Breaking News

Isroil Xamasni nishonga olyapti, ammo oddiy fuqarolar o'lyapti


Mana bir haftadirki, Isroil G'azoga havo hujumlarini to'xtatgani yo'q. Xamas ham Isroil janubiga raketalar bilan javob qaytarmoqda. Falastinliklardan 412 ga yaqin falastinlikning halok bo'lgani aytilmoqda. Isroil tomonidan ham qurbonlar bor.

Isroil samolyotlari vazirliklar, mahalliy parlament, politsiya mahkamasi, yer osti tunnelarini nishonga olgan. Xamas vakillariga ko'ra guruhning siyosiy rahbarlaridan biri Nizar Rayyan oila a'zolari bilan bombardirovkaga tushib o'lgan.

Falastinlik jurnalist Muhammad Davvasning Amerika Ovoziga aytishicha, Isroil hujumlarni kechasi ham to'xtatmagan.

Isroilga ko'ra uning hujumlari raketa otayotgan jangarilarga va Xamas infratuzilmasiga qaratilgan. Isroil tanklari va qo'shinlari G'azoga kirishga shay turibdi. Isroil va Xamas o'rtasida olti oylik sulh yaqinda tugagan edi. BMT kuzatuvchilariga ko'ra qurbon bo'lganlarning kamida 60 nafari oddiy fuqarolar, jumladan 30 dan ziyod falastinlik bolalar.

Muhammad Davvasning aytishicha, G'azo shahri bo'shab qolgan.

"Vaziyat juda og'ir. Oziq-ovqat kam. Non sotib olish uchun 3 soat navbatda turish kerak," deydi g'azolik jurnalist.

Isroil xalqaro hamjamiyatning hujumlarni bas qilish talabiga ko'nmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirasi Tsippi Livnining aytishicha, Xamasga zarba berilmoqda va u zaiflashmaguncha hujumlar to'xtamaydi.

Indoneziya, Afg'oniston va boshqa mamlakatlarda minglab odamlar namoyishga chiqib Isroil harakatlarini qoralagan. Dushanba kuni Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi Isroil, G'arbiy Sohil, Misr, Iordaniya Suriya va Livanga tashrif buyuradi.

XS
SM
MD
LG