Breaking News

Isroilning qurilishni kengaytirish qarori tanqid ostida


Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilda qurilishlarni kengaytirishga qaror qilgani AQShning keskin tanqidiga uchramoqda.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, bu nafaqat Falastin bilan tinchlik muzokaralarini izdan chiqaradi, balki Isroil o’z xavfsizligiga o’zi raxna solmoqda.

Quddusning 1967 yili bosib olingan, asosan arablar yashovchi sharqiy qismida Isroil yana 900 ko’p qavatli binolar buyod etishini e’lon qildi. Obama ma’muriyati bu qarordan norozi.

“Isroil ham, Falastin ham bir tomonlama, tinchlik muzokaralarini izdan chiqaruvchi qarorlar qabul qilmasligi kerak”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi Yan Kelli.

1967 yilgi arab-Isroil urushidan keyin bosib olingan yerlarda, xalqaro qonunlarga ko’ra, Isroil uy-joy qurmasligi kerak. Bu hudud Isroil hududi deb tan olinmagan.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos “qurilish butunlay to’xtasagina muzokaraga qaytamiz, aks holda qayta saylanish niyatim ham yo’q”, deydi.

AQSh nazarida Isroilning so’nggi qarorlari Yaqin Sharq tinchligiga yana bir zarba. “Isroil hukumati Quddusda qurilishni va falastinliklar uyini buzishni bas qilishi lozim”, - deydi Yan Kelli.

Falastin bo’lajak poytaxti deb bilgan hudud - Quddus sharqida 180 mingdan oshiq yahudiy yashaydi. Isroil nazarida esa muzokara qay natija bilan tugashidan qat’iy nazar Quddus uning tasarrufida qoladi.

XS
SM
MD
LG