Breaking News

Barak Obamaning musulmonlarga murojaati ijobiy kutib olingan


Obama Misr- diktatura hukmron bir jamiyatdan turib gapirdi.

Islom dunyosidagi demokratiya tarafdorlari, xususan Misrning o’zida erkinlik kuychisi sifatida tanilgan Ayman Nur, taniqli muxolifatchi, “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Obamaning ma’ruzasini yuqori baholagan.

Hukumatga qarshi harakatlarda ayblanib, bir necha bor qamoqda o’tirib chiqqan Ayman Nur fikricha musulmon jamiyatlaridagi asosiy muammo - demokratiyaga qarshilik, yakkahokimlik, oshkoralikka intilmaslik, mas’uliyatsizlik va haqiqatni tan olishdan bosh tortish.

"Obama", deydi Ayman Nur, "dunyoning bu qismlariga nisbatan siyosatini ana shu omillarga qarab belgilashi kerak".

Islomshunos olim Jon Esposito nazarida Obama musulmon davlatlar rahbarlari bilan ochiq gaplashishi, ularni ko’r-ko’rona quvvatlamay, xalqlar dardini tinglagan holda ish tutishi kerak.

“Chunki omma shuni istaydi. Ularning ko’pchiligi Amerika emas, aslida o’z hukumatlaridan norozi. Jamoatchilik dardini, fikrini aytishi uchun yo’l yo’q. Shu bois Obamaga katta umid bilan qarashmoqda”, - deydi olim.

Isroil-Falastin mojarosiga kelganda esa Obama vijdonan gapirdi degan sharhlar yangramoqda.

Falastin so’zlovchisi Nabi Abu Ridina “bizning xalqimizga bugungi nutq ma’qul”,- deya izoh bergan.

“Bu Amerika siyosatida yangi burilish va tabiiyki, biz umidga to’lamiz”,- deydi arab rasmiysi, Obamaning “Falastin mustaqil davlat bo’lishi shart" degan gaplariga ishora qilib.

Isroil hukumati "nutq yomon emas, yangi era boshlanmoqda" desa, bu davlatning ayrim gazetalarida Obama "sodda" va "idealist" deya tanqid qilingan.

Iordaniya malikasi Raniya fikricha Obama samimiy va uzoqni ko’zlab ish tutadigan kuchli arbob.

G’arbda, xususan Yevropada, Barak Obamaning shuhrati baland. Yevropa Ittifoqi uning maqsadlarini quvvatlashini, unga hamfikr ekanini bildirmoqda.

Markaziy Osiyo, 60 millonga yaqin musulmon yashovchi mintaqada Obamaning bugungi nutqi deyarli yoritilmagan. Jamoatchilik AQSh rahbarining musulmon ahliga murojaatidan bexabar ekanini aytmoqda.

Amerikaliklarning o’zi esa prezidentning islom dunyosi bilan bog’lanishga harakat qilayotganidan mamnun.

XS
SM
MD
LG