Isroil harbiylari bugun BMTning G’azodagi idorasini o’qqa tutib, 3 kishini yaralagan. Mintaqaga safar qilib, Isroil va Falastin rasmiylari bilan muloqot qilayotgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hujumni qoralamoqda.
Guvohlarga ko’ra, Isroil tanklari ilk bor G’azo shahrining aholi zich joylashgan hududlariga kirib borgan. Kasalxona, yuqori qavatli binolar va ommaviy axborot vositalari joylashgan inshootlar vayron bo’lib, bir necha mahalliy jurnalist jarohat olgani ma’lum.
Zo’ravonlik uchinchi davom etar ekan, G’azoda o’lganlar mingdan oshiq, yarmi oddiy aholi vakillari. 300 nafari bolalar. Isroil 13 fuqarosidan ayrilgan. BMT bosh kotibining mintaqaga tashrifi hamda Misrda o’tayotgan muzokaralarga qaramay, zo’ravonlik kuchayayotgani seziladi.
Falastinlik jurnalist Muhammad Davvos “Amerika Ovozi”ga vaziyatni tasvirlar ekan, tuni bilan davom etgan portlashlar tongda yanada kuchaydi deydi.
“Isroil tanklarini shahari ichida ko’rish mumkin. Minglab odamlar uyini tashlab qochishga urinmoqda, biroq G’azoning biror nuqtasini xavfsiz deyish qiyin”.
Hatto yuzlab qochqinlar uchun boshpana vazifasini o’tayotgan BMT idorasi ham, rasmiylarning aytishicha forforli bombalar bilan nishonga olingan. Isroil Mudofaa vaziri Yaxud Barak voqeani “jiddiy xato” deb, uzr so’ramoqda.
Fosforli bombalar odatda piyoda qo’shin harakatlarini dushman ko’zidan yashirish uchun qo’llanadi. Biroq Human Rights Watch tashkilotiga ko’ra bu qurol tinch aholiga ham jiddiy jarohat yetkazadi va aholi punktlarida qo’llanayotgani jinoyatdir.
BMTning urushni darhol to’xtatish haqidagi chaqirig’ini ham Isroil, na Xamas rad etgach, hozirda butun diqqat-e’tibor Misrda kechayotgan muzokaralarda. Unda har ikki tomondan vakillar qatnashmoqda.
Vositachilar Isroil-Xamas o’rtasida dastlab vaqtincha, so’ng uzoq muddatli sulhga erishmoqchi. Shuningdek, Xamas talab qilganidek G’azo chegaralarini ochish, Isroil harbiylarini hududdan chiqarib, xalqaro kuzatuvchilarni kiritish rejasi muhokamada.