Breaking News

Dunyo ahli Obamani qanday baholamoqda?


Jahonning eng ko’p aholiga ega davlatlari – Xitoy, Hindiston, Indoneziya va Rossiyada o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasi shundan dalolat bermoqdaki, bu mamlakatlarda AQSh prezidenti Barak Obamaning obro’si baland.

Ammo xalqaro maydonda omma fikrini o’rganuvchi tashkilot olib borgan tadqiqotlar jamoatchilik Amerikaga gegemon davlat sifatida qarashini ham ko’rsatgan.

Barak Obama siz uchun to’g’ri qarorlar qabul qila oladimi deb so’ralganida, ko’pchilik unga ishonch buldirmoqda. Lekin odamlarning Obama va Amerikaga nisbatan qarashlari bir emas. Obamaga ijobiy, AQShga esa biroz salbiy.



20 davlatda olib borilgan so’rovlar natijasiga ko’ra, jamoatchilik AQSh o’z harbiy qudratidan siyosiy maqsadlarda foydalanadi degan fikrda.

Respondentlarning 77 foizi Amerika qo’rqinch uyg’otadi degan.

Qo’shma Shtatlarga nisbatan munosabatni butunlay salbiy yoki ijobiy deya olmaymiz.

Tinchlik va urush masalalari bo’yicha tahlilchi Randa Smit fikricha ushbu so’rovlar va xulosa Obama va uning ma’muriyati nazaridan chetda qolmasligi kerak.

“Haqiqat shuki odamlar Obamaga umid bilan qaramoqda. AQSh prezidenti qisqa muddatda ko’zga ko’rinarli muvaffaqqiyatlarga erishib, dunyo ahliga tinchlikparvar lider ekanini isbotlashi lozim. Bu bilan Amerikaga nisbatan qarashlar ham biroz yumshashi mumkin. Yaqin Sharq eng dolzarb masala”.

Quddusdagi bozorda falastinliklardan biri Barak Obama insonparvar odamga o’xshaydi deydi.

“Qohirada aytgan gaplari odamni ancha quvontirdi. Haqso’z, rostgo’y insonga o’xshaydi. Biz yordam kutayapmiz”.

“Obama dunyoni tebratmoqda deya olmaymiz. Lekin jahon ahlini uyg’onishga undayotgani rost. Barqarorlik, hamkorlik va hamjihatlik haqida gapiryapti”,- deydi Quddusdagi yahudiylardan biri.

Barak Obama AQSh qo’shinlarini Iroqdan va’da berganidek 2011 yilgacha olib chiqishi kerak, deydi tahlilchilar. Amerika musulmonlar bilan aloqani tiklashga bel bog’laganini amalda isbotlashi, xalqlar bilan bog’lanishi kerak.

“Islom dunyosi bilan muloqotni to’xtatmasligi, samimiy muzokaralar olib borishi, ularga haqiqatni aytishi, erkinlik va demokratiya aslida nima ekanini, huquq va adolat din tanlamasligini tushuntira olishi lozim”,- deydi Randa Slim.

Stiven Kall Amerikaning global imijini o’rganib kelayotgan olimlardan. Obamani ochiqroq gapirishga undamoqda.

“Amerikaning islomiy partiyalar haqida bugungi fikri qanday? Qohiradagi nutqida bu borada aniq narsa aytgani yo’q. Musulmon dunyosida odamlar “bizning siyosiy partiyalarimizni Amerika o’z manfaatlariga qarab tan oladi va demokratik harakatlarni birdek ko’rmaydi” degan qarash hukmron. Erkinlik istagan, dindor musulmonlar juda norozi. Jumladan Indoneziyada bunga yaqqol guvoh bo’lasiz”,- deydi Kall.

Lekin Indoneziyada ommaning 54 foizi Barak Obamaga ishonch va umid bilan qaramoqda.

“Oilasini e’zozlagan odammi, demak jamiyatni ham e’zozlaydi”,- deydi bir ayol.

Xitoyda respondentlarning 55 foizi Obama gaplarida tursa kerak degan fikrda.

“U yangi zamon odami. Yangicha fikrlari bilan odamlarni o’ziga qaratmoqda. Menga juda ma’qul”,- deydi xitoyliklardan biri.

Amerikadan norozi odamlar ham xalqaro masalalarni bu davlatgina yecha oladi deydi. Ular fikricha AQSh global muammolar bilan shug’ullanishga qurbi yetadigan davlat.

XS
SM
MD
LG