G’azo sektori alanga ichida. Isroil Xamasga qarshi havo hujumlarini davom ettirarkan, bir yarim million aholi yashovchi hudud gumanitar yordamga muhtoj.
Bugun G’azoda 50 dan
oshiq falastinlik o’lgan. Urushning 11-kuni. Isroilning piyoda askarlar sektor
ichkarisiga intilmoqda. G’azo-Isroil chegarasida vaziyat fojiali deya tasvirlanmoqda.
Ayniqsa
qochqinlar yashovchi lagerlar vayron
bo’lgach, u yerda qancha odam halok bo’lgani, ayollar va bolalar ahvoli qanday
ekani haqida ma’lumot olish qiyinlashgan.
Isroil 130 jangarini o’ldirganini bildirmoqda.
Tibbiy xodimlar va BMT
rasmiylarining aytishicha, bugun Isroil otgan raketalardan biri maktabga
tushib, bir necha o’quvchi nobud bo’lgan. Hozirgacha harbiy harakatlar 560 dan
oshiq falastinlikni hayotdan olib ketdi va 2500 kishi turli jarohatlar bilan
kasalxonada. Isroil bugun to’rt askarini yo’qotgan.
Xamas jangarilari Isroilni nishonga olishni to’xtatmoqchi emas va guruh a’zolari hozirda oilalari bilan turishni ma’qul ko’rmoqda. Ular o’q ostida ekan, tabiiy, oilalar ham tahdid bilan yuzlashmoqda.
Xamas Isroil falastinliklarni qirmoqda desa, yahudiy davlat
harbiylari Xamasni oddiy fuqarolardan qalqon sifatida foydalanayotganlikda ayblamoqda.
Misr va G’azo orasida joylashgan Rafa shahri hozir insonparvarlik yordami markazi. U yerga olib kelinayotgan mahsulotlar astalik bilan urush jabrdiylariga yetkazilmoqda.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan misrliklarning aytishicha qo’shni xalq musulmon birodarlarga har qancha yordam berishga tayyor. Siyosat o’z yo’liga, deydi A’lo Mas’ud ismli misrlik, “lekin men kabi insonlar falastinliklarga bir burda bo’lsa-da, non yetkazishni burch deb bilaman”,- deydi u. A’lo Mas’ud hozir o’z insonparvarlik guruhini tuzib, G’azoga dori-darmon, oziq-ovqat olib kirish harakatida.
Iordaniyalik jarroh Muhammad Xovaldiyning aytishicha, yaqinsharqlik 20 shifokor falastinliklarga beg’araz yordam ko’rsatishga kelgan. Lekin ularni Isroil hozircha sektorga kiritmayapti.
“Biz hech qayerga
ketmaymiz”,- deydi jarroh.
“Xamasni yoqlamaymiz, ammo Isroil alamni falastinliklardan olar ekan, biz ularni yolg’iz qoldira olmaymiz”,- deydi Muhammad Xovaldiy.
Isroil insonparvarlik yordami uchun yo’l ochiq ekanini ta’kidlamoqda, ammo har bir shaxs izchil nazorat ostida.