"Qizlarni o'qiting" (Video - English)
Obama islom dunyosini ayol huquqi va sha’nini hurmat qilishga, ularni fundamental erkinliklardan ayirmaslikka, har sohada teng inson sifatida ko’rishga, yoshlarni esa “kelajagim o'z qo’limda” deb ishonishga undadi.
Musulmon jamiyatlarida, jannat onalarimizning oyog’i ostida degan naqlni tez-tez eshitamiz.
Lekin ko’plab islomiy tuzumlarda xotin-qizlar huquqi cheklangan.
Obama Qohiradagi nutqida inson borki, ayolmi yoki erkak, o’z taqdirini o’zi hal etish huquqiga ega deya ta’kidladi.
Obama fikricha qizlarni o'qitmaslik, ularga ziyo ulashmaslik – ayollarni eng uzviy erkinlikdan ayirish demakdir.
“Qizlarimiz o’g’illarimiz bilan yonma-yon turib, qay jabhada bo’lmasin, jamiyat ravnaqi uchun hissa qo’shishi kerak. Ular bunga qodir”, - deydi AQSh rahbari.
Obama nazarida ayol qay dinga e’tiqod qilmasin, ilm olishdek ne’matdan bahramand bo’lishi lozim.
“Turkiya, Pokiston, Bangladesh va Indoneziyada ayol rahbarlikka saylanib, hokimiyatni boshqargani ulkan yutuq”, - deydi Obama.
“Xotin-qizlarning siyosatga kirishi Amerika va boshqa rivojlangan davlatlarda ham oson bo’lmagan va hozirgacha qator to’siqlarga uchrab keladi”,- deya tan oladi Barak Obama.
AQSh musulmon mamlakatlarida xotin-qizlar sifatli ta’lim olishi, kasb-hunarli bo’lishi va ularning sog’lig’ini saqlash uchun yangi dasturlar boshlash va buning uchun millionlab dollar mablag’ ajratishga tayyor.
Zamonaviylashish madaniyatga putur yetkazmaydi
“Yaponiya va Janubiy Koreya boy madaniyatni saqlab qolgan holda rivojlanish mumkinligini isbotlagan”,- deydi Obama.
“Islom tarixiga nazar tashlasak, bu dinga ergashgan xalqlar ilm-fan va taraqqiyot bobida yuksak cho’qqilarga yeta olganini ko’ramiz. O’tmishdan saboq olib, oldinga intilishga harakat qiling”,- deydi Obama musulmon ahliga qarata.
“Amerika musulmon yoshlari uchun o’z ilm dargohlarida bilim olish, zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, tajriba almashish va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi”,- deydi Obama.
AQSh rahbari nazarida yoshlar uchun yangi eshiklar ochish, ish topib, global maydonda fikr almasha olishi uchun sharoit yaratish har bir hukumat oldida turgan vazifalardan biri.
“Ertangi kun yorug’ bo’lishi uchun yosh avlod ongi mustahkam, dunyoqarashi keng va ruhan tetik bo’lishi lozim”,- deydi u.
"Hammamiz xudoning bandalari ekanmiz, bir-birimizga ishonishimiz kerak"
Obama madaniyatlararo to’qnashuv insoniyat kelajagiga raxna solmoqda degan fikrga qo’shilmaydi.
Uning aytishicha, tafovutlar hamisha bo’lgan va davom etadi.
Qo’rqinch, ishonchsizlik va nafratga berilmay, o’tmishga bog’lanib qolmay, bugun va erta haqida o’ylash kerak, deydi u.
“Bu dunyo, bu hayot g’animat. Umr qisqa”,- deydi Obama.
“Biz umrimizni talashib yoki urushib o’tkazamizmi yoki birdamlik yo’lini tanlab, farzandlarimiz va insoniyat kelajagi haqida o’ylaymizmi? “- deya so’radi Obama.
Obama har bir dinga xos bir qadriyatni tilga oldi: inson hamisha yaxshilik tomon intilishi shart.
“Quronu karimda”,- deya keltirdi Obama, “E, inson! Biz sizni erkak va ayol qilib yaratdik; xalq va qabilalarga bo’ldik toki bir-biringiz haqida biling va o’rganing deyilgan. Talmudda ham asosiy maqsad tinchlikni targ’ib qilish deyilgan. Injilda ham tinchlik elchilari xudoning bandalari deyilgan”.
“Dunyo tinchlikda yashay oladi. Xudo shuni maqsad qilgan. Har bir insondan buning uchun o’z hissasini qo’shish kutiladi”,- dedi Obama bugun musulmon dunyosiga qilgan murojaatida.