Isroil G’azo mintaqasida harbiy harakatlarni to’xtatib, sulh e’lon qildi. Uning ketidan Xamas guruhi ham jangni to’xtatib, Isroilga mintaqani tark etish ichun bir hafta muhlat bergan.
Falastinlik shifokorlar berayotgan ma’lumotga ko’ra, 22 kun davom etgan urush 1200 kishining yostig’ini quritgan, aksariyati oddiy odamlar.
Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert mamlakat armiyasi G’azoda belgilangan maqsadlarga to’la erishganini aytgan. Ya’ni Xamas guruhining Isroilga raketa hujumlarini to’xtatish, qayta qurollanishining oldini olish hamda Xamasga Misrdan qurol-aslaha yetkazuvchi tunnellarni yo’q qilish maqsad qilingan edi.
Ammo bu e’londan bir necha soat o’tmay, Xamas Isroilning Sderot shahriga kamida 12 raketa otgan. G’azo shimolida ham otishma davom etyapti. Xamas yetakchilari Isroildan G’azoni tark etishni va chegarani ochishni talab qilmoqda.
Isroil vazirlar mahkamasi yig’ilishida, Bosh vazir Yaxud Olmert G’azo aholisi ko’rgan ziyon-talofatlar uchun hukumat nomidan uzr so’ragan. “G’azoni tiklashda yordamlashamiz, gumanitar ko’mak yetkazamiz”, - deydi Olmert.
G’azoda urush jinoyatlari sodir etilgani va Isroilni javobgarlikka tortish chaqiriqlari tobora balandroq yangramoqda. Va’dalarga qaramay, Isroil aviatsiyasi BMTga tegishli maktabni takroran nishonga olib, ikki bolani o’ldirgan. Bir necha kun ilgari BMTning G’azodagi dori-darmon va oziq-ovqat omborxonasi Isroil raketasidan barbod bo’lgan edi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroil tashkilot binolarini nishonga olmaslik va’dasini buzganini aytib, hujumlarni tanqid qilgan. “Voqea tergov qilinib, javobgar shaxslar jazolanishi kerak”, - deydi Pan Gi Mun.
Bugun dunyo rahbarlari Misrda to’planib, G’azodagi vaziyatni muhokama qilyapti. Sammitda Isroil va Xamas vakillari ishtirok etmayapti.