Breaking News

Hayit namozi o'qildi, biroq masjidlar avvalgidek erkin emas


Toshkentda hayit namozi tonggi yomg’ir shitir-shitiri ostida o’qildi. Poytaxt machitlaridan biri tongdanoq odam bilan to'lib-toshdi, yuzlab kishilar machitga sig’madi.

Yon-atrofda joynamoz to'shash uchun bosh joy qolmagan. Namoz uchun kelayotgan, imkon qadar safda turishga urinayotgan odamlarning oxiri ko'rinmayotgandek.

Bir qarashda mamlakatda namozxonlar soni kun sayin ortayotgandek, biror tazyiq-to'siqlar yo'qdek tuyuladi. Biroq namozxonlar bilan suhbat vaziyat bir qadar boshqa ekanidan darak beradi.

“Hammasida davlatning o’zi aybdor. Mahalla machitlarida juma namozi, hayit namozlarini o'qish taqiqlab qo'yilgan. Shuning uchun uzoq bo'lsa-da, kattaroq machitga kelishga majburmiz. Agar mahalla machitlariga ruxsat berilganda, odamlar bu darajada sig'masdan, ko'chalarga chiqib ketmagan bo'lardi”, - deydi namozxonlardan biri.

Faollarga ko'ra, namozxonlarga munosabat tobora keskinlashmoqda. Diniy e'tiqod bo'yicha qamashlar davom etayapti, dindorlarning siyosiy-ijtimoiy hayotga aralashuvi keskin cheklanadi. Yaqin-yaqindan davlat korxonalarida namoz o'qish jinoyatga qiyoslana boshlagan. Namoz o'qishga jazm etgan xodimlar “jinoiy ish ochamiz” degan po’pisalar bilan ogohlantirilgan. Juma namoziga yoshlarning jalb etilishi ham xatarli ish sanaladi.

“Oxirgi paytda 14-15 yoshli bolalarni machitga qo'ymaslikka harakat qilinayapti. Lekin bu bolalar hukumat o'zi qayd etgan machitlarga kelib, rasman aytilayotgan amru-ma'riflarni eshitib, din haqida tushuncha olmasa, boshqa qayerdan tushuncha olsin? Yoshlarga hukumat zo’raki tashkil etayotgan ko'ngilochar tadbirlarni, tizimlarni keragi yo'q. Ularga o'zidagi bo'shliqni to'ldirish uchun mukammal ma'naviy ozuqa kerak”, - deydi yana bir namozxon.

AQSh Davlat departamenti dunyoda diniy e'tiqod erkinligi bo'yicha chiqargan 2009 yilgi hisobotida O'zbekistonni alohida tashvishga molik davlatlar qatorida qoldirgan. Biroq namoz o'qish, machitlarga qatnash bo'yicha O'zbekistonda nisbatan o'zgarishlar borligi ham ta'kidlangan. Shuningdek, hisobotda noqonuniy diniy oqimlarga a'zolikda ayblab qamashlar davom etayotgani aytiladi.

Huquq himoyachilariga ko'ra, hukumat noqonuniy diniy guruhlar haqida gapirar ekan, namozxonlarga nisbatan tazyiq va qiynoqlar qo'llanayotganini yoddan chiqarmoqda.

“Terrorchilar, ektremistik tashkilotlar haqida gapirayotib, davlatni dinga munosabati, qamoqxonalarda dindorlarga nisbatan tazyiq, qiynoqlar haqida gapirishimiz kerak. Davlat agar kelajakda avholni o'zgartiraman desa, dindorlarga, mustaqil diniy guruhlarga nisbatan munosabatini inson huquqlari mezoniga moslashi kerak”, - deydi “Tezkor guruh” tahlilchisi Suhrob Ismoilov.

Faollar nazaroda bugungi O'zbekston jamiyatida dinning o'rni mavhum, ayniqsa o'sib borayotgan yoshlar ehtiyoji hisobga olinmagan.

“Yoshlarimiz orasida juda ziyrak yigit-qizlarimiz bor. Ular diniy peshvolarni islom haqida turli savollarga ko'mib tashlashadi, ular bunday savollarga javob berolmay qolishadi. Shuning uchun ham xalq bilan yuzma-yuz bo'lishga qo'rqadi. Natijada bu soha bizda juda oqsamoqda. Xalq islomni nimaligini, davlat nimaligini tushunishga qiynalmoqda. Shuning uchun katta chekinishlar qilyapmiz. Davlat ruxsat berishi, islom haqida maktablarda dars berilishi kerak. Farzandlarimiz tushunmasdan turib qadam qo'yishmasin”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.

Mintaqaning ayrim davlatlarida diniy ta'lim asoslari maktabdan boshlab o'qitiladi. Maqsad yoshlarda islom haqida tasavvurni shakllantirish, ularning turli oqimlarga qo'shilib ketmasligini ta'minlash.

Sharhlovchilar fikricha, mintaqada eng ko'p musulmon aholiga ega O'zbekistonda diniy ta'limga nisbatan e'tiborsizlik ostida nima yotgani haqida faqat taxmin qilish mumkin, xolos.

XS
SM
MD
LG