Yaqin Sharq tinchlik jarayoni boshi berk ko'chaga kirib qolgan bir paytda Falastin rahbariyati mustaqil davlat qurish g'oyasiga muzokaralar yordamida emas, BMT Xavfsizlik Kengashi madadi bilan erishmoqchi.
Falastin bosh muzokarachisi Soyib Erekatning aytishicha, Falastin Xavfsizlik Kengashidan Isroil roziligisiz yangi davlat barpo etishni ma'qullashni so'ramoqchi.
"Bu bilan falastinliklar umidlarini saqlab qolmoqchimiz," deydi u.
Isroil armiyasi radiosiga intervyu bergan Soyib Erekatning aytishicha, Isroilda hokimiyat tepasiga 8 oy burun Benyamin Netanyaxu kabi konservativ siyosatchilar kelganidan beri tinchlik jarayoniga ishonch ham, umid ham qolmadi. Falastin Isroil bilan muzokaralarni davom ettirishdan oldin bo'lajak Falastin davlati hududlarida yahudiy posyolkalari qurilishlarini to'xtatishni talab qilib keladi, ammo Netanyaxu bunga qisman rozi bo'lgan xolos.
1991 yilda boshlangan muzokaralar samarasiz ketdi, deydi Erekat.
"Isroil hukumati so'nggi 18 yildan beri yangi qurilishlar bilan ovora. Ular o'tgan yil dekabrida to'xtab qolgan muzokaralarni davom ettirmoqchi emas," deydi Falastin rasmiysi.
Isroil bosh vaziri o'rinbosari Silvan Shalom muzokaralarga shart va talablarsiz qaytamiz demoqda.
"Falastin bir tomonlama bayonot bilan hech narsaga erisha olmaydi," deydi u.
Unga ko'ra Falastin Isroil roziligisiz yangi davlat haqida ovoza qilganidan foyda yo'q va bu tinchlik jarayoniga zarar yetkazishi mumkin. Ammo falastinliklar fikricha jarayon mo'rt bo'lib qolgan.