Breaking News

O'zbekistonda kelajak egalari qay ahvolda?


Rossiyada ish bor desa, ketaveradi

O’zbekiston yoshlarining jamiyatdagi o’rni, iqtidori va dunyoqarashi haqida turli munozarali fikrlar mavjud.

Ayrimlar nazarida orzuga erishish yo’lida qiyinchilikka uchragan yoshlar qanoatni dindan izlamoqda.

Jamiyatda o’zgarish qilishga intilgan yoshlar esa ma’muriy to’siq, bosim bilan to’qnash kelmoqda. Hukumat va jamiyat e’tiboridan chetda qolgan yoshlar ijtimoiy xavf manbai sifatida ko’riladi.

“Faol” nohukumat tashkiloti rahbari Qobil Xidirovning aytishicha uning safdoshlari qishloq yoshlari o`rtasida ijtimoiy xavfni bartaraf etishga qaratilgan loyiha ustida ishlamoqda. Jahon Banki mazkur loyihani moliyalashga va'da bergan.

“Loyiha "Nodavlat tashkilotlarning qishloq yoshlari bilan ishlash salohiyatini kuchaytirish" deb nomlanadi. Yoshlar bilan qanday ishlash kerak ? Ular uchun nima qilish kerak? Qishloq yoshlarining aksariyati ta'lim olmayapti va ishsiz. Bu ijtimoiy xavf. Odam savdosining asosiy qurboni ham yoshlar bo'lyapti. Ular orasida jinoyatchilik ko'paymoqda. Ular bilan bog'lanish kerak”.

Bu nodavlat tashkilotning maqsadi yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faollikka jalb etish. Qobil Xidirov fikricha qishloq yoshlarida axborot olish imkoniyati ko'p hollarda cheklangan ekan, ularning turli guruh va harakatlarga qo'shilish ehtimoli kuchli.

“Masalan, ketdik Rossiyaga ishga boramiz desa, ketaverishi mumkin. Chunki ular Rossiyada taqirboshlar faoliyati kuchaygani va borsa, hayoti tahdid ostida ekanini bilmaydi. Rossiya borib ular O'zbekistondagidan ham quyi qatlam vakiliga aylanadi yoki boshqa guruhlar ta’siriga tushib qoladi”, - deydi Xidirov.

Asosiy muammo - ishsizlik

Yoshlar muammosi bilan shug`ullanuvchi “Veritas” nodavlat tashkiloti rahbari Suhrob Ismoilov nazarida bugungi asosiy muammo - ishsizlik.

“Nafaqat yoshlar balki boshqa qatlamlarning ham davlatdan noroziligi shuki ularning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy huquqlari ta'minlanmayapti. Masalan, bir korxonada juda og'ir mehnat qilib, atigi 150-180 ming so'm pul topayapsiz. Byudjet tashkilotida ishlayotgan odamlarning maoshlarini o`zlaridan so`ramasdan 70 foizini kartochkaga o`tkazish, 30 foizi turli xarajatlar uchun ushlab qolinishi odamlarni, ayniqsa yoshlarni juda qiynab qo'ygan”, - deydi Ismoilov.

O`zbekiston aholisining 60 foizdan ko`pini yoshlar tashkil etadi. Mustaqillik davrida voyaga etgan yoshlarda bir tomondan qisqa fursatga bo`lsa-da, dunyoga chiqish imkoniyati tug`ildi.

Ikkinchi tomondan esa aksariyat yoshlar mustaqillik mashaqqatlari bilan to'qnash keldi. Yurtida ish topolmagan yoshlar chet elda mehnat qilish imkoniyatlarini qidira boshladi. Rossiya, Qozog'iston va Janubiy Koreya singari davlatlarga yo'naldi. Migrant ishchilar esa har yerda ham hurmat qilinavermaydi.

“Moliyaviy inqiroz haqidagi gaplardan keyin muhojirlar oqimi susaygandek bo`ldi. Rossiya va Qozog`istondagi qiyinchiliklardan qochib O`zbekistonga qaytgan yoshlar uchun bir muqobil variant taklif qilinmadi. Hozir qiyinchilik, ish haqi ozligiga qaramasdan bu yoshlar yana qaytib ketmoqda”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Yoshlar dindan madad izlamoqda

“Hozirgi yoshlar orasida islomga e'tibor katta”, - deydi Qobil Xidirov.

Ko'plab yoshlar hayot mashaqqatlariga yechimni e'tiqoddan izlamoqda, ammo diniy ta'lim mukammal yo'lga qo'yilmagan. Gap bilim va tarbiyadada, deydi kuzatuvchilar.

“Mentalitetimizda dinga nisbatan munosabat juda kuchli. Hozir yoshlarni dindan uzib qo'yayapmiz, olib qochayapmiz. Bu bizning katta xatomiz. Yoshlar islom dini farz amallarini to'g'ri tushunsa, hech qachon turli oqimlarga qo'shilib ketmaydi”, - deydi jurnalist Avaz Xo`jayev.

Tarixchi olim Fayzulla Isxoqov nazarida davlat kelajak avlodga ta'lim berishdek muhim ishni eplay olmayapti.

“Aholi tinch bo`lishi uchun birinchidan ish bilan ta`minlanishi kerak. Mustaqil bo`lganimizga 18 yil bo`ldi. Hozirgacha davlat ham, boshqa tashkilotlar ham vaziyat bo`yicha jiddiy, hammani qoniqtiradigan tushuntirish bermadi. Hozir arava tortib yurgan bolalar birorta badiiy kitob o’qimagan. Kechagi tarixni bilmaydi. Ularni og’dirib olish juda oson. Moddiy va ma`naviy ozuqa ham berilishi kerak odamlarga”, - deydi tarixchi.

Mamlakatda diniy ekstremizmda ayblangan minglab kishilar qamoqda saqlanmoqda. Diniy aqidaparastlik, ekstremistik kayfiyatning kuchayishi yoshlarni iqtisodiy qiyinchilikka duch kelayotgani, bilimsizligi, dunyoqarashi shakllanmagani kabi sabablar bilan izohlab kelinadi.

2009 yildan “Nurchilar” oqimi ustidan boshlangan sud jarayoni salohiyatli va iqtidorli yoshlar ham ekstremizmda ayblanayotganini ko`rsatdi. “Nurchilik”da ayblanayotgan yoshlar yurt taraqqiyoti va rivojlanishi uchun xizmat qilishayotganini ta`kidlashdi.

“Ularga terrorchilar tamg`asini bosishga harakat qilishmoqda. Nurchilarning o’z ta`limoti - “Modern islom” degan tushuncha kengaymoqda. Ya’ni ilohiy va dunyoviy amallarni birdek ushlagan holda o`z qarashlarini shakllantirayotgan diniy guruh. Qonuniy tarzda muxolif siyosiy partiyalarga birlashish imkoni yo`q ekan, albatta jamiyatda o`zgarish qilishni lozim topgan ilg`or guruhlar birlashishni boshlaydi, jumladan diniy aqidalarga ko`ra ham. Bu har qanday demokratik davlat uchun normal holat”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Hukumat “Nurchilarni” nafaqat ekstremizm, terrorchilik, balki turkchilikda ham aybladi.

Turk litseylarida ta`lim olgan ayrim yoshlar turkiy birlik, Turkiya yetakchiligida birlashish kabi maqsadni olg'a suradi, deydi mutaxassislar. Bu esa tuzumga nisbatan tahdid sifatida ko'riladi.

"Bu harakatda 20 turk qavmlari orasida faqat turklarni bosh millat sifatida ko'tarish maqsadi bor. Mening tasavvurim shunday. Shoirlarimiz “Sen qachon musht bo`lasan, Ona Turkiston” deydi. Qozoq, qirg'iz, o`zbek, tojik, turkman nazarda tutilayapti. Lekin hozir bu davlatlarning o`z yo`nalishi, o`z qadriyatlari bor. Bu davlatlar yagona millat sifatida birlashishi qiyin”, - deydi Avaz Xo`jayev.

Mintaqa yoshlari o'rtasida aloqa deyarli to'xtagan

O'zbekiston va qo'shni davlat yoshlari orasida muntazam aloqa yo'lga qo'yilmagan. Qobil Xidirov singari faollar nazarida bu ishga nodavlat tashkilotlar yetakchilik qilishi kerak.

“Lekin nodavlat tashkilotlarda buning uchun mablag’ yo'q. Qolaversa, yoshlar o'rtasida erkin aloqa bo'lishi uchun avvalo davlatlar o'rtasida shunday bir konsepsiya ishlab chiqilishi kerak”, - Qobil Xidirov.

Ertangi avlodning qiyofasi qanday?

Vaqt taqazosi bilan ertaga hukumatga keladigan yoshlarning qanday tushuncha va mafkura egalari bo'lishi hozircha mavhum.

O'zbekistonda rasmiy partiyalar yoshlar orasidan sodiq a'zolar topishga, ularni o'z qanotiga olishga harakat qilib keladi. Lekin jamoatchilik bu partiyalarni bir-biridan ajratishga, ularning o'zi xos jihatlarini anglashga qiynalar ekan, kelajak haqida gapirish qiyin.

Hukumat milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirishga qanchalik urinmasin, jamiyatda erkin fikrlash va so'zlashga imkon berilmas ekan, ertangi avlod hozirgiga qaraganda faolroq bo'lishi shubha ostida.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG