O'zbekistonda konstitutsiya qabul qilingan kunning 16 yilligi nishonlandi. Mamlakat bosh qomusida e'tiqod erkinligining ta'minlanishi ta'kidlanadi, biroq O'zbekiston dindorlarni ta'qib qiladigan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.
Mahalliy faollar qamoqdagi musulmonlar soni oshib borayotganini ta'kidlasa, hukumat terrorizm va ekstremizm tahdidi haqida gapiradi.
Yaqinda diniy e'tiqodi tufayli qamalgan mahbusning onasi Mohira Shoqosimova, O'zbekistonda dindorlarga nisbatan tazyiqlarni to'xtatishni so'rab, dunyo jamoatchiligiga murojaat bilan chiqdi.
Bundan avval Mohira Shoqosimova O'zbekiston prezidentiga, bosh prokurorga, Oliy Majlisga diniy e'tiqodga nisbatan bosim kuchayayotgani haqida murojaat yuborgan.
Uning o'g'li Abduhakim Shoqosimov 2000 yilda noqonuniy diniy guruhga a'zolik, aksilkonstitutsiyaviy faoliyatda ayblanib, 14 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Mohira Shoqosimova o'g'liga soxta jinoiy ayb qo'yilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo'llanilayotgani haqida gapiradi.
“Qamoqxonada odamlarni namoz o'qishgani uchun tahqirlashgan, yashirin o'qinglar namozni deyishgan. Bolam namozni yashirmasdan o'qigan, keyin uni Andijondagi yopiq zonaga jo'natishgan. Ochiq ravishda namoz o'qiyman deb 16 kun ochlik e'lon qilgan. Endi, urib qiynagandan keyin, hammasi aybni bo`yniga oladi”, - deydi Shoqosimova.
Huquq himoyachilariga ko'ra, Abduhakim Shoqosimov ustidan o'tgan sud jarayoni diniy motivlar bilan qamalgan boshqa mahbuslar ishlariga juda o'xshash. Qamoqdagi diniy e'tiqod mahbuslari soni haqida rasman ma'lumotlar yo`q, norasmiy raqamlarda ular soni 7-8 ming kishi atrofida keltiriladi.
O'zbekistondagi sud tajribasida diniy e'tiqod bo'yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan kishini aybi isbotlanmagani uchun ozod qilingani istisnodagi holatlardan.
“2000-2001 yillarda shunday bir holat bo'lganini eslayman. Shayhontohur tumani jinoiy ishlar sudi “Hizb-ut-Tahrir”ga a'zolikda ayblangan bir yigitni dalillar yo'qligi uchun ozod qilgan edi. Keyin bu sudyaga bosim o'tkazilgan va u ishga chiqmay qolgandi. Demoqchimanki, bu ishlarni hammasi tepadan berilgan buyruqqa ko'ra bo'ladi. Ularni “Hizb-ut-Tahrir”ga a'zo bo'lishi qiyin, ikkinchidan jamoatchilik uchun xavfli ekanligi mutlaqo isbotlanmagan”, - deydi bu borada O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.
Surat Ikromov mamlakatda diniy e'tiqod bo'yicha ta'qiblar kuchayganini ta'kidlar ekan, ayni paytda Toshkentda “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanayotgan 25 ga yaqin ayollar ustidan tergov ishlari ketayotganini bildiradi.
“Bu ayollarni hammasiga bosim o'tkazilmoqda. Bir nechtasi “Hizb-ut-Tahrir” oqimining ayollar qanoti rahbarligida ayblanyapti. Lekin baribir buni tasdiqlovchi dalillar bo'lmasa kerak”, - deydi huquq himoyachisi.
AQSh Davlat departamentining inson huquqlari borasida chiqargan hisobotida O'zbekiston diniy e'tiqod bo'yicha keskin ta'qiblar yuritayotgan davlat sifatida qayd etiladi.
Rasmiy Toshkent bu hisobotlarni tan olmaydi, din va e'tiqod erkinligi ta'minlangani, o'nlab diniy tashkilotalr erkin faoliyatda ekanini ta'kidlab keladi. Toshkentdagi masjidlardan birida ishlayotgan xodimga ko'ra, musulmonlar e'tiqodini cheklash yo`q, faqat adashganlar bundan mustasno.
“Hozir ibodat qilish uchun, namoz o'qish uchun hech qanday to'siqlar yo'q. Davlat tomonidan ham. Hozir odamlarni o'zlari ajratib olyapti, qaysi biri sha'riy to'g'ri yo'l, qaysi biri adashganlar toifasining yo'li ekanini”.
Boshqa bir dindorga ko'ra, O'zbekiston hukumati aqidaparastlik bilan kurashishni istasa diniy ta'lim olishga imkoniyat yaratishi kerak.
“Aqidaparastlikka qarshi kurashish uchun ko'proq ilm berilishi kerak. Hech bo'lmasa maktablarda ozginadan ahli-sunnat yo'li haqida bilim berib borilsa, aqidaparastlar o'z-o'zidan yo'q bo`ladi. Ayollarimizga, qizlarimizga maktablarda hijob kiyishga ruxsat yo'q”, - deydi u.
“Adashganlar” deyilganda odatda “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi nazarda tutiladi. Bu diniy oqim yaqingacha Qirg'izistonda rasman faoliyat yuritib keldi. O'zbekistondan tashqari mintaqaning biror davlatida “Hizb-ut-Tahrir”ga a'zolik uchun musulmonlar qamoqqa tashlanmagan edi.
“Hatto qo'shni davlatlarda ham nisbatan erkin. Dindor kishini O'zbekistondagi kabi militsiya kelib, turtib so'roq qilmaydi. Odamlarning e'tiqod erkinligi ta'minlangan”, - deb vaziyatni solishtiradi huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o'g'li.
Surat Ikromovga ko'ra, faqat O'zbekiston hukumati musulmonlarni fikr yuritayotgani uchun jazolamoqda.
“57 ta musulmon davlatlari bo'lsa, ulalrning birortasida “Hizb-ut-Tahrir” ta'qiqlanmagan, chunki bu guruhni zo'ravonlikka mutlaqo aloqasi yo'q. Faqat bizda shunday bo'lyapti. O'z-o'zidan savol tug'iladi - nega kuch ishlatilyapti degan. Menimcha bu O'zbekiston hukumatining eng katta strategik xatolaridan. Ularni terrorchi, xafvli deb bahona qilyapti, lekin hech qaysi davlatda ularga bunday e'tibor berilayotgani yo'q. Chunki ularni xalifat qurish haqidagi maqsadi XXI asrga mutlaqo to'g'ri kelmaydi”, - deydi Surat Ikromov.
Yaqinda Hindistonning Mumbay shahrida terror harakatlaridan 200 ga yaqin kishining qurbon bo'lishi islom va terrorizm muammosini yana muhokamaga qo'ydi. Hozircha bu borada tergov ishlari aniq bir xulosaga kelmagan bo'lsada, bu harakatga diniy terrorizm sifatida qaralmoqda.
O'zbekistondagi mulohalazalarga ko'ra, terror ildizini islomdan izlash kerak emas.
“Buning sababini dindan qidirish ahmoqlik deb o'ylayman. Bu hammasi siyosat bilan bog'liq. Biror davlatda qandaydir siyosiy bo'hronlar bo'lsa, undan chiqish yo`llarini urushda, yoki ana shunday harakatlarni uyushtirishda ko'rish mumkin. Mening fikrimcha bu din bilan emas, siyosat bilan bog'liq”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.
Surat Ikromovga ko'ra ham terrorizm ildiz otayotganining sababi siyosatchilarda.
“Mumbayda bo'lgan voqealarni olsak, Hindiston aholisining bir qismi musulmon ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Ular o'rtasida avval ham ziddiyat bo'lgan. Lekin bu yerda ayb asosan siyosatchilarda. Davlat rahbarlari nimani talashyapmiz, yer yuzida xudo bitta, deb dinlar-aro muloqotni boshlashi lozim. Lekin ular bu ishni qilmaydi. Islom dinida terror, odam o'ldirishning o'zi gunoh”, - deydi Ikromov.
Sharqshunos olimlardan biri Hindistondagi terrorchilik negizida hindistonlik musulmonlarga nisbatan munosabat yotganligini taxmin qiladi. Unga ko'ra rasman 100 milliondan oshiq musulmon aholisi bo'lgan Hindistonda, ularning haq-huquqlari, jumladan mamlakat boshqaruvidagi ishtiroki qoniqarli emas.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov global miqyosda islom terrorizmi degan tushuncha ommaviylashayotganini ta'kidlar ekan, bu asossiz tushunchani o'lchovchi mezonlar yo'qligini aytadi.
“Dunyoda islom terrorizmi degan tushuncha tobora manfiy iz qoldirmoqda. Lekin buning sabablarini aniqlovchi mezonlar hamon yaratilmagan”, - deydi u.
Oripovga ko'ra, O'zbekistonda soxta terrorchilar, ekstremistlar yaratilayotganligi ham shu maqsad uchun xizmat qilmoqda.
O'zbekiston aholisining 90 foizdan ko'pi musulmonlar. Konstitutsiyasiga ko'ra dunyoviy davlat va diniy e'tiqod erkinligi kafolatlanishi belgilangan. Sharhlovchilarga ko'ra, O'zbekiston konstitutsiyasida ifoda etilgan so'z va e'tiqod erkinligi mamlakatda keskin ta'qib ostida qolmoqda.