon qadam qo’ymoqda. Ammo ayrim hukumatlar oziq-ovqat va yonilg’i qimmatlab borayotganidan sarosimada.
Bu haqda Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasining Vashingtonda o’tayotgan yillik majlisida bayon qilindi.
Jahon bo’ylab narx-navo o’sishi tabiiy resurslar va xomashyo eksportiga tayanuvchi o’lkalarga katta daromad olib kelayotgan bo’lsa, importyor mamlakatlarni og’ir ahvolga solib qo’ygan.
“Qimmatchilik oqibatida 5,3 million odam qashshoqlikka yuz tutishi mumkin”, - deydi Teodor Alers, Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturlari direktori.
Sharqiy va markaziy Yevropa, sobiq Sovet respublikalari va Turkiya, jami 30 mamlakatni o’z ichiga olgan region 2008-2009 yillarda moliyaviy tanazzuldan qattiq zarba yegan edi.
“Bugungi kunda iqtisodiy manzara ancha ijobiylashgani ko’zga tashlanadi va kelasi ikki yilda o’sish sur’ati o’rtacha 4,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Ayniqsa Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi bu borada peshqadam, asosan eksport, savdo-sotiq va ishchi migrantlar vataniga yuborayotgan pul hisobiga”, - deydi Jahon Banki vakili.
Inflyatsiyaning har bir davlatga ta’siri turlicha. Dunyo bozorida yonilg’i qimmatlab borayotgani Ozarbayjon, Qozog’iston va Rossiya singari yirik eksportyorlar uchun koni foyda. Neft ta’minotining 15 foizi mana shu uchala davlat hissasiga to’g’ri keladi.
Qirg’iziston, Tojikiston, Armaniston, Gruziya va Moldovada esa shuning teskarisi. Bu hukumatlar byudjetning katta bo’lagini yonilg’i va oziq-ovqat ehtiyojlarini qoplashga sarflamoqda.
“Inflyatsiyaning ijtimoiy nochor qatlamga ta’siri ayniqsa kuchli, chunki aholining xarid quvvatini pasaytirib yuboradi”, - deydi Ivon Sikara, Jahon Bankining kambag’allikka qarshi kurash dasturlari rahbari.
Uning aytishicha, maosh miqdori iste’mol talabiga mos emasligi - aholining shundoq ham g’aribona hayotini og’irlashtirayotgan yana bir omil.
Jahon Banki hisobiga ko’ra, o’tgan yili Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada oziq-ovqat bahosi keskin ko’tarilgan ikki davlat bu - Qirg’iziston (27 foiz) va Gruziya (23 foiz). Yonilg’i narxiga kelsak, O’zbekiston 32 foiz bilan birinchi o’rinda.
“Ishsizlik va aholi turmushini yaxshilashga doir samarali choralar ko’rilmas ekan, Qirg’izistonda qashshoqlik darajasi 11 foiz va Tojikistonda 8 foizga oshishi kutilmoqda. Bu hukumatlarning tashqi moliyaviy yordamga tobeligini ham kuchaytirishi turgan gap”, - deydi Ivon Sikara.
Tashkilot berayotgan ma’lumotga ko’ra kuniga 2,5 dollardan kam daromad qiluvchi insonlar qashshoqlar toifasiga kiradi.
Jahon Bankining region bo’yicha tahlilnomasida yuqori o’sish sur’atlari (8 foizdan ziyod) bilan ajralib turgan ikki respublika - O’zbekiston va Turkmaniston. Bu amaldagi iqtisodiy siyosat to’g’ri ekanini, aholi farovonligi yildan yilga yuksalib borayotgani haqidagi rasmiy bayonotlarni tasdiqlab turganday.
Ammo O’zbekistondagi hayotga kundalik turmush, oylik-maoshlar va bozordagi narxlarga qarab baho beradigan fuqarolar va mahalliy iqtisodchilar Jahon Banki berayotgan ijobiy ko’rsatkichlarga shubha bilan qarashi tabiiy. Chunki xalqaro tashkilotlar ham O’zbekiston statistika idoralari bergan ma’lumotdan foydalanadi. Rasmiy raqamlarga esa ishonch past.
Teodor Alers, Jahon Bankinining Markaziy Osiyo va Yevropa dasturlari direktori deydiki, O’zbekiston va Turkmaniston jahon bozorida qimmatlagan tovar va mahsulotlar, xususan tabiiy resurslar eksportidan mo’may daromad olayapti.
“Bu iqtisodiy o’sishga katta hissa qo’shayotgani shubhasiz”.
“Statistik ma’lumotlar qanchalik to’g’ri yoki noto’g’ri ekani doimo ko’tariladigan mavzu. O’zbekistonda, deylik, qashshoqlik darajasi birmuncha kamaygani to’g’risida rad etib bo’lmaydigan dalil-hujjatlar mavjud”, - deydi janob Alers.
“O’zbekiston hukumatidan iqtisodiy ko’rsatkichlarni to’laligicha omma e’tiboriga havola etishni, raqamlarni ochiq va oshkora muhokama qilishni so’rab kelamiz. Bu borada muhokamalar davom etyapti. Progress bor”, - deya qayd etadi Jahon Banki rasmiysi.