Breaking News

Isroil G'azo bilan chegaraga qo'shin jo'natmoqda


Xalqaro hamjamiyat talabiga qaramay Isroil Xamasga qarshi harbiy harakatlarni to’xtatmoqchi emas.

G’azo bilan chegaraga piyoda qo’shin tortilmoqda. 6 kundan beri davom etayotgan urush natijasida hududda qariyb 400 kishi o’lgan. Isroil ham talofat ko’rgan.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi tomonlarga 48 soatlik sulh taklif qilgan edi, biroq Isroil bunga ko’nmagan.

Isroil rasmiysi Yariv Ovadiyaning aytishicha Xamas bilan murosa qilish mumkin emas.

“Xamasdan shu paytgacha ma’noli bir taklif yoki mulohaza chiqqani yo’q”,- deydi u. “Aksincha, guruh Isroilni yakson qilish qarorida qat’iy. Urushni Xamas boshladi, biz emas”,- deydi Isroil rasmiysi.

Isroil G’azoga 2 ming tonna oziq-ovqat va dori-darmon kiritishga rozi.

Jarohatlanganlarga Isroilda tibbiy muolaja taklif etilmoqda. Kecha G’azo sektorida hukumat idoralari, Misr bilan chegaradagi tunnellar portlatilgan.

Bu orada Xamas Isroilga raketa yog’dirishda davom etmoqda. Isroilning Ashkelon, Sderot, Ashdod va Birsheba shaharlari o’qqa tutilgan.

Xamas vakili Favzi Barxum deydiki, musulmon va arab dunyosi birlashib, Isroil agressiyasini tugatishi kerak. “G’azoni tiklashga ko’maklashing”,- deydi u.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bugun Parijda Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni bilan uchrashib, uni tinchlik bitimi imzolashga undamoqda. Sarkozi kelasi hafta Isroil va Iordan daryosining g’arbiy sohiliga safar rejalagan.

Masala BMT Xavfsizlik Kengashida muhokamada.

Bu orada Misr G’azo bilan chegarani to’liq ochishdan bosh tortmoqda. Hozircha hududga faqat gumanitar yordam, dori-darmon, oziq-ovqat kiritilmoqda.

“Sektor Falastin prezidenti Mahmud Abbos nazorati ostiga o’tsagina, chegarani ochamiz”, deydi Misr rahbari Husni Muborak.

2007 yilning yozida Xamas G’azoni kuch bilan egallab, Mahmud Abbosga bo’ysunmay qo’ygan. Abbos hozircha faqat Iordan daryosining G’arbiy sohilida hukmron.

Misr prezidenti Isroil hujumini qoralar ekan, “zidlik bilan sulh tuzilsin; Isroil Falastin xalqining haq-huquqi, g’ururini poymol qilmoqda”, deydi.

O’tgan hafta Isroil va Xamas o’rtasida 6 oylik sulh nihoyasiga yetgan. Tomonlar bir-biriga to’xtovsiz o’q yog’dirmoqda.

Arab davlatlari bugun vaziyatni muhokama qilish uchun Qohirada yig’ilgan. Falastin xalqi o’zaro murosa qilmasa, tashqi dunyo yordam qilishi dargumon, deydi ular.

Prezident Mahmud Abbosning Fath partiyasi va Xamas guruhi muloqot boshlashi kerak, deydi Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri, shaxzoda Saud al-Faysal.

Britaniya esa G’azo sektoriga 10 million dollar yordam va’da qilgan. Qo’shma Shtatlar hududga 85 million dollar jo’natmoqda.

Isroil Bosh vazir Yahud Olmert fikricha, hozir sulh mavridi emas. Isroil janubi xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilsak, keyinroq otishmani toxtatishimiz mumkin, biroq hozir emas, deydi Olmert.

XS
SM
MD
LG