Breaking News

Arab dunyosi Isroil-Falastin muzokarasiga ijozat berdi


Arab davlatlari Isroil va Falastinni muloqotga undab, AQSh olg’a surgan bu tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqda.

Arab Ligasi kecha Qohirada uchrashib, shunga kelishib olgan.

Majlisda qatnashgan Falastin rahbari Mahmud Abbos ham, Isroil rahbariyati ham bu chaqiriqlarni olqishlagan.

Tomonlar o’tgan yili G’azoda urush qilgan va shundan beri yuzma-yuz uchrashmay keladi.

Qo’shma Shtatlar bu ixtilofni tugatish yo’lida asosiy vositachi. Shu paytgacha bu taklifga ro’y-hush bermay kelgan Mahmud Abbos uchun Arab Ligasi qo’llab-quvvatlovi g’oyat muhim.

Arab tashqi ishlar vazirlari vositachi orqali o'tadigan bu muloqot uchun faqat to’rt oy muhlat bermoqda. “Oxiri yo’q majlislardan hech kim naf ko’rmaydi”, -deydi Arab Ligasi Bosh kotibi Amir Musa.

Isroil va Falastin qator masalalarda, jumladan, Iordan daryosining g’arbiy sohilida qurilayotgan yahudiy posyolkalari borasida tortishib keladi. Falastin hududni bo’lajak davlati uchun ko’zlab, qurilishni butunlay to’xtatishni talab qilmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qurilish ishlarini faqat vaqtincha bekor qilishga tayyor.

Amir Musa nazarida yahudiy davlati bu qaroridan voz kechmas ekan, muzokaralardan natija bo’lmaydi. “Oxiri masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirishga to’g’ri keladi”, deydi u.

1945 yilda tashkil topgan Arab Ligasiga Janubi-g’arbiy Osiyo, Shimoliy va Shimoli-sharqiy Afrikadan 22 davlat a’zo. Liganing maqsadi o’zaro hamkorlikni mustahkamlash, a’zo davlatlar mustaqilligi va arab manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG