Breaking News

G'azo olov ichida, sulh haqidagi chaqiriqlar ish bermayapti


Isroil hujumlaridan Xamas jangari guruhining yuqori lavozimli rasmiysi Abu-Zakariya al-Jamol halok bo’lgan. Shuningdek, G’azo shimolidagi masjid nishonga olinib, 10 kishi o’lgan.

Ayni paytda G’azo chegarasida Isroilning minglab harbiy va tanklari sektorga kirishga shay turgani xabar qilinmoqda. Xamas yetakchisi Xolid Mash’al Isroil askarlarini o’lim kutmoqda deb ogohlantirgan.

AQSh rahbari Jorj Bush nazarida zo’ravonlikda Xamas aybdor. Bush mojaro boshlanganidan beri ilk bor fikr bildirmoqda.

“Zo’ravonlikka chek qo’yish uchun Ga’zodagi terrorchi guruhlarga qurol-aslaha ta’minoti to’xtashi, buni nazorat qilish mexanizmini joriy etish zarur. Bir tomonlama sulh ish bermaydi”, - deydi prezident Bush.

Uning aytishicha, Ga’zoni kuch bilan bosib olgan Xamas Isroilga raketalar otib, avvalgi bitim shartlarini buzdi. Hududda gumanitar vaziyat og’ir. Hozirgacha 430 kishi o’lgan. Ammo Bush murojaatida Isroil hujumlarini to’xtatsin degan talab qo’ymagan.

“Oq uy Barak Obamaga vaziyat yuzasidan kerakli ma’lumotni yetkazib turibdi. AQShning Yaqin Sharqdagi maqsad-vazifalari hammaga ayon: ittifoqchilar, jumladan Isroil tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, erkin va demokratik Falastin davlati barpo etilishiga erishish”, - deydi Bush.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti nazarida AQSh Isroilga yon bosib, mojaroni to’xtatish uchun yetarli harakat qilmayapti. G’azo aholisi so’nggi bir yil ichida Isroil blokadasi ostida yashab kelayotgan edi. Urush hudud iqtisodiyotini tamoman izdan chiqardi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays dunyo rahbarlari bilan G’azodagi vaziyatni muhokama qilmoqda, biroq mintaqaga safar rejalanmagan. Bush ma’muriyatining muhlati oxirlab borarkan, ikki haftadan so’ng muammo bilan, tabiiyki, Barak Obama shug’ullana boshlaydi.

Qator arab mamlakatlarida Isroil hujumi va uning yaqin ittifoqchisi AQShni qoralagan namoyishlar davom etmoqda. Misr poytaxti Qohirada G’azo bilan chegarani ochishni talab qilgan namoyish ishtirokchilari hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG